Abdulla Nurali oʻgʻli (1874-1957-yillar Qashqadaryo viloyati Kitob tumani Qaynar qishlogʻi) – baxshi-shoir. Oʻzbekiston xalq dostonchisi (1938-yil). Yoshligidanoq choʻponlardan doʻmbira chertishni oʻrgangan. Hayoti Abdulla shoirning hayoti va ijodi haqida soʻz yuritganda, eng avvalo, uning „Doʻmbiram“ sheʼridagi misralarni eslamoq joizdir:

Joyim Qaynarbuloq, togʻlar orasi, Oʻzim Nurali podachining bolasi.

Oddiy kambagʻal oilasidan chiqqan Abdulla yoshligini shunday eslaydi: „Toʻqqiz yoshimda otam oʻldi. Sherali, Poʻlat degan akalarimning qaramogʻida qoldim. Yorboy degan boy yiliga bir botmon bugʻdoy beraman, deb akalarimdan meni oʻziga yetimlikka oldi. Oʻn olti yoshga yetganimda Yorboyning bosh choʻponi boʻlib, yetimlik haqimni oʻzim oladigan boʻldim. Doʻmbira chertish, termalar aytishni choʻponlik paytlarimda mashq qilar edim. Yillar oʻtib borar, men toʻylarda baxshi shoirlardan eshitganlarimni takrorlab, doʻmbira mashqiga solib yurar edim. Bashir qishlogʻida katta toʻy ekan, xoʻjayinimdan soʻrab oʻsha toʻyga bordim. Shu toʻyda Rajab shoirga yaqin boʻlib, unga shogird tutindim, u bilan toʻy-maʼrakalarda ishtirok qilib yurdim“Boynazar Yoʻldoshev Qashqadaryo adiblari asari. Oltin nashr nashriyoti. Toshkent, 2020-yil. ISBN:978-9943-6333-0-8.18-bet . Ijodiy faoliyati XIX asr 2-yarmi va XX asr boshlarida yashagan Shahrisabz dostonchilik maktabining yirik vakili Rajab shoirga shogird tushdi. Undan dostonchilik yoʻllarini oʻrgandi va 25 yoshida mustaqil dostonchi boʻlib yetishdi. 1937-yilda Moskvada oʻtkazilgan oʻzbek adabiyoti dekadasiga va 1938-yilda Toshkentda boʻlib oʻtgan xalq ijodchilari olimpiadasiga qatnashib, muvaffaqiyatga erishdi. „Alpomish“, „Saydimxon“, „Malika ayyor“, „Avazxon“, „Hilomon“, „Qironxon“, „Kuntugʻmish“, „Yusuf bilan Ahmad“ kabi xalq dostonlarini kuylagan, zamonaviy mavzularda termalar yaratgan. U qahramonlik dostonlarini shoʻx aytishi, kuylarining yoqimliligi bilan boshqa dostonchilardan ajralib turganOʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil. Asarlari Abdulla shoir yaratgan termalar mavzu jihatdan nihoyatda rang-barangdir. Uning „Goʻroʻgʻli tilidan“, „Navroʻz“, „Shuni aytadi“, „Unutmagin“, „Terim polvoni“, „Aytishuv“, „Koʻchma, elim“, „Kuylarim“, „Doʻmbiram“, „Otangman“, „Choʻpon qoʻshigʻi“, „Zamon bu“, „Dangasa“, „Yo ramazon“ kabi termalari „Kunlarim“, „Jongul va Ali“, „Mardonning doʻsti“ kabi dostonlari xalqimizning bebaho mulkiga aylanib qolgan. Shoirning juda koʻp termalarida vatanparvarlik, insoniylik ulugʻlanadi, qahramonlikka daʼvat etiladi, qoʻrqoq va xoinlar, el boyligini talovchilar ayovsiz fosh etilganBoynazar Yoʻldoshev Qashqadaryo adiblari asari. Oltin nashr nashriyoti. Toshkent, 2020-yil. ISBN:978-9943-6333-0-8. 19-bet.

Manbalar

Havolalar Surxondaryo xalq dostonchilik anʼnalari va ularning etnografiyasi Abdulla Nurali oʻgʻli haqida maʼlumotlar

Turkum:1874-yilda tugʻilganlar Turkum:1957-yilda vafot etganlar Turkum:Oʻzbekistonlik erkak shoirlar Turkum:Oʻzbekiston xalq dostonchilari