Tibbiyot, tabobat — kishilar sogʻligʻini saqlash va mustahkamlash, umrni uzaytirish, kasalliklarning oldini olish, davolash haqidagi bilimlar va shu sohadagi amaliy tadbirlar majmui.

Tarmoqlari thumb|181x181px thumb|Xalqaro qizil xoch va qizil yarim oy jamiyati

Tibbiyot tibbiy biologik, klinik, tibbiy ijtimoiy va gigiyenik fanlarga boʻlinadi. Tibbiy biologik fanlarga: odam gavdasining tuzilishini oʻrganadigan anatomiya, gistologiya va sitologiya; organizmning odatdagi holatini, unda kasallikning paydo boʻlishi, avj olishi, kechishi va yuz beradigan struktur hamda funksional oʻzgarishlarni oʻrganadigan normal fiziologiya va biokimyo; patologik anatomiya va patologik fiziologiya; organizmga dorilar taʼsirini oʻrganadigan umumiy va klinik farmakologiya, shuningdek, mikrobiologiya, virusologiya va parazitologiya, tibbiyot genetikasi va boshqa kiradi. Odam kasalliklari, ularni davolash va oldini olishni oʻrganadigan klinik fanlar asosiy davolash usuliga koʻra, terapiya va xirurgiyaga boʻlinadi. Tibbiyotning ushbu qismlari ham, oʻz navbatida, maʼlum organ, sistemalar kasalliklarini atroflicha oʻrganishi, yoʻnalishi boʻyicha turli sohalarga boʻlinadi. Masalan, terapiyada kardiologiya, revmatologiya, nefrologiya, gastroenterologiya, gematologiya, geriatriya, ftiziatriya, pediatriya, nevrologiya, psixiatriya, dermatologiya va venerologiya, kurortologiya, fizioterapiya, rentgenologiya, terapevtik stomatologiya; xirurgiyazya, umumiy xirurgiyadan tashqari, akusherlik va ginekologiya xirurgiyasi, travmatologiya va ortopediya, anesteziologiya, reanimatologiya, neyroxirurgiya, onkologiya, urologiya, otorinolaringologiya, oftalmologiya xirurgiyalari ajratiladi. Klinik fanlarning har birida bemorni tekshirish va kasallik belgilari semiotikasini aniqlash usullari boʻlimi bor.

Tashqi muhitning organizmga taʼsiri va aholi sogʻligʻini muhofaza qilish tadbirlarini oʻrganadigan tibbiy-ijtimoiy va gigiyenik fanlarga ijtimoiy gigiyena hamda sogʻliqni saqlashni tashkil etish, umumiy gigiyena, bolalar va oʻsmirlar gigiyenasi, kommunal gigiyena, ovqatlanish gigiyenasi, radiatsion gigiyena, mehnat gigiyenasi, epidemiologiya va tibbiyot geografiyasi, shuningdek, tibbiyot etikasi va deontologiyasi kiradi.

Tibbiyotning bunday boʻlinishi shartli, chunki ijtimoiy jarayonlar barcha tibbiyot fanlariga, shuningdek, ilmiyamaliy sohalar (harbiy tibbiyot, kosmik tibbiyot, sport tibbiyoti, sud tibbiyoti va boshqalar)ga bevosita taalluklidir. Tibbiybiologik fanlar uchun xarakterli boʻlgan eksperimental usul esa klinik va gigiyenik Tibbiyot sohasiga xam keng kirib bormoqda. Tibbiyot tabiiy fanlar (biologiya, fizika, kimyo) va ijtimoiy fanlar hamda texnika bilan chambarchas bogʻlangan.

Tarixi

Qadimgi tibbiyot thumb

Zamonaviy Tibbiyotning kelib chiqishi, taraqqiyot bosqichi koʻhna tarixning turli davrlaridagi dunyoqarashlarni oʻz ichiga oladi. Maʼlumki, turli kasalliklar, ularni davolash va oldini olish haqidagi bilimlar asosi qadimdan kishilarning tajriba va kuzatishlariga bogʻliq boʻlgan.

