Buyuk didaktika () – Yan Amos Komenskiyning pedagogikaga oid asari.1627–1638-yillar oraligʻida yozilgan. Ilk marotaba 1657-yilda nashr etilgan.
Mazmuni „Buyuk didaktika“ asari umuman pedagogika sohasidagi birinchi buyuk asar sifatida tan olinadi. Uning muallifi Yan Amos Komenskiy oʻz asarini „hayot didaktikasi“ deb atagan boʻlib, uning maqsadi „hammaga hamma narsani toʻliq oʻrgatish“ yoki „hammaga hamma narsani butun holida oʻrgatish“ boʻlgan. Bu yuksak daʼvoning zamirida faqat bilimli odamgina chinakam inson boʻla oladi, degan zamonaviy qarash yotadi. Shunday qilib, Komenskiy optimistik antropologiya yondashuvini ilgari surgan. Bu yondashuv har bir insonda ezgulik mavjudligini va uni rivojlantirish mumkinligini (taʼlim orqali) taʼkidlaydi. Shu bilan birga, „Buyuk didaktika“ oʻquvchilar uchun qulay taʼlim muhitida yuqori natijaga erishish yoʻl-yoʻriqlarini ham taqdim etadi.
Komenskiy oʻzining ushbu asarida hozirgi Amerika taʼlim tizimiga toʻliq mos keladigan maktablar tizimini tasvirlab bergan. Bu tizim bogʻcha, boshlangʻich maktab, oʻrta maktab, kollej va universitetni oʻz ichiga oladi. Kitobda pansofizm (umumiy bilim) deb ataladigan taʼlim falsafasi ilgari surilgan boʻlib, uning maqsadi barcha narsalarni barcha odamlarga har tomonlama oʻrgatishdir. Komenskiyning fikricha, insoniyat pansofik taʼlimot orqali hamjihatlikda yashashi mumkin. U bolalarda bilim va ezgulikka tabiiy intilish mavjud, deb hisoblagan.
Komenskiy „Buyuk didaktika“ asarida maktabdan tashqarida, tabiatdan ham oʻrganishni tavsiya etgan. Uning fikricha, agar bola maktabda taʼlim olayotgan boʻlsa, bu jarayon sinfdan tashqariga chiqib, kundalik hayotda ham davom etishi lozim. Komenskiy bu dunyoviy bilimlarni oʻzlashtirish jarayonini oʻquvchilarga atrof-muhitdagi narsalar bilan bevosita muloqot qilish imkoniyatini yaratish hamda bilimlarni bolalarning qiziqishlari va hayotiy ehtiyojlariga moslashtirgan holda tizimlashtirish orqali amalga oshirgan.
Oʻzbekcha nashri Komenskiyning ushbu asari oʻzbek tiliga 1975-yil „Oʻqituvchi“ nashriyotida M.Ochilov tarjimasi bilan akademik Siddiq Rajabov tahriri ostida nashr etilgan. Unga 1955-yilda chop etilgan ruscha nashri asos qilib olingan.
Yana qarang Hislar vositasida idrok qilinadigan narsalar tasviri Tillar va hamma fanlarning ochiq eshigi
Manbalar
Havolalar
Turkum:Yan Amos Komenskiy kitoblari