"Katta Oʻyin" nazariyasi va uning hozirgi koʻrinishlari. Bu konsepsiya shunday bir qoidaga asoslanadiki, unga muvofiq Markaziy Osiyo Yevrosiyoning bir nechta katta davlatlariga geografik jihatdan yaqin joylashganligi uchun strategik ahamiyat kasb etadi. Shu bois, „Katta Oʻyin“ nazariyasiga binoan, Markaziy Osiyo tashqi kuchlar uchun talash ob’ekti boʻlib, koʻp marta boʻlingan, qoʻshib olingan, xalqaro siyosat maydonidan gʻoyib boʻlgan va yana vujudga kelgan. „Katta Oʻyin“ atamasini ilk bor Artur Konnoli tomonidan Britaniya va Rossiya imperiyasining Markaziy Osiyoda gegemonlik uchun strategik raqobatiga nisbatan qoʻllagan edi. Keyinchalik u Buyuk Britaniyaning Osiyoga mustamlakachilik yurishlarini tasvirlagan ingliz adibi va sayyohi Redyard Kiplingning yozuvchilik mahorati taʼsirida keng tarqaldi. „Katta Oʻyin“ning birinchi, klassik davri qariyb 100 yil davom etdi va 1907-yilda Angliya-Rossiya Konvensiyasining imzolanishi bilan yakunlandi. Markaziy Osiyo oʻsha davrning ikki eng qudratli imperiyasi oʻrtasida joylashgan edi. Ikkala davlat bu yerda qarshi tarafning paydo boʻlishini oʻz manfaatlariga tahdid deb qarab va bunga yoʻl qoʻymaslikka intilib, mintaqani intensiv ravishda oʻrgandi va razvedka qildi. Bu strategik oʻyinni hozirgi davr taʼbiri bilan „Kabuki geosiyosiy raqsi“ deb nomlash mumkin: raqobat ayovsiz tus oldi, lekin tomonlar biri biridan masofani saqlab, hech qachon bevosita qurolli toʻqnashuvga yoʻl qoʻymadilar. Angliya Rossiyaning asta-sekin janubga siljib, Markaziy Osiyo xonliklarini birin-ketin bosib olib, oxir-oqibatda Hindiston chegaralariga chiqishidan qoʻrqar edi. Bu holda orqada boʻysundirilgan erlarga va Rossiya imperiyasining markazi bilan quruqlik boʻylab aloqaga ega rus qoʻshini ingliz ekspeditsion qoʻshinlari oldida ustunlikka ega boʻlardi. „Britaniya tojining durdonasi“ boʻlgan Hindiston xavf ostida qolardi. Shu sharoitda London zudlik bilan buning oldini olish choralari koʻrdi: 1838 yilda Afgʻonistonni egallash maqsadida birinchi ingliz-afgʻon urushi boshlandi. Lekin 1842 yilda Britaniya qoʻshinlari Kobulni tashlab, chekinishga majbur boʻldi. 1865 yil ruslarning Toshkent va Samarqandni bosib olishi, Amudaryo qirgʻoqlariga chiqishi va Kobuldagi diplomatik faolligi britaniyaliklarni sharmandali magʻlubiyat haqida unutib, 1878 yilda ikkinchi afgʻon kampaniyasini boshlashga majbur qildi. Ammo bu safar ham ularning 40 ming kishilik qoʻshini muvaffaqiyatsizlikka uchradi va 1881-yilda chekinishga majbur boʻldi. Rossiya esa janubga yurishini davom ettirdi. Bu 1884-yil mashhur Panjex voqeasi roʻy bergunga qadar davom etdi. Oʻshanda rus qoʻshinlari Marvni bosib olgach, birinchi marta afgʻon qurolli kuchlari bilan toʻqnashdi. Ikki buyuk davlat oʻrtasida bevosita toʻqnashuvning oldini olish uchun zudlik bilan Ingliz-Rus CHegara Komissiyasi taʼsis etildi. Bu Komissiya Amudaryo boʻylab chegara chizigʻini qayd etdi. Keyinchalik, 1907 yilda taraflar Afgʻoniston Buyuk Britaniya nazorati ostidagi hudud ekanligi, u mavjud chegaralarni tan olishi va Rossiyaning Markaziy Osiyodagi ishlariga aralashmasligi haqidagi Konvensiyani imzoladilar. „Katta Oʻyin“ning klassik davri shu tariqa yakunlandi. Bolshevistik inqilob chor Rossiyasining barcha shartnomalarini, shu jumladan 1907 yilgi Angliya-Rossiya Konvensiyasini ham bekor qildi. Bu mintaqada geostrategik raqobatning yangi bosqichi boshlanishiga sabab boʻldi. Uchinchi ingliz-afgʻon urushi 1919 yilda, Omonulloxon mamlakatni Buyuk Britaniyadan toʻliq mustaqil deb eʼlon qilganidan soʻng boshlandi. Natijada Ravalpindi Bitimi tuzildi va unga koʻra Afgʻoniston tashqi siyosatda oʻz taqdirini oʻzi belgilash huquqini qoʻlga kiritdi. Koʻp oʻtmay SSRI va Afgʻoniston oʻrtasida Doʻstlik haqida shartnoma imzolandi. U taraflarni uncha qanoatlantirmasa-da, asosiy natijaga erishildi – Afgʻoniston Britaniya taʼsiridan xalos boʻldi. Ikkinchi jahon urushidan soʻng geostrategik raqobatda Buyuk Britaniya oʻrnini Qoʻshma SHtatlar egalladi. Ikki qutbli qarama-qarshilik taraflari jahonning eng muhim mintaqalaridan bir-birini siqib chiqarish va bu yerda oʻz taʼsirini oʻrnatishga harakat qildilar. Tabiiyki, bu ziddiyat Yaqin va Oʻrta Sharqning uglevodorodli xom ashyoga boy va strategik jihatdan muhim hududlarini, shuningdek ularga qoʻshni mintaqalarni ham chetlab oʻtmadi. 