link=//upload.wikimedia.org/wikipedia/commons/thumb/a/a7/CEDAW_Participation.svg/400px-CEDAW_Participation.svg.png|alt=Sözleşmeye taraf olan ülkeler|right|thumb|400x400px| Konvensiya ishtirokchisi boʻlgan davlatlar:
Ayollarga nisbatan kamsitishning barcha shakllariga barham berish toʻgʻrisidagi konvensiya yoki CEDAW 1979-yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan xalqaro konvensiya boʻlib, undagi ishtirokchi davlatlar ayollarga nisbatan kamsitishning barcha shakllariga qarshi kurashish majburiyatini oʻz zimmasiga oladi. Xotin-qizlar huquqlari toʻgʻrisidagi xalqaro qonun loyihasi 1981-yil 3-sentyabrda tuzilgan va 189 davlat tomonidan ratifikatsiya qilingan. Konvensiyani ellikdan ortiq mamlakatlar maʼlum bayonotlar, izohlar va eʼtirozlar asosida ratifikatsiya qilgan, shu jumladan, 38 ta davlat uni talqin qilish yoki qoʻllash bilan bogʻliq nizolarni hal qiluvchi vositalarni koʻrib chiqadigan 29-moddani qoʻllashni rad etdi. Avstraliya deklaratsiyasida konvensiyaning federal konstitutsiyaviy tizimidan kelib chiqadigan markaziy hukumat hokimiyatining cheklovlari qayd etilgan. Amerika Qoʻshma Shtatlari va Palau davlatlari ushbu shartnomani imzolaganlar, ammo ratifikatsiya qilmagan. Eron, Somali, Sudan va Tonga davlati CEDAWni imzolashdan bosh tortishgan.
Ushbu konvensiya Birlashgan Millatlar Tashkilotining inson huquqlari boʻyicha sakkizta asosiy konvensiyalaridan biri hisoblanadi. Shuningdek, inson huquqlari nafaqat erkak jinsiga, balki ayolga ham tegishli ekanligini ham taʼkidlanadi. „Xalqaro ayollar huquqlari deklaratsiyasi“ deb nomlanuvchi ushbu reglament erkaklar va ayollar oʻrtasidagi tenglik amalda ham, qonun oldida ham taʼminlanishi lozimligini taʼkidlab keladi. Ishtirokchi davlatlar ayollarga nisbatan kamsitishning barcha turlari va shakllarini aniqlash, ularga qarshi chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish, jabrlangan shaxslarga yordam berish va zoʻravonlik harakatlarini amalga oshirgan aybdor shaxslarni jazolash majburiyatini oladi.
Ishtirokchi davlatlar tomonidan koʻzda tutilgan huquqlarning amalga oshirilishini nazorat qilish uchun Konvensiyaning birinchi toʻrtta bobida inspeksiya organi va tekshirish tartib-qoidalari keltirib oʻtilgan. Ishtirokchi davlatlar ekspertlar qoʻmitasiga ularning konvensiyani amalga oshirishdagi saʼy-harakatlarini muntazam ravishda hisobotlarni taqdim etish orqali baholash huquqini beradi. Qoʻmita, shuningdek, 2000-yil 22-dekabrda kuchga kirgan va ishtirokchi davlatlar tomonidan imzolangan ikkinchi Konvensiya hisoblangan Protokol bilan Konvensiyaning buzilishiga oid individual yoki guruh shikoyatlarini koʻrib chiqqan. Bundan tashqari, Konvensiya talablarning jiddiy yoki muntazam ravishda buzilish holatlari boʻyicha tergov oʻtkazish huquqiga ham ega. CEDAW raisi lavozimini hozir Ana Peláez egallab turibdi.
