Taxi Driver (Taksi Haydovchisi) — 1976-yilda rejissyor Martin Scorsese tomonidan suratga olingan va Paul Schrader ssenariysi asosida yaratilgan Amerika neo-nuar, psixologik drama filmi. Voqealar Vetnam urushidan keyingi davrda, Nyu-York shahrida boʻlib oʻtadi, filmda bosh rolni tungi taksi haydovchisi Travis Bickle obrazini gavdalantirgan Robert De Niro ijro etgan. Film 1976-yilgi Cannes kinofestivalida „Oltin palma novdasi“ mukofotini qoʻlga kiritgan. Film 49-Oscar mukofotida toʻrtta nominatsiyaga, jumladan „Eng yaxshi film“ nominatsiyasiga nomzod boʻlgan.
Syujeti Nyu-York. AQSH Dengiz piyodalari korpusining sobiq askari hamda Vetnam urushi faxriysi Travis Bickle surunkali uyqusizlik va ich-etini yeyayotgan yolgʻizlikdan qochish ilinjida tungi taksi haydovchisi boʻlib ishga kiradi. U ish orasidagi qisqa tanaffuslarni katta yoshdagi insonlar uchun moʻljallangan kinoteatrlarining qorongʻi zallarida oʻtkazadi, tungi shahar boʻylab kezishlaridan soʻng, oʻz kechinmalarini kundaligiga muhrlab boradi. Biroq megapolis koʻchalarini qoplagan jinoyatchilik, fohishabozlik va maʼnaviy tanazzul uning qalbini chuqur nafratga toʻldiradi, endilikda Travis ushbu koʻchalarni „yomon illatlardan tozalash“ istagi bilan yashay boshlaydi. Uning kundalik sahifalari borgan sari qahramon ruhiyatining tubsizlikka qarab qulab borayotganidan darak berar edi.
Kunlarning birida Travis prezidentlikka nomzod boʻlgan senator Charles Palantinening saylov shtabida faoliyat yuritayotgan goʻzal Betsyga koʻngil qoʻyadi. U qizni bir finjon qahvaga taklif qilib, uning ishonchini qozonishga muvaffaq boʻladi biroq navbatdagi uchrashuvda qizning koʻnglini mutlaqo tushunmasligini koʻrsatib, uni erotik filmlar namoyish etiladigan kinoteatrga olib boradi. Bu haqoratga chiday olmagan Betsy kinoteatrni darhol tark etadi. Rad etilganidan gʻazablangan va oʻzini haqoratlangandek his qilgan Travis keyinchalik saylov shtabiga bostirib kirib, qizga alamini sochadi va u yerdan quvib chiqariladi.
Yolgʻizlik va muvaffaqiyatsizlik Travisning ruhiyatini battar kemiradi. Qalbidagi gʻazab otashini bosish uchun hamkasbi Wizardga koʻnglidagi zoʻravonlik va qasos haqidagi oʻylarini toʻkib sochadi, biroq hamkasbi uning gaplariga mutlaqo beparvo qaraydi. Ruhiy muvozanati butkul buzilgan Travis jismoniy mashqlarga ruju qoʻyadi va oʻzini „yomon illatlardan tozalash“ missiyasiga tayyorlay boshlaydi. U qora bozordan toʻrtta toʻpponcha sotib olib, palto yengiga qurolni tezda chiqarib beruvchi maxsus moslama oʻrnatadi. Endi u senator Palantinening mitinglarida shunchaki tomoshabin emas, balki qora niyatli kuzatuvchi sifatida paydo boʻladi, hatto unga tahdid xati ham yozadi. Ruhiyatidagi buzilishlar amalda ham koʻrina boshlaydi, tunlarning birida u doʻkonni talamoqchi boʻlgan qaroqchini sovuqqonlik bilan otib oʻldiradi va politsiya yetib kelmasidan avval voqea joyidan gʻoyib boʻladi.
Travis koʻchada tez-tez Iris ismli 12 yoshli oʻsmir fohisha qizga koʻzi tushadi. Travis qizning sutenyori (qoʻshmachi) hamda zoʻravon sevgilisi Matthew Higginsni (laqabi-Sport) goʻyoki mijoz sifatida aldab, qiz bilan xilvatda uchrashishga muvaffaq boʻladi va uni bu jirkanch hayotni tark etishga koʻndirishga urinadi. Shundan soʻng u sochini „mohawk“ uslubida oldirib, senator Palantinega suiqasd uyushtirish maqsadida mitingga yoʻl oladi. Biroq maxfiy xizmat agentlari uning qoʻlini shubhali tarzda paltosi ichiga yashirganini payqab qolishadi va bu ularda shubha uygʻotadi va ortidan quvishadi, Travis esa taʼqibdan qochib, bazoʻr oʻz uyiga yashirinishga ulguradi.