1979–1989-yillarda Afgʻoniston uchun kurash „Katta Oʻyin“ ikkinchi bosqichining choʻqqisi boʻldi. Bu kurashga ikkala blok ham juda katta resurslarni tashladi. Sovet Ittifoqining magʻlubiyati va oradan koʻp oʻtmay parchalanib ketishi Markaziy Osiyoda mutlaqo yangi geosiyosiy vaziyatni yuzaga keltirdi. SHu zahoti yangi „Katta Oʻyin“ ssenariylari yozila boshladi. Markaziy Osiyo mamlakatlari mustaqilligining dastlabki bosqichida koʻpgina siyosatshunoslar mintaqada oʻz taʼsirini oʻrnatish uchun geosiyosiy raqobat asosan Turkiya va Eron oʻrtasida boʻlishini taxmin qilgan edilar. Jahonda Xitoy mavqei mustahkamlanishi bilan unga Markaziy Osiyodagi mavqei va taʼsiri baland kuch sifatida qarala boshlandi. Global markazlar mintaqaning muhimligini qayd etgan holda, amalda bu yerda roʻy berayotgan jarayonlarga uncha aralashmadilar. 2001 yil 11 sentyabrdan soʻng vaziyat butunlay oʻzgardi. Markaziy Osiyo xalqaro terrorizmga qarshi kurashning istehkomiga aylandi. Bu yerda NATO harbiy-siyosiy kuchlari hozirligi pretsedenti vujudga keldi. Afgʻonistondagi antiterroristik operatsiyaning dastlabki bosqichida koʻpchilik Markaziy Osiyo oʻz tarixida birinchi marta raqobat ob’ektiga emas, koʻp taraflama, balki uzoq muddatli hamkorlik maydoniga aylanmoqda, degan fikrni ilgari surdi. „Katta Oʻyin“ tugagandek va bir tomonning gʻalabasi ikkinchi tomon manfaatiga zid kelmaydigan holat, yaʼni „non-zero-sum-game“ davri boshlangandek boʻlib tuyuldi. Biroq, terrorizmga qarshi urush choʻzilgani sari ayrim mamlakatlarning manfaatlari oʻrtasida ziddiyatlar namoyon boʻla boshladi. Ular Markaziy Osiyoda oʻz taʼsirini oʻrnatish uchun oʻzaro kurash olib borayotgani ayon boʻlib qoldi. Oldingi davrlardan farqli oʻlaroq, mintaqa uchun geosiyosiy kurashning hozirgi bosqichi bir qancha oʻziga xos fundamental xususiyatlarga ega. Bu kurashga oldingidan ancha koʻproq davlatlar qoʻshilganki, shuning oʻziyoq qarama-qarshilikning murakkab, koʻp yoʻnalishli shakl-shamoyilini namoyon etadi. Bunda oʻxshash yondashuvli mamlakatlar guruhlari, masalan, AQSH va Yevropa Ittifoqi bir tomondan va Shanxay Hamkorlik Tashkiloti davlatlari ikkinchi tomondan kuzatilmoqda. Bu Markaziy Osiyo tevaragida bloklar qarama-qarshiligi vujudga kelishiga zamin hozirlaydiki, bu mintaqa uchun juda xavflidir. Mintaqa oʻz tarixida birinchi marta har xil moʻljalli mamlakatlarning harbiy kuchlari bir-biridan xavfli yaqinlikda joylashgan zonaga aylandi. Markaziy Osiyodagi yangi „Katta Oʻyin“ ishtirokchilari orasida oʻta tajovuzkor kuchlar – diniy radikalizm, xalqaro terrorizm va narkobiznes paydo boʻldi. Ular havoyi fantom, virtual xavf va shunchaki yovuzlik timsoli emas. Bu kuchlar aniq kun tartibi, tarmoqlangan tashkiliy tuzilmaga va uncha-muncha davlat bellasha olmaydigan qudratli moliyaviy qudratga ega. Ular Markaziy Osiyodagi jarayonlarda ishtirok etayotgan davlatlar orasida ziddiyat mumkin qadar kuchayishidan manfaatdordirlar. Geoiqtisodiy manfaatlar Markaziy Osiyo tevaragidagi raqobatning muhim yoʻnalishiga aylandi. Energetika, transport infratuzilmasi sohasidagi mintaqaviy loyihalarning amalga oshirilishi yoki, aksincha, muvaffaqiyatsizlikka uchrashi yirik davlatlar taqdiriga va jahon iqtisodiyotining rivojlanishiga katta taʼsir koʻrsatishi mumkin. Nihoyat, ilgari Markaziy Osiyo xalqlari davlatlar oʻrtasidagi geosiyosiy bellashuvning oʻziga xos „sovrini“, passiv sub’ektlari hisoblangan boʻlsa, bugungi kunda ular strategik jarayonlarning faol ishtirokchilariga aylanmoqda. Rossiya va Markaziy Osiyo
Kaynak ve lisans
Kaynak: Wikipedia — Katta O‘yin nazariyasi · katkı geçmişi.
Metin: CC BY-SA 4.0.
Metin düzenlemesi hakkında
Viki işaretlemesi ve şablonlar çıkarıldı; uzun metinler kısaltıldı.