Sulton mirhaydar majmuasi — Qashqadaryo viloyati Kasbi tumanida joylashgan meʼmoriy yodgorlik (XV—XVI asrlar). Yodgorlik majmuasi Sulton Mir Haydar maqbarasi, uch gumbazli qilib qurilgan mavzoley, chillaxona, Said Mir Moʻmin Samarqandiy maqbarasi, ayvon, minora, qishgi va yozgi masjidlar hamda ikkita sardobadan tarkib topgan.
Nomlanishi Inshoot nomi Saidlar avlodidan boʻlgan Mirhaydar ismli shaxs bilan bogʻliq. Sulton Mir Haydar Sulton Mir Haydar 1275-yilda tugʻilgan. Uning asl ismi Hoja Shamsiddin ibn shayx Jamoliddin boʻlgan. Shuningdek, Sulton Mir Haydar Muhammad paygʻambarning nabirasi Husaynning avlodlaridan hisoblanadi. Mazkur shaxs hadisshunos, fiqh va tasavvuf ilmini puxta egallagan olim hisoblanadi. Bu inson Amir Temurning piri Mir Said Barakaning bobosi hisoblanadi. U XIV asrda Makkadan Naxshab viloyatiga islom dinini tarqatish maqadida tashrif buyuradi va shu yerda taxminan 1365—1366-yilda (hijriy 766-yil) vafot etadi.
Joylashuvi Sulton Mirhaydar majmuasi Kasbi shahristoni harobalarining gʻarbiy qismida joylashgan. U janubdan shimolga qarab 100-120 metr uzunlikka choʻzilgan maydonni egallab olgan. Majmua ikki tomondan qabristonlar bilan oʻralgan. Shu sababli atrofi devor bilan oʻrab olingan. Majmua ikki qismdan tarkib topgan.
Qurilishi Sulton Mir Haydar maqbarasi Amir Temur tomonidan barpo etilgan.
Tuzilishi Majmua (maydoni 90 x 40 metr) yopiq va yarim ochiq binolar, 3 hovlidan iborat. Keng sahnli janubiy hovlidan qator ustunli masjidga (XVI asrda bunyod etilgan) kirib, undan oʻrtadagi hovliga oʻtiladi. Hovlining shimoliy va sharqiy tomonidan qadimiy maqbaralar, janubiy va gʻarbiy tomonida ayvon (XVI asr) joylashgan. Ayvon (maydoni 11,6 x 6,6 metr) ning gʻarbiy devori yoqalab oʻtgan yoʻl shimoliy hovliga olib boradi. Hovlida XIV—XVI asrlarga oid marmar sagʻanalar mavjud. Maqbara jami 3 ta xonadan iborat. Xonalar chor qirrali taxmon va ravoqlarga ajratilgan. Devorlaridagi kichik mehrobi 3 tokcha oraligʻida chiroqlar uchun tutun yoʻli ishlangan. Ravoqlarning burchak bagʻallari mayda muqarnaslar bilan bezatilgan. Birinchi maqbara (maydoni 3,3 x 3,3 metr)da Said amir Shamsiddinbek alhoji Haydar sagʻanasi saqlangan. Sagʻana toʻq kulrang tusli marmardan ishlangan. Unda hijriy 897-yil (milodiy 1491-yil) sanasi qayd etilgan. Ikkinchi maqbara (maydoni 5 x 5 metr)da shaxsi nomaʼlum boʻlgan insonlarga tegishli 3 ta sagʻana bor.
Bu sagʻanalardan birinchisi Amir Temur davrida, ikkinchisi Shayboniyxon avlodi Abdullaxon II davrida qoʻyilgan.
Maqbara gumbazli, burchaklariga 5 qirrali gʻishtin muqarnaslar terilgan. Oʻrtadagi hovlining sharqiy tomonida alohida qurilgan Axliboy maqbarasi (maydoni 4,4 x 4,4 metr) ham XIV asrga oid deb taxminan qilinadi. Masjidda namozgoh (maydoni 20 x 9,6 metr) janubdan maqbara bostirmasiga tutashgan. Undagi bezaklar XIII—XIX asrlarga oiddir. Masjidning oʻrta qismi keng qator ustunli, bosh tarzi yassi peshtoqli, pastak gumbazli qalqonsimon bagʻallarga tayangan. Devoridagi tokcha burchaklari ravoqli, qirrali qilib bezatilgan. Masjid oldidagi minora (balandligi 8,5 metr) eski binolari gʻishtidan qurilgan (19 asr oxiri — XX asr boshlari), koʻrinishi pastdan yuqoriga qarab ingichkalashib borgan, tepasi mezanali qilib bunyod etilgan. Lekin unga ishlatilgan gʻishtlar XIII asrga tegishli boʻlib, Kasbi shahristonidagi boshqa inshootdan olingan. Pastki qismi bir necha bor taʼmirlangan. Muhofazaga olinilishi Sulton Mirhaydar majmuasi Qashqadaryo viloyati madniy meros boshqarmasi tasarrufiga olingan. Majmua davlat himoyasida. Adabiyotlar
Manbalar
Turkum:Oʻzbekiston meʼmoriy yodgorliklari Turkum:Qashqadaryo meʼmoriy yodgorliklari