Turgʻunlik davri ( yoki ) — bu Leonid Brejnev (1964-1982) davrida boshlangan Sovet Ittifoqining iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy siyosatiga salbiy nuqtai nazarni tavsiflash uchun Mixail Gorbachev amalga kiritgan atama. Turgʻunlik davri Yuriy Andropov (1982–1984) va Konstantin Chernenko (1984–1985) davrida ham davom etgan. Baʼzi hollarda Brejnev turgʻunligi tarzida ham ishlatiladi.
Atamashunoslik
Brejnev hukmronlik qilgan davrda „Turgʻunlik davri“ atamasi isteʼmolda boʻlmagan. Buning oʻrniga, Brejnev 1971-yilda boshlangan davr uchun „rivojlangan sotsializm davri“ (ruscha: period razvitógo socialismimizma) atamasini ishlatgan. Bu atama Xrushchyovning 1961-yildagi 20 yilda kommunizmga erishish haqida bergan vaʼdasidan kelib chiqqan. 1980-yillarda Sovet rahbari Mixail Gorbachyov Leonid Brejnev 1964-yildan 1982-yilgacha Sovet Ittifoqini boshqargan davrda yuzaga kelgan iqtisodiy qiyinchiliklarni tavsiflash uchun „turgʻunlik davri“ atamasini isteʼmolga kiritdi. Soʻngra olimlar turgʻunlik davrining sanalari, ahamiyati va sabablari borasida izlanishlar olib bora boshladilar. Gorbachyov tarafdorlari Brejnevni va umuman Brejnev maʼmuriyatini haddan tashqari konservativ va zamon bilan hamnafas oʻzgarmaganlikda tanqid qilishdi.
Tarixi
1953-yilda Sovet rahbari Iosif Stalin vafotidan keyin siyosatni oʻzgartirish dasturi boshlandi, keyinchalik mazkur dastur destalinizatsiya deb nomlandi. Sovet rahbari sifatida Stalinning qisqa muddatli davomchisi boʻlgan Georgiy Malenkovdan keyin hokimiyatga kelgan Nikita Xrushchyov „Xrushchyov erishi“ deb nomlanuvchi nisbatan liberal islohotlarni amalga oshirdi. Bu davrda iqtisodiy oʻsish ham kuzatilib, koʻlami 6% dan oshdi. Biroq, 1962-yildagi Manej ishi, Xrushchyovning sovet sanʼati koʻrgazmasini ayovsiz tanqid qilgani, Kommunistik partiyaning sanʼat ustidan nazoratini qayta tiklashga olib keldi va madaniy erish davri tugashining boshlanishini belgiladi.
1964-yilda Xrushchyov oʻrniga Brejnev Sovet davlati rahbari boʻldi. Brejnev erasi (1964-1982) yuqori iqtisodiy oʻsish va farovonlik bilan boshlandi. Lekin asta-sekin ijtimoiy, siyosiy va iqtisodiy sohalarda jiddiy muammolar toʻplanib bordi. Ijtimoiy turgʻunlik Brejnev hokimiyat tepasiga kelganidan soʻng Xrushchevning bir qancha islohotlarini bekor qilib, stalinistik siyosatni qisman tiklaganidan keyin boshlandi. Baʼzi sharhlovchilar ijtimoiy turgʻunlikning boshlanishini 1966-yilgi Sinyavskiy-Daniel sud jarayoni bilan belgilashadi. Chunki unda ikki yozuvchi antisovet tashviqotda ayblanishi Xrushchyov erishi tugashini koʻrsatib berdi. Boshqalar buni Varshava shartnomasi tashkiloti aʼzolarining 1968-yilda Praga bahorini bostirish uchun Chexoslovakiyaga bostirib kirishi vaqti bilan belgilashadi. Davrdagi siyosiy turgʻunlik barqarorlik siyosatining bir qismi sifatida vujudga kelgan gerontokratiyaning oʻrnatilishi bilan bogʻliq edi.
