Rustam Oʻrmanovich Ahmedov (1943-yil 10-noyabr – 2025-yil 12-oktyabr) – oʻzbek harbiy va davlat arbobi, 1991-yil 6-sentyabrdan 1997-yil 29-sentyabrgacha Oʻzbekistonning birinchi mudofaa vaziri, keyin 2000-yilgacha Oʻzbekiston favqulodda vaziyatlar vaziri. General-polkovnik.

Biografiysi 1943-yil 10-noyabrda Oʻzbekiston SSR Fargʻona viloyatining Bagʻdod tumanida tugʻilgan. Qoʻqon mexanizatsiya texnikumida elektrlashtirish va qishloq xoʻjaligi mutaxassisligi boʻyicha tahsil olgan. Texmikumni tamomlagach, Oxunboboyev tumanidagi „Oʻzselxoztexnika“ birlashmasida mexanik boʻlib ishlagan. Rustam Ahmedov harbiy xizmatni Toshkent oliy tank qoʻmondonlik bilim yurtida kursant sifatida boshlagan, 1962—1965-yillarda shu dargohda tahsil olgan. 1965—1969-yillarda Boltiqboʻyi harbiy okrugida tank otryadi komandiri va artilleriya polki komsomol qoʻmitasi kotibi (1966-yildan) lavozimlarida xizmat qilgan. 1969-yilda Rustam Ahmedov mahalliy komsomolda maʼmuriy va siyosiy xizmat uchun Polsha Xalq Respublikasidagi Shimoliy kuchlar guruhiga oʻtkazilgan.

1972-yilda Samarqand oliy tank qoʻmondonlik bilim yurtiga (1974-yildan avtomobil bilim yurti) oʻqishga yuborilgan. 1970-yillarda Ahmedov Turkiston harbiy okrugida xizmat qilgan. 1985-yilda Malinovskiy nomidagi Harbiy zirhli akademiyani tamomlagan. 1986-yil dekabr oyida Toshkent viloyati fuqaro muhofazasi boshqarmasi boshligʻi lavozimiga tayinlangan. Shu yili Toshkent viloyat Kengashiga deputat etib saylangan.

1991-yil 10-sentyabrda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning farmoni bilan Ahmedov Oʻzbekiston Respublikasi mudofaa vaziri etib tayinlangan. Rustam Ahmedov bu lavozimga tayinlanguniga qadar hech kim bu lavozimda ishlamagan. Shu tariqa Ahmedov birinchi Mudofaa vaziriga aylangan. Ahmedovning ushbu lavozimga tayinlanishi rasman 1992-yil 3-iyulda vazirlik tuzilishi tugagandan soʻng kuchga kirgan. Polkovnik Ahmedovning yaqin safdoshi V.Ponomaryevning soʻzlariga koʻra, ushbu tayinlov „mamlakatda bu lavozimni egallashga munosib boʻlgan koʻplab generallar bor“ degan tushuncha mavjud boʻlgan bir paytda „kutilmagan holat“ boʻlgan. Shuningdek, Ahmedovning qoʻl ostidagilar orasida obroʻsi yoʻqligi sababli Oʻzbekiston armiyasining rusiyzabon zobitlari tomonidan ham Ahmedovning bu lavozimga tayinlanishi eʼtirozga sabab boʻlgan.

Rustam Oʻrmanovich Ahmedov 1992-yil yanvar oyida respublika Ichki ishlar vazirligi boʻlinmalari negizida Mudofaa vazirligiga bevosita boʻysunadigan Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi tuzish toʻgʻrisida buyruq bergan. 1997-yil 29-sentyabrda Rustam Oʻrmanovich Ahmedov Mudofaa vazirligidagi lavozimidan chetlashtirilib, Favqulodda vaziyatlar vaziri lavozimiga oʻtkazilgan. Rustam Ahmedov 2000-yilda nafaqaga chiqqunga qadar Favqulodda vaziyatlar vaziri lavozimida faoliyat yuritgan.

Shaxsiy hayoti Oilali, toʻrt farzandi (uch qiz va bir oʻgʻil) bor. Turmush oʻrtogʻi shifokor. 2015-yilda Rustam Ahmedov reanimatsiyaga yotqizilgani haqida xabar qilingan. 2018-yilda Prezident Shavkat Mirziyoyev tavalludining 75 yilligi munosabati bilan Qurolli kuchlar davlat muzeyida Abdusalom Azizov tomonidan tashkil etilgan tantanali marosimda Rustam Oʻrmanovich Ahmedov Doʻstlik ordeni bilan taqdirlagan. Marosimda Rustam Oʻrmanovich Ahmedovning MDH mamlakatlaridagi sobiq hamkasblari ham ishtirok etgan.

Manbalar

Turkum:Fargʻona viloyati kishilari Turkum:Oʻzbekiston harbiy xizmatchilari Turkum:Oʻzbekiston Mudofaa vazirlari Turkum:Toshkent viloyat Kengashi deputatlari Turkum:Oʻzbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirlari Turkum:Malinovskiy nomidagi harbiy zirhli kuchlar akademiyasi bitiruvchilari Turkum:Chirchiq oliy tank komandir-muhandislik bilim yurti bitiruvchilari Turkum:Zirhli tank qoʻshinlari harbiy akademiyasi bitiruvchilari Turkum:General-polkovnik (Oʻzbekiston) Turkum:Alifbo boʻyicha siyosatchilar