Tibbiyotning xalq tabobatidan mustaqil fan darajasiga koʻtarilishida qadimgi Misr, Bobil tibbiyoti, Gippokrat va Lmenning muhim oʻrni bor. Gippokrat kasalliklarni aniklash, bemorning hayoti va faoliyatiga tashqi muhitning taʼsirini oʻrganish, xastalikning kelib chiqish sabablarini topish va davolashda bemor organizmining oʻziga xos xususiyatlarini bilish kabi masalalar bilan shugʻullangan. Galen esa birinchi boʻlib organizmdagi aʼzo va sistemalarning tuzilishi hamda funksiyalarini, asosan, hayvonlar (maymunlar) organizmida tajriba qilib oʻrgangan. Uning anatomiya va fiziologiyaga doir asarlari to XVI asrgacha Tibbiyotning asosi boʻlib xizmat qildi.

Oʻrta Osiyo tibbiyoti tarixi

Oʻrta Osiyo va umuman Sharqda tabobat ayniqsa, rivoj topdi. Shu davrda yunon, sanskrit va boshqa qadimgi Sharq tillarida yozilgan tibbiyotga doir asarlarning koʻpchiligi, jumladan, Aristotel, Dioskorid va Galenning dorishunoslikka oid asarlari suryoniy va arab tillariga tarjima qilindi. Galenning „Qivo al adviya al mufrada“ („Sodda dorilarning quvvatlari“) va Badigʻursning „Al Abdal al adviya al mufrada“ („Sodda dorilarning oʻrniga oʻtuvchilar“) kabi kitoblari ilk bor mashhur tabib va tarjimon Hunayn ibn Ishoq al Ibodiy (809— 877) tomonidan tarjima qilindi. Sharqda Abu Hanifa ad Dinavoriy (815 yil tugʻilgan) „Kitob finnabot“ („Oʻsimliklar haqida kitob“)ni yaratib, unda 482 xil oʻsimlikning dorilik xususiyatlarini bayon etdi. Abu Rayhon Beruniyning „Kitob as saydana fi t tib“ („Tibbiyotda dorishunoslik“) asari oʻsha davr tibbiyotining eng katta yutugʻi hisoblanib, Oʻrta Osiyoda dorishunoslik ilmi — saydanaga asos boʻldi. Abu Bakr ar Roziyning tabobat sohasidagi asarlari umuman jahon tibbiyotining rivojlanishi, boyishida gʻoyat ulkan ahamiyat kasb etdi. Olimning tibbiyot ensiklopediyasi xisoblangan 25 jildli „Al Jomiʼ al kabir va qad urifa bil Hoviy“ („Al Hoviy nomi bilan tanilgan katta toʻplam“ yoki „Tibbiyotga oid bilimlar majmuasi“) asari shu davrgacha Gʻarb va Sharq Tibbiyotida qadrli boʻlib keldi; 10 jildli „Tabobat kitobi“ hamda „Chechak va qizamiq haqida“gi kitobi ham Tibbiyotda mashhur edi.

Oʻrta asrda Abu Ali ibn Sino Tibbiyotning rivojlanishiga katta hissa qoʻshdi. Uning „al Qonun fit tib“ (qarang "Tib qonunlari") asari asrlar osha jahon tabobatida asosiy qoʻllanma boʻlib kelmoqda. Bu asar Tibbiyotning asosiy sohalari: anatomiya, fiziologiya, patologiya, terapiya, dorishunoslik, gigiyena va boshqalarni qamrab olgan. Isitma, oʻlat, chechak, qizamiq kabi yuqumli kasalliklarni qandaydir koʻzga koʻrinmas jonivorlar qoʻzgʻatishi toʻgʻrisida fikr yuritgan. U buyrak toshlarini operatsiya qilib olib tashlash, traxeotomiya qilish, jarohatlarni davolash usullari haqida yozadi. Ibn Sinoning bizgacha yetib kelgan eng muhim asarlaridan yana biri „alAdviya alqalbiya“ („Yurak dorilari“)dir. Unda olim yurak kasalligida qoʻllanadigan (oʻzi topgan) dorilar haqida yozadi.

