Yevgeniy Viktorovich Prigojin (; 1961-yil 1-iyun — 2023-yil 23-avgustda vafot etgan deb eʼlon qilindi) — rossiyalik oligarx, yollanma askarlardan iborat shaxsiy armiya qoʻmondoni, Rossiya prezidenti Vladimir Putinning sobiq ishonchli yaqin kishisi (Vagner guruhi isyonigacha). Laqabi — „Putinning oshpazi“. Unga bu laqabni Kremlga xizmat koʻrsatadigan restoranlar va ovqatlanish shaxobchalarini boshqargani uchun qoʻyishgan. Oʻtmishda SSSRda qamoqda boʻlgan Prigojin hozirda nufuzli kompaniyalar tarmogʻi — Rossiya hukumati tomonidan qoʻllab-quvvatlanuvchi „Vagner Group“ kompaniyasi hamda 2016 va 2018-yillardagi AQSh saylovlariga aralashganlikda ayblangan uchta kompaniyanining xoʻjayinidir. Bellingcat, The Insider va Der Spiegel nashrlari tomonidan 2022-yilda o‘tkazilgan soʻrovga ko‘ra, Prigojinning faoliyati Rossiya Mudofaa vazirligi va uning razvedka bo‘limi GRU bilan chambarchas bog‘liqdir.

Bir necha yilar davomida Vagner guruhi bilan aloqalari borligini inkor etgan. 2022-yil 26-sentyabrda esa guruhning asoschisi ekanligini tan olgan. Uning taʼkidlashicha, guruh 2014-yil may oyida Donbasdagi urushda Rossiya kuchlarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida tashkil qilgan. Prigojinning bu iqroriga Mari El qamoqxonasida hibsda saqlangan mahbuslarni guruh tarkibiga yollagani, agar-da ular Vagner tarkibida olti oy xizmat qilsalar, ularga ozodlik vaʼda qilgani koʻrsatilgan video sabab boʻlgan.

Prigojin uzoq vaqt davomida Rossiyaning AQShdagi saylovlarga aralashuvidagi rolini rad etib kelgan. 2022-yil noyabr oyida esa bu operatsiyalardagi ishtirokini tan olib, bu kabi harakatlarini davom etishini taʼkidlagan. 2023-yil fevral oyida esa rus propagandasi bilan shugʻullangan Internet tadqiqot agentligining asoschisi ekanligini hamda uzoq vaqtdan beri uning bosh boshqaruvchisi bo‘lganini maʼlum qilgandi.

Kompaniyalari va sheriklari Qoʻshma Shtatlarda iqtisodiy sanksiyalar va jinoiy javobgarlikka tortilgan. Buyuk Britaniya tomonidan kiritilgan sanksiyalar qatorida uning ham ismi bor.

FQB Prigojinni hibsga olishga yordami tegadigan maʼlumotlar uchun 250 ming dollargacha mukofot vaʼda qilgan. 2020-yil oktabr oyida Yevropa Ittifoqi (YeI) Prigojinga Liviyadagi Vagner guruhi faoliyatini moliyalashtirgani sababi ortidan sanksiyalar kiritdi. 2022-yilning aprelida Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishidagi ishtiroki tufayli YeI tomonidan yangi sanksiyalar ostida qoladi.

2023-yil 23-iyunda Prigojin rus harbiy rahbariyatiga qarshi qoʻzgʻolon koʻtaradi va Moskvaga yurish oldidan oʻz kuchlarini Rossiyaga olib kirishini, Rostov-Donni egallamoqchiligini eʼlon qiladi. Unga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atildi, biroq o‘sha kuniyoq bekor qilindi. Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskovning soʻzlariga koʻra, Prigojin oʻzi boshlagan isyonni muzokaralar yoʻli bilan hal qilish uchun — A. Lukashenko bilan gaplashib olish maqsadida Belarusga borgan.

Tarjimai holi

Kelib chiqishi 1961-yil 1-iyunda Leningradda (hozirgi Sankt-Peterburg) tugʻilgan. 1977-yilda 62-sonli sport maktab-internatini (hozirgi 1-sonli olimpiya zaxiralari kolleji) tamomlagan. Changʻi sporti bilan shugʻullangan. Mashgʻulotlarni oʻgay otasi — changʻi sporti boʻyicha murabbiy Samuil Fridmanovich Jarkoy bilan olib borgan.

1979-yil 29-noyabrda Leningrad shahar Kuybishev sudi Y.V. Prigojinni RSFSR Jinoyat kodeksining 15-va 144-moddasi 2-qismi (oʻgʻirlik) bilan 2 yil muddatga ozodlikdan mahrum qildi. 1981-yilda esa Leningradning Jdanovskiy sudi tomonidan RSFSR Jinoyat kodeksining o‘g‘irlik, talonchilik, firibgarlik va voyaga yetmagan shaxsni jinoiy faoliyatga jalb qilish bilan bogʻliq moddalariga binoan aybdor deb topilib, 13 yilga ozodlikdan mahrum qildi. 1988-yilda afv etilgan va 1990-yilda koloniyani tark etgan.

