Milojko „Mickey“ Spajić (serb va chernogor kirillcha: ; 1987-yil 24-sentyabrda tugʻilgan) – chernogoriyalik siyosatchi va moliya muhandisi, 2023-yil oktyabridan beri Chernogoriya Bosh vaziri. Shuningdek, u 2020-yildan 2022-yilgacha Chernogoriya hukumati va Zdravko Krivokapić kabinetida Moliya va ijtimoiy taʼminot vaziri lavozimida ishlagan.
Spajić Europe Now partiyasining prezidenti hisoblanadi. 2024-yil holatiga koʻra, u burkina-fasolik Ibrahim Traoré va ekvadorlik Daniel Noboadan keyin davlat rahbariyatida faoliyat yuritayotgan dunyodagi uchinchi eng yosh shaxs sanaladi.
Yoshligi va taʼlimi Spajić 1987-yil 24-sentyabrda SFR Yugoslaviya, Chernogoriya SRning Pljevlja shahrida tugʻilgan. U yepiskop Metodije Ostojić bilan qarindosh. U Pljevlja gimnaziyasini eng yaxshi talabalardan biri sifatida tamomlagan va Yaponiyaning Saitama hamda Osaka universitetlarida oʻqishini davom ettirgan. Keyinroq, Yaponiya hukumati stipendiyasi sohibi sifatida ekometrika boʻyicha yapon tilida tahsil olgan. Talabalar almashinuvi dasturi doirasida Spajić Tsinghua universitetida ham tahsil olgan. U Fransiyadagi HEC Paris biznes maktabida stipendiya sohibi sifatida magistr darajasini olgan.
Oʻzining serb-xorvat tilidan tashqari, u ingliz, yapon, xitoy, rus va fransuz tillarini ham biladi.
Moliya sohasidagi faoliyati Oʻqishni tugatgandan soʻng Spajić AQShdagi Wall Streetda, Parij va Tokio shaharlarida ishlagan. Siyosatga qoʻshilishdan oldin u Goldman Sachs uchun kredit tahlilchisi boʻlib ishlagan. Shuningdek, Das Capital SGning Singapurdagi venchur kapital fondining hamkori boʻlgan.
Siyosiy faoliyati 2020-yilgi parlament saylovi
Spajić siyosiy faoliyatini partiyasiz siyosatchi sifatida boshlagan va 2020-yilgi parlament saylovlarida Zdravko Krivokapićning ekspertlar jamoasi aʼzosiga aylangan. Spajić Chernogoriyaga qaytishiga bir qancha sabablar borligini, lekin ulardan asosiysi bahsli „Din erkinligi toʻgʻrisida“gi qonunning qabul qilinishi ekanligini hamda qonun Chernogoriya tizimida qancha muammolar toʻplanib qolganini koʻrsatib berganini taʼkidlagan. Vaziyat yaxshilanmaguncha, u Chernogoriyadan boshqa davlatga koʻchib oʻtmasligini va hech bir investor „Serb pravoslav cherkovi (SOC) kabi muassasalar mavjud boʻlgan davlatga ishonmasligi“ni takʼidlagan. Diniy inqiroz davrida u Qoʻshma Shtatlarda Serb pravoslav cherkovi va Chernogoriya serblari manfaatlarini himoya qilishda ishtirok etgan.
Moliya va ijtimoiy taʼminot vaziri Spajić 2020-yil 4-dekabrda Moliya va ijtimoiy taʼminot vaziri sifatida qasamyod qilgan va Bosh vazir Zdravko Krivokapić davrida faoliyat olib borgan. Spajić va Iqtisodiyot vaziri Jakov Milatović oʻz davrida munozarali Europe now iqtisodiy islohot dasturini taqdim etishdi va amalga oshirishgan. Parlament inqirozidan soʻng Bosh vazir Krivokapić Chernogoriya parlamenti Bosh vazir oʻrinbosari Dritan Abazovićni lavozimidan chetlashtirish tashabbusi bilan chiqqan va uning oʻrniga Spajićni Bosh vazir oʻrinbosari lavozimiga tayinlashni taklif qilgan. Spajić butun vazirlik maoshini xayriya ishlariga sarflaganini tasdiqlagan.
