Abdulla Avloniy yodgorlik muzeyi (qisqacha Avloniy yodgorlik muzeyi) — Toshkentdagi yodgorlik muzeyi. Maʼrifatparvar, pedagog va adib Abdulla Avloniy (1878–1934) hayoti va faoliyatiga hamda jadidchilik harakati tarixiga bagʻishlangan. Muzey Abdulla Avloniy nomidagi Pedagogik mahorat milliy instituti binosida joylashgan. Muzey Xalqaro muzeylar kengashi (ICOM) huzuridagi Universitet muzeylari va kolleksiyalari xalqaro qo‘mitasi (UMAC) yuritadigan jahon ma’lumotlar bazasiga kiritilgan.
Tarixi Muzey dastlab 1968-yilda tashkil etilgan. Bu uyda 1910–1934-yillarda Abdulla Avloniy yashagan. Oʻzbekiston kitobsevarlar jamiyati tashabbusi bilan 1988-yil dekabrda, adib tavalludining 110 yilligi munosabati bilan, Avloniy uy-muzeyi nomi bilan rasmiy ravishda ochilgan.
Keyinchalik muzey Abdulla Avloniy nomidagi xalq taʼlimi xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish markaziy instituti binosiga koʻchirilgan va 1993-yilning 26-dekabrida Avloniy yodgorlik muzeyi nomi bilan ochilgan.
2009-yilgi maʼlumotga koʻra, muzeyda jami 682 ta eksponat boʻlgan. Muzey yodgorlik va adabiy boʻlimlardan iborat edi. Yodgorlik boʻlimida Avloniy yashagan turmush sharoiti, shaxsiy buyumlari, oʻzbek hamda rus tillaridagi kitoblar, adabiy boʻlimda esa Avloniyning pedagogik, maʼrifatparvarlik, jurnalistik, teatr va adabiyot sohasidagi hamda ijtimoiy faoliyati bilan bogʻliq fotosurat, hujjatlar, kitob va jurnallar saqlangan.
Institut binolari kapital taʼmirlanib, qoʻshimcha binolar qurilgach, muzey institut tashkil etilganining 90 yilligi munosabati bilan yangi ekspozitsiya asosida qayta tashkil etildi. 2024-yil 30-sentyabrda Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev institutga tashrif buyurib, muzey va kutubxonani koʻzdan kechirgan.
Ekspozitsiya Muzey saytiga koʻra, hozir ekspozitsiyada 400 ga yaqin eksponat bor. Unda jadidlarning ilm-maʼrifatga eʼtibori, Abdulla Avloniy asos solgan maorif tizimi, oʻsha davr darsliklari va sahna asarlari, umumiy taʼlimning rivojlanish bosqichlari aks ettirilgan. Sunʼiy intellekt yordamida jadid maʼrifatparvarlarining qiyofalari jonlantirilgan.
Muzey fondida Avloniyning shaxsiy kutubxonasidan kitoblar, XVIII–XIX asrlarga oid bosma va qoʻlyozma asarlar, jumladan Alisher Navoiy, Bedil va Shams Tabriziy asarlari, XX asr boshida Turkiston, Turkiya va Ozarbayjonda chiqqan gazeta-jurnallar hamda yangi usul maktablari uchun yozilgan ilk darsliklar saqlanadi. Eksponatlar orasida Mahmudxoʻja Behbudiyning «Padarkush» dramasining 1913-yilgi nashri ham bor.
Manbalar
Havolalar Muzeyning rasmiy sayti Abdulla Avloni Memorial Museum — ICOM UMAC universitet muzeylari jahon ma’lumotlar bazasida (ingliz tilida)
Turkum:Toshkent muzeylari Turkum:Jadidchilik