Umumiy tavsif 1948-yilda Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining qabul qilinishi bilan gender tengligi qonunchilikda va Birlashgan Millatlar Tashkilotining turli hujjatlarida oʻz oʻrnini koʻrsata boshlaydi. Ayollar huquqlarini kafolatlovchi konvensiya tuzish zarurligi haqidagi bahslar davom etar ekan, BMT Bosh Assambleyasi 1967-yilda ayollarga nisbatan kamsitishlarga barham berish toʻgʻrisidagi deklaratsiyani qabul qildi. Shunday qilib, BMT birinchi marotaba jinsga qarab kamsitishni kengroq va har tomonlama yondashuvni talab qiluvchi muammo sifatida koʻrishini bildirdi. Bu deklaratsiya maʼnaviy va siyosiy kuchga ega boʻlsa-da, davlatlar zimmasiga boshqa majburiyatlarni yuklamaydi.
BMT tomonidan 1975-yilda Mexiko shahrida tashkil etilgan ayollar boʻyicha Butunjahon konferensiyasi davomida „Ayollar oʻn yilligi“ (1975–1985) deb eʼlon qilindi va ushbu konferensiyada qabul qilingan chaqiriqqa koʻra Komissiya tomonidan „kamsitishning barcha shakllarini yoʻq qilish“ga qaratilgan xalqaro konvensiya ishlab chiqiladi. Birlashgan Millatlar Tashkilotiga aʼzo davlatlarda erkaklar va ayollar oʻrtasidagi tenglikni taʼminlash maqsadida ayollar maqomi toʻgʻrisidagi bahslar Bosh Assambleyada ham, Ayollar maqomi boʻyicha komissiyada ham har bir band boʻyicha uzoq muhokamalar tufayli shartnoma matnini tayyorlashga uzoq vaqt kerak boʻladi.
Olti yillik faoliyatdan soʻng, BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 1979-yil 18-dekabrdagi 34/180 rezolyutsiyasiga asosan konvensiya qabul qilinadi. Shu tariqa 1980-yilning 1-martida aʼzo davlatlar tomonidan konvensiyani imzolanishi uchun yoʻl ochildi. 1981-yil 3-sentyabrda yigirmata davlat konvensiyani ratifikatsiya qilganidan keyingina ushbu hujjat kuchga kirdi. Ushbu konvensiya irqiy kamsitishning barcha shakllariga barham berish toʻgʻrisidagi konvensiyaga oʻxshash formatga ega boʻlib, ham oʻzining asosiy majburiyatlari doirasi, ham xalqaro monitoring mexanizmlariga ega.
Konvensiya nomi Konvensiyaning asl nomi „Convention on the Elimination of All Forms of Discrimination Against Women“ boʻlib, CEDAW deb qisqartirilgan ushbu konvensiya, rasmiylar tomonidan „Ayollarga nisbatan kamsitishning barcha shakllarini yoʻq qilish toʻgʻrisidagi konvensiya“ sifatida tarjima qilingan. Konvensiyada ayollarga nisbatan kamsitishning mavjudligi keltirib oʻtilgan va ushbu hujjat aynan shu kamsitishlarni bartaraf etish uchun tuzilb chiqilgani taʼkidlab oʻtilgan.
Konvensiya Konvensiya umumiy 6 boʻlim, 30 moddadan iborat boʻlib, uning birinchi toʻrt bobi ayollar huquqlarining buzilishiga qarshi kurashish va ularning oldini olish, ayollarning siyosiy, huquqiy va fuqarolik huquqlari, shuningdek, ijtimoiy va iqtisodiy huquqlarini taʼminlash, ularning salomatligini muhofaza qilishga bagʻishlangan. Beshinchi va oltinchi boblar Konvensiyaning nazorat organi boʻlgan CEDAW qoʻmitasini tashkil etish va Konvensiyani amalga oshirish uchun zarur boʻlgan jarayonlarni, CEDAW va inson huquqlari boʻyicha boshqa shartnomalarning oʻzaro munosabatlarini hamda davlatlar zimmasiga yuklangan mas’uliyat va majburiyatlarini tartibga solib turadi.
