Ozarbayjon Xalq Jumhuriyati (ozar. آذربایجان خلق جمهوریتی) yoki Ozarbayjon Demokratik Respublikasi (Qisqacha nomi: Ozarbayjon Jumhuriyati yoki Ozarbayjon Respublikasi) — Ozarbayjon xalqining Chor Rossiyasiga qarshi Milliy ozodlik kurashi natijasida I jahon urushi davrida Shimoliy Ozarbayjonda tuzilgan mustaqil davlat va Musulmon Sharqida ilk parlament respublika. Poytaxti avval Ganja, keyin Boku shahri boʻldi. Ozarbayjon Demokratik Respublikasining paydo boʻlish davrida Janubiy Kavkazda ozarbayjonlar yashagan hududlar taxminan 150 ming kv.km ga yaqin edi. 1918-yilda Janubiy Kavkazda mustaqil davlatlar paydo boʻldi, qadimgi Ozarbayjon tuproqlarining bir qismida Armaniston Respublikasi yaratildi. Ozarbayjon Demokratik Respublikasi hukumati Ozarbayjonning qadimgi madaniyat markazlaridan biri boʻlgan, sobiq Irevan xonligi poytaxti hisoblangan Irevanni ham armanlarga berib yuborishga va uni yangi tuzilgan Armaniston Respublikasining „Siyosiy markazi“ sifatida tan olishga majbur boʻldi. Shunday qilib, Janubiy Kavkaz respublikalari orasida chegara masalalari qisman tartibga solingach, Ozarbayjon Demokratik Respublikasi Janubiy Kavkazdagi tarixiy Ozarbayjon yerlarining 113,9 ming kv. km-ni qamrab olardi. Ozarbayjon Demokratik Respublikasi aholisi 3,3 milliondan koʻp edi.
Davlat hokimiyati uch qismdan iborat edi: Ozarbayjon Parlamenti, Hukumat, sud hokimiyati. Davlat parlament qabul qilgan qonun va qarorlar asosida boshqarilardi. Parlamentda Ozarbayjon hududida yashagan barcha xalqlar, shu jumladan, miqdor jihatdan oz boʻlgan xalqlar ham oʻz deputatlari bilan ishtirok eta olardilar. Ijro hokimiyati Hukumatga tegishli edi. Hukumat Parlamentga tobe edi. Ozarbayjon Demokratik Respublikasi hukumati 1918-yil 28-maydan 16-iyungacha Tbilisida, 16-iyundan 17-sentabrgacha Ganjada, 17-sentabrdan 1920-yil 28-aprelgacha Bokuda faoliyat koʻrsatdi. Ozarbayjon Demokratik Respublikasi Parij Bitim Konferensiyasi qaroriga asosan mustaqil davlat sifatida tan olingandi. Dunyoning bir qancha mamlakatlari bilan elchilik va konsullik miqyosida diplomatik munosabatlar oʻrnatgan, ikki tomonlama va koʻp tomonlama bitimlar, shartnomalar tuzilgandi. Ozarbayjon Demokratik Respublikasi mustaqil sud tizimining tuzilishida ham muhim chora-tadbirlar amalga oshirilgandi.
Ozarbayjon Demokratik Respublikasi 1920-yil 28-aprelda xalqaro huquq normalarini qoʻpol ravishda buzgan RSFSR ning harbiy harakatlari natijasida yoʻq qilindi. Shimoliy Ozarbayjon rus-bolshevik qoʻshinlari tomonidan bosib olindi va qaytadan Rossiyaga boʻysundirildi. 1991-yilda Sovet Sotsialist Respublikalari Ittifoqi parchalanishi natijasida Ozarbayjon xalqi Shimoliy Ozarbayjonda davlat mustaqilligini qayta tikladi. Ozarbayjon Respublikasi Ozarbayjon Demokratik Respublikasining vorisi hisoblanadi.