Oʻsha tunda u Iris saqlanayotgan fohishaxonaga bostirib kiradi. Ayovsiz otishmada dastlab Higginsni (laqabi-Sport), soʻngra qizning mijozi boʻlgan Mafiya aʼzosini otib oʻldiradi. Travisning oʻzi ham bir necha joyidan ogʻir yaralanadi, shunga qaramay, soʻnggi kuchini toʻplab fohishaxona qoʻriqchisini ham mahv etadi. Qon daryo boʻlib oqayotgan xonada, u daxshatdan yigʻlab turgan qizning yonidagi divanga holsiz qulab tushadi. Shifoxonada koma holatiga tushgan Travisni matbuot jinoyatchi emas, balki begunoh qizni qutqargan haqiqiy qahramon sifatida koʻklarga koʻtaradi va politsiya unga hech qanday ayblov qoʻymaydi. Koʻp oʻtmay Irisning Pitsburgdagi ota-onasidan minnatdorchilik xati keladi, qizlari endi xavfsiz bagʻrida va yana maktabga bormoqda. Jarohatlaridan sogʻayib, taksichilikka qaytgan Travisning mashinasiga tasodifan Betsy oʻtiradi va uning jasorati haqida gazetada oʻqiganini hayrat bilan soʻzlaydi. Travis uni manziliga yetkazib qoʻyadi, biroq xizmat haqini olishdan bosh tortib, jilmaygancha xayrlashadi. Ammo mashina harakatlanishi bilan orqani koʻrsatuvchi oynada nimadir koʻziga tashlanadi, u bir lahza bezovta boʻladi, soʻng tungi shahar bagʻriga shoʻngʻib ketadi.
Ishlab chiqarish Ssenariy muallifi Paul Schrader ssenariyni ikki haftadan kam vaqtda yozgan. Paul Schrader Nyu-Yorkda yashab yurganida ashaddiy uyqusizlikdan qiynalgan va ajrashgandan keyin bir necha hafta davomida mashinasida tunab yurgan. Bosh qahramon Travis obrazini yaratishda Schrader 1972-yilda siyosatchi George Wallaceni otib yaralagan Arthur Bremerning kundalik yozuvlaridan ilhom oladi. Keyinchalik Schrader va Scorsese oʻrtasidagi hamkorlikka rejissyor Brian De Palma sababchi boʻladi.
Travis Bickle roli boshida Dustin Hoffmanga taklif qilingan edi, ammo u Scorseseni „telba“ deb oʻylab, roldan voz kechadi. Keyinchalik Al Pacino va Jeff Bridges nomzodlari ham koʻrib chiqiladi. Rolni qoʻlga kiritgan Robert De Niro esa unga tayyorlanish uchun jiddiy kirishadi. U Italiyada Bernardo Bertolucchining „1900“ filmida suratga tushayotgan paytlarida ham vaqt topib, Nyu-Yorkka uchib keladi. Aktyor haqiqiy taksichilik guvohnomasini olib, bir necha hafta koʻchalarda yoʻlovchi tashiydi. Bundan tashqari, u rol uchun oʻz vaznini 16 kilogrammga kamaytiradi.
1974-yil aprel oyida „Columbia Pictures“ Scorsesega film uchun 1,3 million dollar beradi, ammo yakunda film harajatlari 1,9 million dollarga yetadi. Loyihani barbod boʻlishdan qutqarish uchun aktyorlar oʻz gonorarlarini kamaytirishga rozi boʻlishadi, Robert De Niro bilan Cybill Shepherd 35 000 dollardan, Scorsese esa 65 000 dollar ish haqi oladi. Suratga olish jarayoni 1975-yil yozida, Nyu-York shahrining gʻarbiy qismida oʻtadi. Oʻsha paytda shahar bankrotlik yoqasida edi, ustiga ustak jazirama issiq va farroshlarning ish tashlashi sharoitni yanada ogʻirlashtirgan edi. Film yakunidagi otishma sahnasining oʻta zoʻravonligi tufayli MPAA (Motion Picture Association) tashkiloti unga „X“ reytingini (bu reyting qoʻyilgan filmlarga 17 yoki 18 yoshga toʻlmagan tomoshabinlarning kirishi qatʼiyan taqiqlangan) bermoqchi boʻladi. Shunda Scorsese nisbatan yumshoqroq „R“ reytingini (voyaga yetmaganlar faqat ota-onasi yoki voyaga yetganlar hamrohligida kirishi mumkin) olish uchun kadr ranglarini biroz pasaytirib, xiralashtiradi.
Mazkur kinokartina bastakor Bernard Herrmann uchun hayotidagi soʻnggi ijod mahsuli boʻlib qoldi, u 1975-yilning 24-dekabrida, film saundtreki yozib boʻlinganidan bir necha soat oʻtib toʻsatdan vafot etadi. Shu sababli ham asarning yakunidagi titrlar uning yorqin xotirasiga bagʻishlanadi. „Taxi Driver“ filmi ilk bor 1976-yil 8-fevralda „Columbia Pictures“ kinokompaniyasi tomonidan katta ekranlarga chiqariladi. Nyu-Yorkdagi mashhur „Coronet“ kinoteatrida namoyish etilgan dastlabki haftasidayoq film 68 000 dollar daromad keltirib, kinoteatr tarixidagi mutlaq rekordni yangilaydi, yakunda esa birgina AQSh kinoteatrlarida jami 28,3 million dollar mablagʻ yigʻishga muvaffaq boʻladi. Filmning kino sanʼatiga koʻrsatgan ulkan taʼsiri inobatga olinib, 1994-yilda film Kongress kutubxonasi tomonidan Milliy kino reyestriga kiritiladi va madaniy, tarixiy hamda estetik jihatdan nodir meros deb eʼlon qilinadi.
Rollarda
Manbalar
Havolalar
Turkum:Alifbo boʻyicha filmlar
Turkum:1976-yil filmlari Turkum:Ingliz tilidagi filmlar Turkum:AQSh filmlari Turkum:Martin Scorsese filmlari Turkum:Columbia Pictures filmlari Turkum:AQSh dramatik filmlari