– I qism (1–6-moddalar) kamsitmaslik, jinsiy stereotiplar va jinsiy savdoga qaratilgan.
– II qism (7–9-moddalar) ayollarning ijtimoiy sohadagi huquqlari, siyosiy hayoti, vakillik va fuqarolik huquqlariga eʼtibor qaratadi.
– III qism (10–14-moddalar) ayollarning iqtisodiy va ijtimoiy huquqlarini, xususan, taʼlim, bandlik va sogʻliqni saqlash masalalariga eʼtibor qaratadi. III qismda qishloq ayollari uchun maxsus himoya choralari va ular duch keladigan muammolar haqida ham maʼlumot berib oʻtilgan.
– IV qism (15–16-moddalar) ayollarning nikoh va oilaviy hayotda teng huquqliligi hamda qonun oldidagi tenglik huquqini belgilaydi.
– V qism (17–22-moddalar) Ayollarga nisbatan kamsitishlarga barham berish boʻyicha qoʻmitani hamda ishtirokchi-davlatlarning hisobot berish tartibini belgilaydi.
– VI qism (23–30-moddalar) konvensiyaning boshqa shartnomalarga taʼsiri, aʼzo davlatlarning majburiyatlari va konvensiyani boshqarishga taʼsirini tavsiflaydi.
1979-yilning dekabr oyida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan va imzolash uchun topshirilgan konvensiya 1981-yil 3-sentyabrdan boshlab kuchga kirdi. Konvensiyaning 27-moddasida, „Ushbu Konvensiya BMT Bosh kotibiga 20-ratifikatsiya yorligʻi yoki qoʻshilish toʻgʻrisidagi hujjat taqdim etilgan kundan keyingi 30-kundan soʻng kuchga kiradi“, deyiladi.
Asosiy qoidalar 1-modda ayollarga nisbatan kamsitishni quyidagi atamalar orqali belgilaydi:
2-moddada konvensiyani ratifikatsiya qilgan aʼzo davlatlar oʻzlarining ichki qonunchiligida gender tengligini taʼminlash, qonunlaridagi barcha kamsitish qoidalarini bekor qilish va ayollarga nisbatan kamsitishning oldini olish uchun yangi qoidalarni qabul qilish niyatida ekanligini aytiladi. Konvensiyani ratifikatsiya qilgan davlatlar, shuningdek, ayollarni kamsitilishdan samarali himoya qilish uchun sudlar va jamoat institutlarini tashkil etishlari va ayollarga nisbatan jismoniy shaxslar, tashkilotlar va korxonalar tomonidan qoʻllaniladigan kamsitishning barcha shakllarini bartaraf etish choralarini koʻrishlari kerak.
3-modda ishtirokchi davlatlardan siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy sohalarda ayollarga erkaklar bilan tenglik asosida inson huquqlari va erkinliklarini kafolatlashni talab qiladi.
4-moddada erkaklar va ayollar oʻrtasidagi de facto tenglikni tezlashtirishga qaratilgan maxsus chora-tadbirlarni qabul qilish kamsitish hisoblanmasligi keltirib oʻtilgan. Unga koʻra, onalikni maxsus himoya qilish harakatlariga gender boʻyicha kamsitish sifatida qaralmaydi.
5-modda ishtirokchi davlatlardan bir jinsning boshqa bir shaxsdan pastligi yoki ustunligi gʻoyasi yoki erkaklar va ayollarning stereotipli roliga asoslangan xurofot va urf-odatlarni bartaraf etish choralarini koʻrib chiqishni talab qiladi. Shuningdek, ushbu modda ishtirokchi davlatlarga erkaklar va ayollarning oʻz farzandlarini tarbiyalash va ularni rivojlantirishda umumiy mas’uliyatini tan olishni taʼminlash mas’uliyatini yuklaydi.