Tarix
1918-yil 200px|left|thumb|Ozarbayjon mustaqilligi deklaratsiyasi Ozarbayjon tilida Mustaqil Ozarbayjon davlatining tuzilishi Kavkazorti Demokratik Federativ Respublikasining parchalanishi vaqtida yuz berdi. 1918-yil 27-mayda sobiq Kavkazorti Seymining musulmon fraksiyasi paydo boʻlgan siyosiy vaziyatni muzokara qilish uchun favqulodda majlis chaqirdi. Uzoq davom etgan muzokaralardan soʻng Vaqtinchalik Milliy Kengash tuzishga qaror qilindi. Vaqtinchalik Ozarbayjon Demokratik Respublikasi Milliy Kengashi raisi vazifasiga Muhammad Amin Rasulzoda (Musovot Partiyasi raisi), Ijro Qoʻmitasi raisi vazifasiga esa Fatalixon Xoyskiy (partiyasiz) saylandi.
1918-yil 28-mayda Milliy Kengashning birinchi majlisi oʻtkazildi va majlisda Ozarbayjon mustaqil davlat deb eʼlon qilinishi haqidagi tarixiy qaror qabul qilindi. Shu tariqa 100 yillik tanaffusdan soʻng Ozarbayjonning Sharqiy va Janubiy Kavkazorti hududlarida milliy davlatchilik barpo etildi. Oʻsha majlisda yangi demokratik davlat tuzilishi faktini huquqiy jihatdan tasdiqlovchi „Ozarbayjon mustaqilligi toʻgʻrisidagi Akt“ qabul qilindi.
1918-yilning yoz oylarida Ozarbayjonda siyosiy vaziyat ikki hokimiyatlilik shaklida edi va mustaqillik yoʻlidagi kurash shu sharoitda davom etardi. Ozarbayjonning sharqiy qismida — Boku va Boku gubernatorligida Boku Xalq Komissarlari Soveti faoliyat koʻrsatardi. Mintaqaning gʻarbiy qismi esa (Ganja va Ganja gubernatorligi) Ozarbayjon Demokratik Respublikasi milliy hukumatining hokimiyatiga qarashli edi. 4-iyunda Ozarbayjon va Usmoniylar Imperiyasi orasida Sulh va Doʻstlik shartnomasi imzolandi va bir kun oʻtgach, Turk qoʻshini Ganjaga kirdi. 1918-yil 16-iyunda Milliy Kengash aʼzolari va Ozarbayjon Respublikasi hukumati Tbilisidan siyosiy vaziyat juda qaltis boʻlgani sababli Ganjaga koʻchdi.
1918-yil 17-iyunda Milliy Kengash oʻz istefosi haqida qaror qabul qildi va ovoz berish yoʻli bilan saylangan Muassislar Majlisining chaqiriq vazifasi ilgari surilgandi. Milliy Kengash tayinlagan muddat 1918-yil 16-dekabrda yakunlanardi. 23-iyunda Fatalixon Xoyskiy Ozarbayjon aholisiga murojaat qildi va milliy hukumatning tasdiqlanishi uchun doʻst Turkiya koʻmagining ahamiyatini taʼkidladi. Oʻsha kuni hukumat respublikaning barcha hududlarida harbiy vaziyat eʼlon qildi. Batum shartnomasiga asosan, Ozarbayjon Respublikasiga yordam uchun Turkiya qoʻshinining umumiy soni 15 minggacha boʻlgan 5 va 15-diviziyalar joʻnatildi.
Hukumatning 1918-yil 24-iyundagi qaroriga asosan Ozarbayjon davlat bayrogʻi sifatida qizil fonda oq yarim oy va sakkiz qirrali yulduz tasvirlangan qizil matodan tayyorlangan bayroq qabul qilindi. 9-noyabrda bu bayroq oq yarim oy va sakkiz qirrali yulduz tasvirlangan moviy, qizil va yashil rangli bayroq bilan almashtirildi. Ozarbayjon Respublikasi davlat bayrogʻining uch rangi „turk milliy madaniyatini, zamonaviy Yevropa demokratiyasini va islom sivilizatsiyasini anglatardi“.
27-iyunda Kavkaz Islom Qoʻshini Koʻksoy yaqinida Boku Sovet qoʻshinlari ustidan gʻalaba qozondi. Oʻsha kuni Ozarbayjon turkchasi Ozarbayjon Respublikasining davlat tili deb eʼlon qilindi. 10-iyulda Kurdemir va Shamaxi Kavkaz Islom Qoʻshini tomonidan ozod qilindi. 25-iyulda Boku Soveti tomonidan inglizlarning Bokuga taklif qilinishi toʻgʻrisida qaror qabul qilindi. 31-iyulda esa Boku xalq Komissarlari Kengashi parchalandi.