Aksariyat olimlar iqtisodiy turgʻunlik boshlangan yilni 1975-yil deb koʻrsatishadi. Boshqalar esa bu davrni 1960-yillarda boshlangan deb daʼvo qilishadi. 1970-yillarda sanoatning oʻsish surʼatlari pasayib ketdi. Chunki ogʻir sanoat va qurol sanoati ustuvor boʻlib, Sovet xalq isteʼmol tovarlari eʼtiborsiz qoldirildi. 1972-yilda ishlab chiqarilgan barcha isteʼmol tovarlarining qiymati chakana narxlarda taxminan 118 milliard rublni tashkil etdi. Tarixchilar, olimlar va mutaxassislar turgʻunlikka nima sabab boʻlganini aniq bilishmaydi, baʼzilari esa buyruqbozlikka asoslangan iqtisodiyot oʻsishni toʻxtatuvchi tizimli kamchiliklardan aziyat chekkanini taʼkidlaydilar. Boshqalar esa islohotning yoʻqligi yoki harbiy sohaga koʻp mablagʻ sarflangani turgʻunlikka olib kelganini taʼkidlaydilar.
Brejnev iqtisodiy vaziyatni yaxshilash uchun juda kam ish qilgani sababli vafotidan keyin tanqid qilindi. Uning hukmronligi davrida hech qanday yirik islohotlar boshlanmadi. Taklif qilingan bir nechta islohotlar juda kamtarona edi yoki Sovet rahbariyatining koʻpchiligi qarshi chiqqan edi. Vazirlar Kengashining (Hukumat) islohotchi Raisi Aleksey Kosiginning 1965-yilgi tubdan islohoti muvaffaqiyatsizlikka uchragach, 1970-yillarda ikkita oddiy islohotni amalga oshirdi va oʻsish tendensiyasi pasayishini qaytarishga harakat qildi. 1970-yillarga kelib Brejnev Kosiginning „radikal“ islohotga qaratilgan har qanday urinishlarini toʻxtatish uchun yetarli kuchga ega boʻldi.
1982-yil noyabrda Brejnevning vafotidan keyin hokimiyat Yuriy Andropov qoʻliga oʻtdi. Brejnevdan meros sifatida qolgan Sovet Ittifoqi 1964-yilda hokimiyatni egallagan paytdagiga qaraganda ancha dinamikligini yoʻqotgan edi. Andropov qisqa hukmronligi davrida kichik miqyosda kamtarona islohotlarni amalga oshirdi. U bir yildan biroz koʻproq hukmronlik qilib, 1984-yil fevralda vafot etdi. Andropov siyosatning katta qismini undan keyin hokimiyatni egallagan Konstantin Chernenko davom ettirdi. Brejnev davrida boshlangan iqtisodiy muammolar ushbu qisqa maʼmuriyatlarda ham davom etdi. Olimlar amalga oshirilgan islohotlar siyosati mamlakatdagi iqtisodiy vaziyatni yaxshilaganmi yoki yoʻqmi, degan savol ustida bahslashadilar.
Turgʻunlik davri Gorbachyov hokimiyat tepasiga kelishi bilan yakunlandi. Bu davrda iqtisodiyot hamon turgʻun boʻlsa-da, siyosiy va ijtimoiy hayot demokratlashtirildi. Gorbachyov boshchiligida Kommunistik partiya 1985-yilda ogʻir sanoatga katta miqdorda kapital kiritish orqali (Uskoreniye) iqtisodiy rivojlanishni tezlashtirishga harakat qila boshladi. Bu harakatlar muvaffaqiyatsizlikka uchragach, Kommunistik partiya sovet iqtisodiyoti va hukumatini kvazi kapitalistik (Xozraschyot) va demokratik (demokratizatsiya) islohotlarni amalga oshirish orqali qayta qurishni amalga oshirdi. Islohotlar Sovet Ittifoqini qayta tiklash uchun moʻljallangan boʻlsa-da, 1991-yilda tasodifan davlatning parchalanishiga olib keldi.