Europe Now partiyasi 2022-yilda Spajić va Milatović Europe Now (PES) siyosiy partiyasini tuzishgan va unda Spajić prezident, Milatović esa prezident oʻrinbosari lavozimini egallagan. PES 2022-yilgi mahalliy saylovlarda ishtirok etgan.
2023-yilgi saylovlar Spajić 2023-yilgi prezidentlik saylovlarida Chernogoriya prezidentligiga nomzodini qoʻyishga harakat qilgan, biroq uning nomzodi Serbiya va Chernogoriyaning ikki davlat fuqaroligini olgani aniqlangani sababli Davlat saylov komissiyasi (DSK) tomonidan rad etilgan. Ushbu yangilikdan soʻng u 2009-yilda Serbiya fuqaroligini olganligini va uning Serbiya fuqaroligidan voz kechish jarayoni hali ham davom etayotganini taʼkidlagan. Keyinchalik Spajić Yaponiyaga vizasiz borishi uchun Serbiya fuqaroligini qabul qilganini aytgan. Spajićning oʻrniga Milatović PES nomzodi sifatida saylovda ishtirok etgan va ikkinchi bosqichda 58,88% ovoz bilan amaldagi prezident Milo Đukanovićni magʻlub etgan.
Prezidentlik saylovlaridan soʻng Spajić masʼuliyatni oʻz zimmasiga olishga va 2023-yilgi parlament saylovlarida PESning saylov byulletenlari tashuvchisi boʻlishga tayyorligini aytgan. 26-aprel kuni u PESning saylovchilar roʻyxatiga rahbarlik qilishi tasdiqlangan. Saylov davomida Bosh vazir Dritan Abazović va Ichki ishlar vaziri Filip Adžić Spajićni 2023-yil martida Chernogoriyada hibsga olingan janubiy koreyalik kriptovalyuta ishlab chiqaruvchisi Do Kwon bilan aloqada boʻlganlikda ayblashgan. Abazovićning soʻzlariga koʻra, Do Kwon qamoqxonadan Abazović, Adžić, Adliya vaziri Marko Kovač va Bosh prokuror Vladimir Novovićga Spajić bilan aloqalari haqida maʼlumot beruvchi xat yuborgan. PES Spajićga qoʻyilgan ayblovlarni rad etgan va Do Kwon maktubni Abazović buyrugʻi bilan imzolaganini taʼkidlagan. PES parlament saylovlarida umumiy ovozlarning taxminan 25 foizini qoʻlga kiritib, Chernogoriya parlamentida eng koʻp ovoz bilan birinchi oʻrinni egallagan. Saylovdan keyin Do Kwon Spajićni moliyaviy qoʻllab-quvvatlaganini rad etgan.
2023-yil 10-avgustda Prezident Jakov Milatović Spajićga yangi hukumatni tuzish vaklolatini bergan.
Chernogoriya Bosh vaziri 31-oktyabrda Chernogoriya parlamenti yangi hukumat tarkibini tasdiqlagan hamda unga Spajić Bosh vazir etib tayinlangan.
Siyosiy pozitsiyalari Spajić Chernogoriyaning Yevropa Ittifoqiga qoʻshilishini qoʻllab-quvvatlagan, lekin Gʻarb siyosatchilari „Chernogoriya bilan qiziqmaydi“ deb hisoblagan. Uning taʼkidlashicha, NATOga qoʻshilish „Chernogoriya uchun yaxshi harakat“, lekin u Boltiqboʻyi mamlakatlariga Chernogoriya askarlarini joylashtirishga qarshilik qiladi. Spajić Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishini qoralab, uni agressiya deb hisoblagan va garchi sanksiyalar „Moskvani oʻz yoʻlida qatʼiy turishini yanada mustahkamlaydi“ deb hisoblasa ham, Rossiyaga sanksiya qoʻyishni qoʻllab-quvvatlagan. Spajić Chernogoriyaning Kosovo mustaqilligini tan olishni bekor qilish haqidagi takliflariga qarshi boʻlgan va bu „ortda qolgan mavzulardan biri“ deb hisoblashini aytgan. U Chernogoriya va Serbiya oʻrtasidagi yaqin munosabatlar tarafdori boʻlgan.
Shaxsiy hayoti Spajićning sobiq xotinidan bir qizi bor. U serb pravoslav cherkovining aʼzosi.
Manbalar
Havolalar
Turkum:Vazirlar Turkum:Bosh vazirlar