Charlie va shokolad fabrikasi (inglizcha: Charlie and the Chocolate Factory) — 2005-yilda suratga olingan, rejissyor Tim Burton va ssenariy muallifi John August boʻlgan, Roald Dahlning 1964-yildagi xuddi shu nomdagi bolalar romani asosida ishlangan fentezi filmi. Filmda Johnny Depp Willy Wonka rolini, Freddie Highmore Charlie Bucket rolini ijro etadi; shuningdek, filmdagi rollarni David Kelly, Helena Bonham Carter, Noah Taylor, Missi Pyle, James Fox, Deep Roy va Christopher Leelar oʻynagan. Syujet Charlining yana toʻrt nafar bola bilan birga tanlovda qatnashib, gʻolib boʻlishi va Wonka tomonidan uning shokolad fabrikasi boʻylab sayohatga boshchilik qilinishi atrofida kechadi.
Charlie va shokolad fabrikasi asarining ekranga ikkinchi marotaba chiqishi uchun moslashtirish ishlari 1991-yilda boshlangan va buning natijasida Warner Bros. Pictures Dahl merosxoʻrlariga toʻliq badiiy nazorat huquqini bergan. Burton loyihaga jalb etilishidan avval, studiya Willy Wonka roliga bir necha rejissyor va aktyorlar bilan muzokaralar olib borgan va nomzodlar ishini koʻrib chiqqan. Burton darhol oʻzining doimiy hamkorlari Depp va Danny Elfmanni loyihaga taklif qildi. Charlie va shokolad fabrikasi Burton suratga olgan birinchi musiqiy film boʻlib, Elfman 1993-yildagi Rojdestvodan oldingi dahshatli tundan beri ilk bor film uchun yozma qoʻshiqlar va oʻz ovozi bilan saundtrek yaratgan.
Suratga olish ishlari 2004-yil iyunidan dekabriga qadar Buyuk Britaniyadagi Pinewood studiyalarida boʻlib oʻtdi. Kitobda fakturaga (teksturaga) urgʻu berilganidan ilhomlangan holda, Burton asosan qurilgan dekoratsiyalar va amaliy effektlardan foydalandi, kompyuterda yaratilgan muhitlardan esa kamroq foydalandi. Wonkaning Shokolad xonasi Pinewooddagi 007 sahnasida qurildi, u yerda soxta shokolad sharsharasi va daryosi barpo etildi. Veruca Saltning sayohatdan chetlashtirilish sahnasi uchun sichqonlar tugʻilganidan boshlab oʻrgatilgan. Aktyor Deep Roy har bir Umpa-Lumpa obrazini alohida ijro etgan, yaʻni ularning ijrosi raqamli usulda koʻpaytirilmagan. Burton filmni oʻzi rejissyorlik qilgan Oʻlik kelin nomli qoʻgʻirchoq animatsion filmi bilan bir vaqtda suratga olgan.
Willy Wonka mavzusidagi shokolad batonchalari sotuvga chiqarildi va filmning marketing kampaniyasi doirasida Oltin chiptalar tanlovi yoʻlga qoʻyildi. Filmni Broadway teatridagi musiqiy sahna asari orqali targʻib qilish boʻyicha dastlabki rejalar esa amalga oshmadi. Charlie va shokolad fabrikasi premyerasi 2005-yil 10-iyulda boʻlib oʻtdi, 15-iyul kuni esa AQShda ijobiy tanqidiy baholar ostida namoyish etildi. Tanqidchilar filmning vizual jozibadorligi va qoramtir ohangini yuqori baholadilar. Film kinoijara boʻyicha muvaffaqiyat qozonib, 475 million AQSh dollari daromad keltirdi va 2005-yilda dunyo boʻyicha eng koʻp daromad keltirgan sakkizinchi film boʻldi. Film 78-Oskar mukofotlarida Eng yaxshi liboslar nominatsiyasiga sazovor boʻldi, Depp esa “Oltin globus” mukofotining Eng yaxshi aktyor – musiqiy yoki komediya nominatsiyasiga nomzod boʻldi. Bu hozirga qadar Tim Burton suratga olgan filmlar ichida daromad boʻyicha ikkinchi oʻrinni egallaydigan film hisoblanadi.
Rollarda
Johnny Depp — Willy Wonka Freddie Highmore — Charlie Bucket David Kelly — Joe buva Helena Bonham Carter — Bucket xonim Noah Taylor — janob Bucket Missi Pyle — Beauregarde xonim James Fox — janob Salt Deep Roy — oompa-loompalar Christopher Lee — doktor Wonka
Yana qarang
Wonka Willy Wonka & the Chocolate Factory Willy Wonka
Manbalar
Havolalar
Turkum:2005-yil filmlari Turkum:AQSh filmlari Turkum:Warner Bros. filmlari Turkum:Ingliz tilidagi filmlar Turkum:Tim Burton filmlari Turkum:Buyuk Britaniya filmlari Turkum:Avstraliya filmlari Turkum:AQSh fentezi filmlari Turkum:AQSh musiqiy filmlari Turkum:Willy Wonka Turkum:Alifbo boʻyicha filmlar