1-avgustda Sentrokaspiy Diktaturasi va Boku ishchi va askar deputatlari Soveti Vaqtinchalik Qoʻmitasi Boshqaruv Hay’ati Hukumatini tuzdi. 1918-yil 4-avgustda Anzalidan kelgan polkovnik S.Stoksun qoʻmondonlik qilgan ilk Britaniya qoʻshini Bokuga kirdi. 11-avgustda Ozarbayjon hukumati umumiy safarbarlik haqida qaror qabul qildi.
26-avgustda Nuri poshsho rahbarligi ostidagi Usmoniylar va Ozarbayjon Demokratik Respublikasi qurolli kuchlaridan iborat Kavkaz Islom Armiyasi bilan Bolshevik Doshnoq-Boku Soveti qurolli kuchlari orasida Boku jangi boʻlib oʻtdi. Keyinchalik jangga Buyuk Britaniya, Armaniston va Rossiya qurolli kuchlari ham aralashdi va bu jang Kavkaz kampaniyasining soʻnggi jangi boʻldi. Lekin Boku jangi bilan ziddiyat yakun topmadi va hodisalar Ozarbayjon va Armaniston urushi bilan davom etdi.
Noyabrda Ozarbayjon Milliy Kengashi tuzildi va Goriy seminariyasining Ozarbayjon boʻlinmasi Qazaxga koʻchdi. 17-noyabrda Ozarbayjonga ittifoqdosh qoʻshinlar kirdi. 7-dekabrda Ozarbayjon parlamentining ochilishi boʻldi. Bu oyda Boku Ishchi Konferensiyasi tashkiloti tuzildi va umumiy taʼtil eʼlon qilindi. Britaniya generali Uilliam Montgomeri Tomson F.Xoyskiy yaratgan va 1918-yil 26-dekabrda parlament tasdiqlagan hukumatga ittifoqdoshlar qoʻmondonligining har tomonlama yordam berishi haqida bayonot berdi.
1919-yil 200px|left|thumb|Ozarbayjon Demokratik Respublikasi tomonidan tuzilgan xorijiy pasport 1919-yil 15-yanvarda Qorabogʻ general gubernatorligi tashkil topdi va Ozarbayjon Demokratik Respublikasi Qurolli kuchlari Bosh qarorgohi tuzildi. 4-fevralda berilgan soʻrovlarda hukumat aʼzolaridan ichki ishlar vaziri Xalilbey Xasmammadov, qishloq xoʻjaligi vaziri Konstantin Lizgar, tijorat va sanoat vaziri oʻrinbosari T. Safaraliyev chiqish qildilar. Hatto muxolifat talabi bilan hukumat rahbari F.Xoyskiyning oʻzi ham parlament oldida chiqish qildi. Shunga qaramay Qorabey Qorabeyov oʻz fraksiyasi nomidan hukumat bayonini qoniqarsiz deb hisobladi va ularni qayta koʻrib chiqilishini taklif qildi. „Musovot“ fraksiyasi, xolislar va milliy ozchilik hukumatni yoqlab chiqdi. Musovotchilar muxolifatni barcha mas’uliyatni hukumatga yuklashda aybladilar. Partiya majlisida chiqish qilgan M.A.Rasulzoda bu mavzuda qayta koʻrib chiqishning imkoni yoʻqligini qayd qildi. Nima boʻlganda ham hukumatni agʻdarish Ozarbayjon mustaqilligining dushmanlari foydasiga boʻlishini taʼkidladi.
25-fevralda hukumat rahbari F.Xoyskiy sogʻligʻidagi muammolar tufayli vakolatlarini topshirish toʻgʻrisida bayonot berdi. M.A.Rasulzoda taklifi bilan parlament bu istefoni muzokarasiz qabul qildi. F.Xoyskiy yangi hukumat tashkil qilingungacha ijro hukumatiga rahbarlik qildi. Yangi hukumatning tashkil qilinishi bilan nomzodligi Ittihod Partiyasidan boshqa barcha fraksiyalar tomonidan yoqlab chiqilgan „Musovot“ fraksiyasi aʼzosi Nasibbey Yusufbeyliga topshirildi.
