Abdumutal Abdullayev (1949-yil 12-may, Xoʻjaobod tumani, Andijon viloyati Oʻzbekiston SSR, SSSR – 2022-yil 26-sentyabr, Andijon viloyati, Oʻzbekiston) – Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist (1991), yozuvchi va publitsist. „Oltin qalam“ xalqaro mukofoti sovrindori (2006). Uzoq yillar mobaynida „Andijonnoma“ gazetasida faoliyat olib borgan.

Biografiyasi Abdumutal Abdullaev 1949-yil 12-mayda Andijon viloyati Xoʻjaobod tumani Koʻtarma qishlogʻida tugʻilgan. 1956—1966-yillarda Xoʻjaobod tumanidagi oʻrta maktabda oʻqigan. 1971-yilda Toshkent davlat universiteti (hozirgi OʻzMU)ning jurnalistika fakultetini tamomlagan.

Mehnat faoliyati Mehnat faoliyatini "Andijonnoma" (sobiq „Kommunist“) gazetasida boshlagan. 1975—1980-yillar mobaynida Respublika „Qishloq hayoti“ (sobiq „Qishloq haqiqati“) gazetasining Fargʻona vodiysi boʻyicha muxbiri, 1980—1982-yillarda Andijon viloyati firqa qoʻmitasida matbuot yoʻriqchisi, 1982-yildan „Andijonnoma“ gazetasi bosh muharririning oʻrinbosari, 1990-yildan bosh muharrir, 1996-yildan bosh muharrirning birinchi oʻrinbosari lavozimlarida faoliyat yuritgan. 2012-yildan 2016-yilga qadar bosh muharrir vazifasini bajaruvchi lavozimida ishlagan. 2016—2020-yillarda esa „Hamkorbank“ ATBning „Hamkor press“ gazetasi bosh muharriri sifatida faoliyat yuritgan. Umrining oxiriga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (Ombudsman)ning Andijon viloyati boʻyicha mintaqaviy vakili sifatida ishlagan.

Ijodiy faoliyati 1994-2014-yillar davomida vatanparvarlik, el-yurtga mehr-muhabbat, umuminsoniy qadriyatlar, maʼrifiy-maʼnaviy, lirik, falsafiy-tasavvufiy mavzulardagi „Hazrati Attor“, „Muhabbatdan soʻz ochma menga“, „Koʻngil tinchirmidi?“, „Andijonnoma mutoibalari“, „Siyratga sayr“, „Dunyoning kaliti“, „Alushta ertagi“, „Ishqqa davo yoʻq“, „Dard“, „Umrki bir sinoat“, „Alfons“, „Hajdagi hayotim“, „Qubays togʻidagi nido“, „Qaqnus“, „Yigit yigʻlamasin“, „Muhabbat maktubi“ kabi kitoblari chop etilgan. Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi hamda Oʻzbekiston Jurnalistlari uyushmasi aʼzosi boʻlgan. Abdumutal Abdullayev 2022-yilning 26-sentyabr kuni 73-yoshida vafot etgan.

Yutuqlari 1991-yilda Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist faxriy unvoniga sazovor boʻlgan. 2006-yilda Xalqaro „Oltin qalam“ mukofoti sovrindori sifatida eʼtirof etilgan.

Manbalar

Turkum:Oʻzbekiston yozuvchilari uyushmasi aʼzolari Turkum:Oʻzbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi aʼzolari