Taniqli tabib Abu Mansur tibga oid „Majmuʼayi kabir dar adviyat mufrada“ („Sodda dorilar haqida katta toʻplam“), „Risola dar iloji amrozi sadr“ („Koʻkrak kasalliklarining davosi haqida risola“), „Kitob gʻuno va muno“ („Maqsadlarni mukammal bayon qilgan kitob“) kabi asarlar yozgan. Bularda ichki kasalliklar, teri kasalliklari, isitmabezgak kasalligi, ularga qarshi dorilar va davolash usullari bayon etilgan.

Sharafutdin Abu Abdulloh Muhammad ibn Yusuf Iloqiy ham kasalliklarning kelib chiqishi, sabablari, belgilari, ularni aniklash va davolashga oid koʻp bilimlar sohibi boʻlgan.

Oʻsha davrning yirik tabiblaridan biri Badriddin Samarqandiy Muhammad ibn Bahrom Qalonisiy har xil kasalliklarga qarshi murakkab dorilar tayyorlab tajribada sinab koʻrgan.

XIII asrning mashhur tabiblaridan biri Abu Homid Muhammad ibn Ali ibn Umar Najibuddin Samarqandiy „Agʻziyat almarzo“ („Kasallar isteʼmol qiladigan ovqatlar“) nomli kitobida har bir kasallikda qanday taom isteʼmol qilinishi va qaysi ovqatlardan ehtiyot boʻlish lozimligi, shuningdek, ovqatlarning dorilik xususiyatlari haqida yozgan.

40 yildan ortik, tabobat ilmi bilan shugʻullangan Sulton Ali tabib Xurosoniy (XV—XVI asr) oʻz tajribalari asosida 2 asar yozgan. Ulardan biri „Dastur al iloj“ („Kasallarni davolash boʻyicha qoʻllanma“)dir. XV—XVI asrlarda Hindistonda yashab ijod etgan xirotlik tabib Yusuf ibn Muhammad ibn Yusuf Yusufiy al Haraviy tibbiy asarlari va amaliy ishlari bilan Oʻrta Osiyo, Xuroson va Hindistonda tabobatning yana ham taraqqiy etishiga oʻz hissasini qoʻshdi.

Abdulgʻozixon ibn Arab Muhammadxon Xorazmiy (1603-1664) muhim tibbiy asarlari, jumladan, eski oʻzbek tilida yozilgan „Manofiʼ alinson“ („Inson uchun foydali dorilar“) nomli asari bilan mashhur.

XVIII asrning ikkiyarmi va XIX asrning biryarmida Xorazmda yashab ijod etgan oʻzbek tabibi Jaʼfarxuja ibn Nasruddinxoʻja al Husayniy al Karukiy Hazoraspiyning oʻzbek tilida yozilgan „Multaqiy at tib“ („Tibbiy maʼlumotlar toʻplami“) asari (1823) 67 bobdan iborat boʻlib, unda asosan, kishi aʼzolarining har xil kasalliklari va ularni dorilar bilan davolash usullari bayon kilingan.

Mashhur oʻzbek tabibi Mahmud Hakim Yayfoniy Hoʻqandiy (1851-yilda tugʻilgan) umrining koʻp qismini tabobatni oʻrganishga va kishilar sogʻligʻini saqlashga sarfladi. U oʻz davrigacha boʻlgan sharq tabobati qoʻlga kiritgan yutuqlarni jamlab hamda shaxsiy tibbiy tajribalari bilan boyitgan qolda „Qonun aliloj“ („Davolash krnuni“) va „Tariq aliloj“ („Davolash usuli“) kitoblarini yozib krldirgan. Ularning ikkinchisida oʻpka, yurak, sut bezi, meʼda, jigar, ichak, buyrak, qovuq va isitma kasalliklari, shishlar, toshmalar, moʻy va tirnoqqa oid xastaliklar, jarohat va yaralar; suyaklarning sinishi, zaharlar, zaharli hayvonlar chaqqanida davolash va baʼzi ruscha nomdagi dorilar keltirilgan.