Iqtisod
Tahlillar
History of Modern Russia: From Tsarism to the Twenty-first Century (tarjimasi: Zamonaviy Rossiya tarixi: Tsarizmdan 21-asrgacha) kitobi muallifi Robert Servicening taʼkidlashicha, iqtisodiy muammolar kuchayishi bilan ishchilar intizomi pasayib ketgan. Hukumat toʻliq bandlik siyosati tufayli bu holatga samarali qarshi tura olmagan. Servicega koʻra, bu siyosat zavodlar, konlar va idoralar kabi hukumat tarmoqlarining intizomsiz va samarasiz xodimlar bilan toʻldirilishiga olib keldi. Natijada sovet ishchilari va maʼmurlari orasida „ishdan tortinadigan ishchi kuchi“ shakllandi. Brejnev davridagi Sovet Ittifoqi Qoʻshma Shtatlardan keyin „ikkinchi yirik sanoat salohiyatiga“ ega boʻlgan va dunyodagi boshqa mamlakatlarga qaraganda koʻproq „poʻlat, neft, choʻyan, sement va ... traktor“ ishlab chiqargan boʻlsa-da, Service Brejnev davridagi qishloq xoʻjaligi muammolariga dekollektivizatsiya zarurligining isboti sifatida qaraydi. Xulosa qilib aytganda, Service bu davrda Sovet iqtisodiyotini „statik“ deb hisoblab, Brejnevning barqarorlik siyosati „siyosiy falokat uchun retsept“ degan fikrni bildirgan.
The Rise and Fall of the Soviet Union: 1917–1991 (tarjimasi: Sovet Ittifoqining yuksalishi va qulashi: 1917–1991) kitobi muallifi Richard Sakva Brejnev davriga nisbatan intensiv nuqtai nazardan qarab, oʻsish surʼatlari 1950-yillardan to 1980-yillarda toʻliq toʻxtamaguncha „muqarrar ravishda“ pasayib borganini daʼvo qiladi. Uning fikricha, bunday turgʻunlik sababi malakasiz ishchilarga boʻlgan talabning ortib borishi natijasida hosildorlik va mehnat intizomi pasayishi yuzaga keldi. Sakva barqarorlikning oʻzi turgʻunlikka olib kelgan deb hisoblaydi. Kuchli yetakchiliksiz „sovet sotsializmi turgʻunlikka qaytish tendensiyasiga ega edi“ deb daʼvo qiladi.
Brezhnev Reconsidered (tarjimasi: Brejnev qayta koʻrib chiqildi) kitobi mualliflari Edvin Bekon va Mark Sandlning fikricha, Brejnev davridagi iqtisodiyot Nikita Xrushchyov raislik qilgan iqtisod kabi dinamik boʻlib, bu dinamika Yuriy Andropov, keyinroq Konstantin Chernenko Bosh kotib boʻlgan paytda toʻxtab qolgan edi. Mark Xarrisonning taʼkidlashicha, Brejnev davridagi iqtisodiy koʻrsatkichlar obʼektiv koʻrib chiqilmagan. Chunki davr tahlilida baʼzida pastroq taxminlardan foydalanilgan. Harrisonning taʼkidlashicha, 1928-yildan 1973-yilgacha boʻlgan davrda Sovet iqtisodiyoti Amerika Qo'shma Shtatlarini „bir kun“ ortda qoldiradigan darajada oʻsgan. Xalqaro neft inqirozi davrida Sovet Ittifoqi va Sharqiy blokdagi oʻsish keskin toʻxtab, Gʻarbga qaraganda uzoqroq muddatga toʻxtab qoldi. Bu esa iqtisodiyotning turgʻunlashuviga olib keldi. Harrisonning soʻzlariga koʻra, Sovet iqtisodiyoti oʻzining keng koʻlamli oʻsish modellarini ushlab tura olmadi. Boshqa taxminlar quyidagilardan iborat: Sovet va kommunistik blokning yetarli darajada taʼminlanmaganligi, globallashuvga toʻsqinlik qiladigan boshqa davlatlar bilan aloqalardagi shaffoflikning yetishmasligi, Ikkinchi jahon urushidan keyingi „doimiy“ iqtisodiy yuksalishning notoʻgʻri talqin qilinishi oqibatida notoʻgʻri iqtisodiy qarorlar qabul qilinishi kabilar. Uning taʼkidlashicha, Andropov va Chernenkoga meros boʻlib qolgan iqtisodiyot bilan solishtirganda, Andropov va Chernenkoning iqtisodiy siyosati natijasida mamlakatdagi iqtisodiy vaziyat yaxshilanib, Mixail Gorbachyov „inqirozgacha boʻlgan vaziyatda“gi kam miqdorda ichki va tashqi qarzlar hisobidan oʻsib borayotgan yanada dinamik va jonli iqtisodiyotni meros qilib oldi.
