Abulqosim Iso ibn az-Zafir () (1149-yilda tugʻilgan – 1160-yilda vafot etgan) – shohlik nomi al-Fayz Binasrulloh () nomi bilan mashhur. 1154-yildan 1160-yilga qadar Misrda hukmronlik qilgan oʻn uchinchi va Fotimiylar xalifasi. Shialikning ismoiliy boʻlimi 23-imomi. Otasi vazir Abbos ibn Abu al-Futuh tomonidan oʻldirilgach, uning oʻrniga besh yoshli al-Fayz taxtga koʻtarilgan va butun umrini Tal’iy ibn Ruzzikning qoʻgʻirchogʻi sifatida oʻtkazgan. Epileptik tutqanoqlarni boshdan kechirgan al-Fayz oʻn bir yoshida shu kasallikdan vafot etgan. Oʻlimidan soʻng taxtga uning oʻrniga jiyani, oxirgi Fotimiy xalifasi al-Adid kelgan.

Hayoti Boʻlajak xalifa, Fotimiylar xalifaligining oʻn ikkinchi imomi, az-Zafirning oʻgʻli Abulqosim Iso 1149-yilda tugʻilgan. 1154-yil 16-aprelda otasi va ikki amakisi vazir Abbos ibn Abu al-Futuh va uning oʻgʻli Nasr tomonidan oʻldirilgan. Shundan keyin Abulqosim Iso besh yoshida taxtga koʻtarilgan va unga al-Fayz Binasrulloh (maʼnosi: Allohning yordami bilan gʻolib) shohlik nomi berilgan. Amakilarining jasadlari va Fotimiylar qoʻshinlarining baland ovozdagi hayqiriqlari yosh al-Fayzni choʻchitib yuborgan. Natijada bu qoʻrquvlar uning sogʻligida jiddiy muammolarga sabab boʻlgan. Epileptik tutqanoqlar va titroqlar aynan shu qoʻrquvlarning natijasi boʻlgan. Shu sababdan uning ommaviy marosimlardagi roli ham cheklangan edi. Hatto Nil daryosining suv bosishini nishonlash marosimi ham al-Fayzning hukmronligi davrida tunda oʻtkazilgan.

Ushbu qonli voqealar tez orada vazir Abbosning halokatli oʻlimiga olib kelgan. Dahshatga tushgan Fotimiy ayollari oʻzlarining sochlarini kesib, iltijo tariqasida Asyutning armanistonlik gubernatori Taloyi ibn Ruzzikka yuborib, uni yordamga chaqirishgan. Ibn Ruzzik ham bu taklifga tezda rozi boʻlib, Qohiraga yurish qilgan. Vazir Abbos bostirib kelgan Ibn Ruzzikning qoʻshiniga qarshilik koʻrsatishga uringan, lekin umumiy qoʻshin tarkibidagi askarlarning aksariyati uni qoʻllab-quvvatlashni istashmagan. Qolgan askarlarning ustiga tinch aholi toshlar bilan hujumga uyushtirgan. Oxir-oqibat, 29-may kuni Abbos oʻgʻli va bir guruh safdoshlari bilan poytaxtdan chiqib ketishga majbur boʻlgan. Ular poytaxtdan Suriyaga yoʻl olishgan, ammo 6-iyun kuni Oʻlik dengiz yaqinida salibchilar tomonidan toʻxtatilgan. Vazir Abbos oʻldirilib, uning oʻgʻli Nasr Fotimiylarga sotilgan va natijada saroy ayollari tomonidan kaltaklanib, oʻldirilgan.

Ibn Ruzzik 17-iyunda vakolatli vazir etib tayinlangan, voyaga yetmagan al-Fayz esa az-Zafirning singlisi, akalarining oʻlimi uchun vazir Abbos va uning oʻgʻli Nasrdan qasos olishda yetakchi rol oʻynagan Sitt al-Qusur (maʼnosi: saroylar xonimi) boshchiligidagi xolalari vasiyligiga topshirilgan. Buyuk Fotimiylar saroylari devorlaridan tashqarida Ibn Ruzzik davlatning haqiqiy hukmdori, al-Fayz esa uning asiri boʻlgan. U Hijoz va Iroqda Ali ashraflariga faol ravishda homiylik qilgan. U Vazirlar Badr al-Jamoliy va al-Afdal Shahanshohga taqlid qilishga uringan.

1155 va 1157-yilda Ibn Ruzzikka qarshi viloyat hokimlari tomonidan qoʻzgʻolonlar uyushtirilgan. Ibn Ruzzik oʻzining qonuniy hukmronligini mustahkamlashga intilib, Falastindagi salibchilarga qarshi tajovuzkor siyosat olib borgan. 1155-yilda Tirga dengiz hujumini, 1157 va 1158-yillarda Gʻazza va Xevronga bosqinlar uyushtirishgan va muvaffaqiyatga erishgan. Biroq Nuriddin Mahmud ibn Zangiy boshchiligidagi Suriya zangiylari bilan ittifoq tuzish orqali Misrni himoya qilishga urinishlari muvaffaqiyatsizlik bilan yakunlangan. Qudduslik Baldwin III 1160-yilda Misrga bostirib kirishga tayyorgarlik koʻrayotganida, Ibn Ruzzik pul evaziga uni sotib olish kerak boʻlgan. Ibn Ruzzik mamlakatda hozirgi kunga qadar qoʻllanib kelayotgan daromad yetishmasligini bartaraf etish uchun qoʻllaniladigan musodara yoʻlini joriy etgan. U, shuningdek, salibchilarga qarshi faol urush olib borgan.

Al-Fayz 1160-yil 22-iyulda epileptik tutqanoqdan vafot etgan. Ibn Ruzzik uning oʻrniga al-Fayzning voyaga etmagan toʻqqiz yoshli amakivachchasi al-Adidni tayinlagan. U vazirning qizlaridan biriga uylangan. Al-Adid Fotimiylarning soʻnggi xalifasi boʻlgan.

Manbalar

Adabiyotlar

Turkum:Fotimiy xalifalari oʻgʻillari Turkum:1160-yilda vafot etganlar Turkum:1149-yilda tugʻilganlar Turkum:XII asr Fotimiylar xalifalari