RBKning 2016-yilgi maʼlumotlariga koʻra Y. V. Prigojin Leningrad kimyo va farmatsevtika institutinining farmatsevtika fakultetini tamomlagan. Biroq Prigojinning oʻzi 2018-yilda „Gorod 812“ portaliga bergan intervyusida institutda oʻqishni tugatmaganligini aytgan.

Tadbirkorlik faoliyati

Prigojin 1990-yili Leningradda hot-dog savdosi tarmogʻini tashkil etadi. 1993-yilda esa „Kontrast“ supermarketlar tarmogʻining boshqaruvchisiga aylanadi. 1995-yilga kelib tarmoqdagi doʻkonlar soni 10taga yetdi. 1995-yilda Prigojin Vasilevskiy orolida „Vinniy klub“ nomli bar-doʻkonini ochadi.

1996-yil dekabr oyida hamkorlari bilan birgalikda Rossiya Fanlar akademiyasining Zoologiya instituti binosida (Sankt-Peterburgda) „Staraya tamojnya“ nomli elita restoranini ochgan. Investitsiya qilingan 350 000 dollar besh oy ichida o‘zini oqlaydi va yil oxiriga kelib, dastlabki million dollarini ishlab topgan. 1996-yilda „Concord catering“ nomli umumiy ovqatlanish kompaniyasini ochdi.

1998-yil bahorida Prigojin „New Island“ restoraga asos soldi. Restoran moliyaviy va siyosiy elitaning doimiy maskaniga aylandi. 1999-yilning yozida u yerda Sergey Stepashin va XVF boshqaruvchi direktori Mishel Kamdessus uchrashishdi.

2001-yilda „New Island“ restoranida Rossiya prezidenti Vladimir Putin Fransiya prezidenti Jak Shirak bilan birgalikda ovqatlandi.

2002-yil may oyida Vladimir Putin shu restoranda Jorj Bushni qabul qildi.

2003-yil kuzida Putin tugʻilgan kunini „New Island“ restoranida nishonladi. thumb|Vladimir Putin va Yevgeniy Prigojin 2010-yilda 2002-yildan 2012-yilgacha Prigojin „Blin! Donalds“ fastfud tarmogʻiga eʼtibor qaratgan. 2003-yilda restoranlardan birining ochilishida Sankt-Peterburg gubernatori Vladimir Yakovlev va Chili prezidenti Rikardo Lagos ishtirok etdi. 2011-yilda tarmoqning sakkizta restoranidan oxirgisi yopildi.

2000-yillardan boshlab u qurilish loyihalarida ishtirok eta boshlagan.

2010-yildan beri Prigojinning rafiqasiga tegishli kompaniya „Bratya Yeliseyevi“ savdo markazi binosini ijaraga olgan. 2016-yilning yozida kompaniya binoni 740 million rublga xususiylashtirish huquqini qoʻlga kiritdi. Laxta tumanida Concord kompaniyasi 18-19-asrlar Sankt-Peterburg arxitekturasi uslubida 45 ta uch qavatli uydan iborat „Severniy Versal“ turar joy majmuasini qurdi. 2016-yilda „Fontanka.ru“ nashri majmua qoʻshimcha ravishda 7,5 gektar maydonni noqonuniy chegaralab olish bilan Laxtinskiy koʻliga oʻtuvchi yoʻlni toʻsib qoʻyganini yozdi.

2008-yilda Yevgeniy Prigojin kompaniyasi Sankt-Peterburgning 300 yilligi parki yonidan Primorskiy chorrahasida suv turizmi markazini qurish uchun joy oldi. 2011-yilda kompaniya shahar hokimiyatiga sudga berib, yer ajratishning kechiktirilishini noqonuniy deb topishni talab qilgan. 2012-yilda uchinchi instantsiya sudi investorning haq ekanligini tasdiqladi. 2016-yil mart oyiga qadar kompaniya umumiy maydoni 41,9 ming m² boʻlgan oltita turar-joy binolaridan iborat „Laxta Plaza“ majmuasini qurdi. 2011-yilda Concord taxminan 56 000 m² maydonga ega tibbiy reabilitatsiya markazi qurishga ruxsat oldi. 2015-yilda kompaniya tomonidan 490 xonadonga mo‘ljallangan 18 ta uch qavatli bino, 60 ta uch qavatli kotej, fitnes zonasi, SPA markazi va restoran foydalanishga topshirildi.

2015-yil iyul oyida „RBK“ 2014-yil oxiridan 2015-yil oʻrtalarigacha boʻlgan davrda Concord Mudofaa vazirligi kazarmalari va taʼlim muassasalarini tozalash uchun 10,3 milliard rubllik tenderlarda gʻolib chiqqanligini yozdi. Prigojin bilan bogʻliq boʻlgan „Megaline“ kompaniyasi 3,3 milliard rubllik shartnoma tuzdi va 2015-yilning sentyabr oyidan beri Belgorod viloyatining Valuyki shahrida harbiy baza qurmoqda. Xuddi shu kompaniya Omsk viloyatining Svetliy qishlogʻida 161,6 million rublga yengil konstruksiyali harbiy lager uchun tenderda gʻolib chiqdi.