6-modda ishtirokchi davlatlarga ayollar savdosining barcha shakllari va ayollar fohishaligidan foydalanishning oldini olish uchun barcha tegishli choralarni, shu jumladan, qonunchilikni ham yoʻlga qoʻyish majburiyatini yuklaydi.
7-modda ayollarning siyosiy va jamoat hayotida tengligini kafolatlaydi, bunda asosiy eʼtibor saylovlarda ovoz berishda tenglik, davlat boshqaruvida ishtirok etish va mamlakatning ijtimoiy-siyosiy hayoti bilan bogʻliq boʻlgan nodavlat tashkilotlar va birlashmalarida ishtirok etishiga eʼtibor qaratadi.
8-moddada ishtirokchi davlatlar ayollarga xalqaro miqyosda oʻz hukumatiga vakillik qilish va xalqaro tashkilotlar ishida ishtirok etish imkoniyatini kafolatlaydi.
9-modda ishtirokchi davlatlarga ayollarga oʻz fuqaroligini olish, oʻzgartirish yoki saqlab qolishda erkaklar bilan teng huquqlar va farzandlarining fuqaroligiga nisbatan teng huquqlar berishni topshiradi.
10-modda talaba-qizlar uchun taʼlim olishda teng imkoniyatlarni belgilaydi va qoʻshma taʼlimni ragʻbatlantiradi. Bu, shuningdek, yengil atletika, stipendiyalar va grantlardan teng foydalanish imkoniyatini ham taʼminlaydi, shu bilan birga, talaba qizlarning oʻqishni tashlab ketish darajasini kamaytirishga eʼtibor qaratadi.
11-moddada ayollarning mehnat qilish huquqi barcha insonlarning ajralmas huquqi sifatida belgilangan. Ushbu modda bajarilgan bir xil mehnat turi uchun teng ish haqi toʻlanishi, ijtimoiy taʼminot huquqi, haq toʻlanadigan taʼtil va tugʻruq taʼtilini sobiq ish joyi, ish staji yoki ijtimoiy nafaqalarni yoʻqotmagan holda ish haqi yoki taqqoslanadigan ijtimoiy nafaqalar bilan toʻlanishini talab qiladi. Onalik, homiladorlik yoki nikoh holatiga koʻra ishdan boʻshatish sanksiya bilan taqiqlanadi.
12-modda ishtirokchi davlatlarga sogʻliqni saqlash xizmatlaridan, shu jumladan, oila qurishni rejalashtirish bilan bogʻliq xizmatlardan foydalanishni taʼminlash uchun sogʻliqni saqlash sohasida ayollarga nisbatan kamsitishni bartaraf etish uchun barcha tegishli choralarni koʻrish majburiyatini yuklaydi.
13-modda ayollarning iqtisodiy va ijtimoiy hayotda, xususan, oilaviy nafaqa olish huquqi, bank kreditlari, ipoteka va boshqa moliyaviy kreditlar olish huquqi, shuningdek, dam olish, sport bilan shugʻullanish hamda madaniy hayotning barcha jabhalarida tengligini kafolatlaydi.
14-modda qishloq ayollarini himoya qilish va ular duch keladigan alohida muammolardan himoya qilishni taʼminlaydi, ayollarning rivojlanish dasturlarida ishtirok etish, tegishli tibbiy muassasalardan foydalanish, jamoaning barcha tadbirlarida ishtirok etish, qishloq xoʻjaligi kreditlaridan foydalanish va yetarli yashash sharoitlaridan bahramand boʻlish huquqini taʼminlaydi.
15-modda ishtirokchi davlatlarni ayollarning qonun oldida erkaklar bilan tengligini, shu jumladan erkaklar bilan bir xil huquqqa ega ekanligini kafolatlaydi. Shuningdek, erkaklar va ayollarga kishilarning harakatlanishi, fuqarolik hamda istiqomat qilish hududini tanlash erkinligi bilan bogʻliq masalalarda bir xil huquqqa ega ekanligini taʼkidlaydi.