The Rise and Fall of Communism (tarjimasi: Kommunizmning yuksalishi va qulashi) kitobi muallifi Archie Brown oʻz kitobida turgʻunlik davri atamasi „koʻp jihatdan oʻrinli ta’rif boʻlgan, chunki bu davr oʻsishning pasayish davri boʻlgan“, deb ta’kidlagan, biroq uning ta’kidlashicha, iqtisodiy boʻlmagan sohalardagi koʻrsatkichlar chalgʻituvchi boʻlishi mumkin. Brown fikrlari 1960-yillarning oʻrtalaridan oxirigacha (Sakkizinchi besh yillik reja davomida) yuqori oʻsish surʼatlariga asoslangan boʻlib, „Sovet iqtisodiyoti 1960-yillarning ikkinchi yarmida har qachongidan ham kuchliroq oʻsishga erishdi“ deb taʼkidlagan. Ushbu oʻsish surʼatlari va Kosigin islohoti oʻrtasidagi bogʻliqlik, Brownning soʻzlariga koʻra, „oz“, ammo „kommunistik hukmdorlar nuqtai nazaridan, Brejnev davri koʻp jihatdan muvaffaqiyatli boʻlgan“ deydi. Sovet Ittifoqining tabiiy resurslari 1973-yilgi neft inqirozi davrida oʻz samarasini berib, „energetik gullab-yashnash“ni taʼminlagan kuchli iqtisodiy poydevor yarata olgan. Boshqa tomondan, Brownning taʼkidlashicha, Sovet Ittifoqi 1970-yillarda boʻlgani kabi tabiiy resurslarga oʻta qaram boʻlib qolishi zaiflik belgisidir.
The Rise and Fall of the Soviet economy: an Economic History of the USSR from 1945 (tarjimasi: Sovet iqtisodiyotining yuksalishi va qulashi: 1945-yildan SSSRning iqtisodiy tarixi) kitobi muallifi Filipp Xanson turgʻunlik „butunlay adolatsiz“ emasligini taʼkidlaydi. Hansonning soʻzlariga koʻra, Brejnev iqtisodiy oʻsishning sekinlashuvi davrida hokimiyatni boshqargan, ammo bu davr Xrushchyov hukmronligining yakuniy davriga qaraganda yuqori surʼatlarda yaxshi oʻsish bilan boshlanganini daʼvo qiladi. Iqtisodiy pasayish 1973-yilda, „rasmiy hisob-kitoblarga koʻra, Sovet Ittifoqining aholi jon boshiga ishlab chiqarishda AQSh bilan farqni yoʻqotmasligini koʻrsata boshlaganida“ boshlandi. 1973-yilgacha Aleksey Kosigin boshlagan islohotlar davri boʻlib, koʻpchilik islohotlar Chexoslovakiya Sotsialistik Respublikasi va Vengriyadagi avvalgi islohotga urinishlar kabi radikal boʻladi deb hisoblardi. Hansonning soʻzlariga koʻra, koʻpchilik Brejnev davrida oʻsish toʻxtamagan, balki turgʻunlasha boshlagan, deb taxmin qilgan. 1970-yillarda aholi jon boshiga isteʼmol 1,9% ga oʻsganligi hamma narsa turgʻunlashmaganini koʻrsatadi. Oʻsishning bu koʻrsatkichi „juda obroʻli surʼati“ hisoblanadi. Hansonning yana bir fikri shundaki, Iosif Stalinning repressiv siyosati va Xrushchyovning beqaror siyosatidan farqli oʻlaroq, Brejnev davri barqaror va „(nisbatan) moʻl-koʻllik davri“ edi.