Marj Rahit jangi () – Ikkinchi fitna davridagi dastlabki janglardan biri. 684-yil 18-avgustda sodir boʻlgan. Umaviy xalifasi Marvon I ning tarafdorlaridan iborat, asosan, Banu Kalb qabilasi yetakchilik qilgan Yaman qabilalar ittifoqi hamda oʻzini Makkada xalifa deb eʼlon qilgan Abdulloh ibn az-Zubayr tarafdori ad-Dahhok ibn Qays al-Fihriy boshchiligidagi Qays qabilalari qoʻshini oʻrtasida kechgan. Yaman qabilalarining gʻalabasi Umaviylarning Bilod ash-Shom (hozirgi Levant) ustidan nazoratini mustahkamladi va Ibn az-Zubayrga qarshi yuritilgan urushda ularning hal qiluvchi gʻalabasiga zamin yaratdi. Biroq ushbu jang Qays va Yaman qabilalari oʻrtasida chuqur adovat va raqobatning boshlanishiga sabab boʻldi, bu esa Umaviylar xalifaligi hukmronligining qolgan yillarida tinimsiz mojarolar va siyosiy beqarorlikka olib boʻldi.

Oqibati Marj Rahitdagi gʻalaba Umaviylarning Suriyadagi mavqeini mustahkamladi va Ibn az-Zubayr tarafdorlariga qarshi hujumga oʻtish imkonini berdi. Oʻsha yilning oxiriga kelib, Misr ustidan nazorat qayta tiklandi, biroq Ubaydulloh ibn Ziyod boshchiligidagi Umaviylar Iroqni qaytarib olishga uringanida, 686-yilning avgustida Mosul yaqinida ularning yurishi al-Muxtor boshchiligidagi Alaviy tarafdorlar tomonidan toʻxtatildi. 685-yil aprel oyida Marvon I ning vafotidan soʻng xalifalikka tayinlangan Abdulmalik keyingi yillarda avvalo oʻz hokimiyatini mustahkamlash bilan shugʻullandi. Shu bilan birga, 687-yilda Mus’ab ibn az-Zubayr al-Muxtorni magʻlubiyatga uchratib, butun Iroqni oʻz nazorati ostiga oldi. 691-yilda Abdulmalik Zufar al-Kilobiy boshchiligidagi Qays qabilalarini Umaviylar tomoniga ogʻdirishga muvaffaq boʻldi va Iroqqa yurish boshladi. Natijada, Mus’ab ibn az-Zubayr magʻlubiyatga uchradi va halok boʻldi. Umaviylar Sharqdagi barcha hududlar ustidan yana oʻz nazoratini tikladi. 692-yil oktyabrda Makka yana bir bor qamal qilinib, Abdulloh ibn az-Zubayr oʻldirildi va shu bilan ichki urush (Ikkinchi fitna) oʻz nihoyasiga yetdi.

Manbalar

Turkum:Umaviylar xalifaligi ishtirokidagi janglar Turkum:684