1919-yil 28-mayda Ozarbayjon vakillik hay’ati AQSh prezidenti Vudro Vilson bilan koʻrisha oldi. U ozarbayjonlarga janubiy Kavkaz xalqlari konfederatsiyasi gʻoyasini muzokara qilishni maslahat berdi. Millatlar jamiyatining himoyasiga topshiiluvchi mamlakat sifatida konfederatsiya katta davlatlardan birining mudofaasidan umid qila olardi. 11-iyunda hukumatning Davlat Mudofaa Qoʻmitasi tashkili toʻgʻrisida qarori qabul qilindi. 1919-yil 13-iyunda Bokuda Ozarbayjonda ingliz qoʻshinlarini olib qolishiga qarshi ishchilar mitinglari boʻlib oʻtdi. Bir kun oʻtgach, Davlat Mudofaa Qoʻmitasi tomonidan Ozarbayjon hududida harbiy vaziyat eʼlon qilindi. 27-iyunda „Hudud yaxlitligini birgalikda asrash toʻgʻrisida“ Ozarbayjon-Gruziya shartnomasi Parlament tomonidan tasdiqlandi.
Avgustda Ozarbayjon Parlamenti tomonidan Ozarbayjon fuqaroligi toʻgʻrisida qonun qabul qilindi. 19-avgustda Angliya-Eron shartnomasiga koʻra Eron Ozarbayjonga boʻlgan hudud daʼvolaridan voz kechganini bayon qildi va inglizlar Bokudan chiqib keta boshladilar. 23-noyabrda Tbilisida Ozarbayjon va Armaniston tomonlari orasida sodir boʻlgan ziddiyatlarga nuqta qoʻyish va chegara masalalarini sulh yoʻli bilan hal qilishni nazarda tutuvchi shartnoma imzolandi. Dekabrda „Musovot“ partiyasining II qurultoyidan soʻng, Parlament tomonidan hukumatning yangi tarkibi tasdiqlandi.
1920-yil 200px|right|thumb|Bokuda Qizil Armiya xodimlari va xodimlari yig'ilishi. 1920-yil. Sovet Rossiyasi tomonidan xavf borgan sari ortar edi. Shu sababli ham 1920-yil 2-yanvarda RSFSR xalq tashqi ishlar komissari Georgiy Chicherning oq gvardiyachi Anton Denik armiyasiga qarshi harbiy ittifoq tuzish taklifi bilan tashqi ishlar vaziri F.Xoyskiyga joʻnatgan maktubi Ozarbayjonni Rossiyaning ichki ziddiyatlariga jalb qilish va bu bilan kelajakda Ozarbayjonni bosib olish uchun koʻzlangan siyosiy manevrdan boshqa hech narsa emas edi. Chicher maktubining asosiy maqsadini anglab yetgan Ozarbayjon tashqi ishlar vaziri F.Xoyskiy bu taklifni Ozarbayjonning Rossiya ichki ishlariga aralashuv sifatida baholagan holda rad etdi. F.Xoyskiy oing 1920-yil 14-yanvardagi tarixiy javob maktubida Denik masalasi Rossiya davlatining ichki masalasi ekanligini va Ozarbayjon suveren davlat sifatida boshqa suveren mamlakatning ichki ishlariga aralashmasligini alohida taʼkidladi. Bu bilan vazir mustaqil Ozarbayjonning ichki siyosatiga aralashmaslikni ham talab qildi.
11-yanvarda Parij Sulh Konferensiyasida Lord Jorj Kerzon taklifi bilan ittifoqdoshlarning Oliy Kengashi quyidagi mazmunda qaror qabul qildi: „Ittifoqdosh va birlashgan davlatlar Ozarbayjon va Gruziya hukumatlarini de-fakto darajasida birgalikda tan oladilar“. Birozdan soʻng Yaponiya Oliy Kengashning 11-yanvardagi qaroriga qoʻshildi. 13-yanvarda AQShning Parijdagi elchisi Valles Britaniya va Fransiyaning Ozarbayjon va Gruziyaning mustaqilligini de-fakto tan olishi va ularga yordam berishga tayyorliklari borasida Vashingtonga maʼlumot berdi.