Bositxon Zohidxon oʻgʻli oʻz ijodida Beruniy, Roziy, Ibn Sino, Iloqiy, Qumriy va Samarqandiylarning asarlaridan keng foydalangan. Bizgacha uning oʻzbek tilida yozilgan 3 asari yetib kelgan.

Oʻrta Osiyoda qadimdan dorivor oʻsimliklar va ovqatli moddalarning xususiyatlari, ularning kishi organizmiga yetkazadigan foyda va zararlari oʻrganilgan. Natijada xalq qoʻlida astasekin Tibbiyotga oid koʻpgina maʼlumotlar yigʻilib borgan. Ular esa keyinchalik tibbiy asarlar yaratishda muqim manbalardan biri boʻlgan.

Yevropa tibbiyoti tarixi

Yevropada Uygʻonish davrida Tibbiyot yangidan ravnaq topdi. XVI asrda koʻpgina fanlar, ayniqsa, Tibbiyot, fizika va kimyoning rivojlanishi kasalliklarni davolash, sababini bilishda bu fanlarning qonunlaridan foydalanish imkonini berdi. Xirurgiyada, ayniqsa, jarohatlarni davolashda yangi usullar joriy qilindi. Anatomiyaning asoschisi A. Vezaliy murdani yorib tekshirish bilan odam organizmining tuzilishi va organlar faoliyatini ilmiy jihatdan aniq asoslab berdi. Ingliz vrachi V. Garvey qon aylanish sistemasi haqida asar yaratib, Tibbiyotda yangi boʻlim — fiziologiyaga poydevor qoʻydi. Fizikaning taraqqiyoti natijasida bu davrda mikroskop kashf etiddi va undan Tibbiyotda foydalanila boshlandi. Gollandiyalik olim Antoni Levenguk tomonidan mikroskopiyaning rivojlantirilishi mikrobiologiya sohasining shakllanishiga sabab boʻldi.

XVII—XVIII asrlarda sanoatning rivojlanishi natijasida kasb kasalliklari haqidagi soha vujudga keldi. Bunday kasalliklar sababini dastlab rossiyalik olimlar oʻrganib, Tibbiyotga yangi — kasb kasalliklari hamda mex.nat gigiyenasi boʻlimlarini kiritdilar. Keyinchalik tabiiy fanlar va texnika soqasidagi tadqiqotlar doirasi yanada kengaydi. Tabiiy fanlarning yutuklari Tibbiyot taraqqiyotiga ijobiy taʼsir koʻrsatdi, bemorni obyektiv tekshirish usullari (palpatsiya, perkussiya va boshqalar) va lab. diagnostika asoslari ishlab chiqildi. Klinik tekshiruv natijalarini, murdani yorib tekshirishda olingan maʼlumotlar bilan taqqoslash usuli (A. I. Polunin, N. I. Pirogov va nemis olimi R. Virxov va boshqalar) kasallik belgilari organ va toʻqima hamda hujayralarning tuzilishidagi oʻzgarishlarga bogʻliq ekanligini isbotlashga imkon berdi, bu tadqiqotlar natijasida keyinchalik Tibbiyotning yana bir yangi boʻlimi — patologik anatomiya va gistologiya sohalari vujudga keldi.

Energiyaning saqlanish va oʻzgarish qonunlari kashf etilishi, organik moddalarning tuzilishi, oʻzgarish va almashinuv yoʻllarini oʻrgana borish biologiya va Tibbiyotning taraqqiyotida muhim bosqich boʻldi, fiziologik hodisalarni tushuntirib bergan ilmiy yoʻnalish oʻsha qonunlarga asoslandi.

XIX asr tibbiyoti tarixi