2015-yilning kuzida Concordga aloqador boʻlgan bir qator kompaniyalar Mudofaa vazirligi sho‘ba korxonasi tomonidan oʻtkazilgan tenderlarda g‘olib chiqdi. Shartnomaga koʻra, kompaniyalar Moskva, Bryansk va Tver viloyatlaridagi harbiy lagerlarning uy joy kommunal xizmatlarini 26 milliard rublga oʻz zimmalariga olishlari kerak. 2015-yilda Yevgeniy Prigojin bilan bogʻliq boʻlgan barcha kompaniyalar, RBK maʼlumotlariga koʻra, Mudofaa vazirligidan umumiy ovqatlanish, tozalash va qurilish xizmatlari uchun jami qiymati 68,6 milliard rubl boʻlgan shartnomalar imzolagan. 2018-yilda Vladimir Putin jurnalistlar (NBC telekanali muxbiri Megin Kelli va ORF muxbiri Armin Vulf)ga bergan intervyusida Prigojin bilan shaxsan tanishligini tasdiqladi. 2019-yil 30-oktyabrda Yevgeniy Prigojinning asosiy aktivi — „Concord“ oziq-ovqat kombinati Prigojin va 27 yoshli Tomsklik advokat Yekaterina Roslikova o‘rtasida teng ikkiga bo‘lingan.

Ommaviy axborot vositalari va tashviqot sohasidagi faoliyat right|thumb|310x310px| Savushkina koʻchasi, 55-uyda joylashgan agentlikning sobiq idoralaridan biri Prigojinning faoliyati „Gazeti o Gazetax“ faoliyati bilan bogʻliq boʻlib, uning xodimlari 2012—2013-yillarda „media bozorini yolgʻon axborotdan tozalash va korrupsion ommaviy axborot vositalarini fosh qilishga hissa qoʻshish“ bilan shugʻullangan. Bu jarayon oʻz xodimlarini nashrlarga tanishtirishga urinishlar orqali boshlandi va keyinchalik reklama huquqi asosida ilgari joylashtirilgan soxta intervyularning nashr etilishi sababli ularga nisbatan sudga daʼvo qoʻzgʻatish orqali amalga oshirildi. Forbesga qarshi qaratilgan jarayonlardan biri NTVning „Favqulodda vaziyat“ dasturida yoritilgan.

Prigojin firmalarining xodimlari 2012-yilda boʻlajak harakatlar va norozilik yetakchilari haqida maʼlumot, shuningdek „Anatomiya protesta“ hujjatli filmi uchun materiallar toʻplash maqsadida bir qator norozilik namoyishchilarini va qorovullarni oziq-ovqat bilan taʼminlagan. Prigojin oʻzining „Glavset“ kompaniyasi bilan aloqador boʻlgan „Anatomiya protesta“ va „fabriki troley“ siyosiy muxolifat haqidagi tanqidiy hujjatli filmning tashabbuskorlaridan biri.

2013-yilning sentyabr oyida ommaviy axborot vositalari Sankt-Peterburgning Savushkina koʻchasi, 55-uyda joylashgan „Internet tadqiqot agentligi“ning mavjudligidan xabardor boʻldi. Agentlikning xodimlari xodimlari internet va ijtimoiy tarmoqlarda hukumatparast va muxolifatchilarga qarshi postlar, sharhlar joylashtirish bilan shugʻullangan. 2014-yil may oyida „Anonimniy internatsional“ xakerlar guruhi tomonidan eʼlon qilingan maʼlumotlarga koʻra moliyalashtirish Yevgeniy Prigojin tuzilmalari tomonidan amalga oshirilgan.

Keyingi yillarda bir necha sobiq xodimlar agentlikdagi ish haqida ommaviy axborot vositalariga intervyu berishdi. Ular ishchilarning asosiy vazifalari turli veb-saytlar va forumlarda hukumatparastlarga qarshi postlar va sharhlar yozish va joylashtirish, muxolifat arboblarini obroʻsizlantirish ekanligini tasdiqladilar. Sobiq xodimning soʻzlariga koʻra, agentlik 12 soatlik ish smenalari asosida kechayu kunduz ishlagan. Har bir xodimning daromadi oyiga 40 000 rublni tashkil etgan.

AQSh Adliya vazirligi agentlikni Amerika siyosiy hayotiga, jumladan, 2014-yildan boshlangan AQSh prezidentlik saylovlariga aralashishda aybladi. Ayblov xulosasida aytilishicha, agentlik xodimlari muntazam ravishda AQShga tashrif buyurib, ijtimoiy tarmoqlarda yolgʻon maʼlumotlar chop etgan, siyosiy reklamalar joylashtirgan va Donald Trump kampaniyasi aʼzolari bilan aloqada boʻlgan.