„Capernaum“ — 2018-yilda chiqarilgan Livan drama filmi. Rejissyori — Nadine Labaki, prodyuseri — Khaled Mouzanar. Ssenariy Labaki, Hojaily, Keserwany, Georges Khabbaz va Khaled Mouzanar hikoyasi asosida Labaki, Jihad Hojaily va Michelle Keserwany tomonidan yozilgan. Suriyalik qochqin bola Zain Al Rafeea Bayrut xarobalarida yashovchi 12 yoshli Zain El Hajj rolini oʻynagan. Film voqealari oʻtgan voqealarni eslash tarzida yoritilgan. Unda Zainning hayoti, jumladan, efiopiyalik musofir ayol Rahil va uning chaqaloq oʻgʻli Yonas bilan uchrashgani, ota-onasini farzandiga eʼtiborsizlik qilganligi uchun sudga berishga urinishi tasvirlangan.

Filmning ilk namoyishi 2018-yilgi Cannes kinofestivalida boʻlib oʻtgan. Festivalda „Palme d'Or“ mukofotiga da’vogarlik qilish uchun tanlab olingan va Jury Prize mukofotini qoʻlga kiritgan. „Capernaum“ 2018-yil 17-may kuni kinofestivaldagi premyerasidan soʻng tomoshabinlarning 15 daqiqalik olqishlariga sazovor boʻlgan. Sony Pictures Classics kompaniyasi filmning Shimoliy va Lotin Amerikasi hamda Janubiy Afrikadagi tarqatish huquqlarini sotib olgan, xalqaro tarqatish huquqlari esa Wild Bunch kompaniyasida qolganUS Copyright Office Document No. V9966D980 / 2019-04-04. Film 2018-yil 20-sentyabrdan keng ommaga namoyish etila boshlangan.

„Capernaum“ tanqidchilar tomonidan iliq kutib olingan. Ayniqsa, Labakining rejissyorlik ishi, Al Rafeea ijrosi va filmning hujjatli filmdek haqiqatga yaqinligi eʼtirof etilgan. The New York Times nashrida Manohla Dargis va A. O. Scott uni 2018-yilning eng yaxshi filmlaridan biri deb baholagan. Film Oscar mukofotining „Eng yaxshi xorijiy film“ nominatsiyasi uchun nomzodlik qilgan.

„Capernaum“ hozirgacha eng yuqori daromad keltirgan arab va Oʻrta Sharq filmi hisoblanadi. Suratga olish uchun ketgan umumiy xarajat 4 million dollar, film esa butun dunyo boʻylab 68 million dollardan koʻproq daromad olib kelgan. Eng katta daromad Xitoydan boʻlib, u yerda 54 million dollardan ortiq mablagʻ toʻplagan.

Voqealar rivoji Bayrutning xaroba mahallasida yashovchi 12 yoshli Zain El Hajj uni „itvachcha“ deb ataydigan odamni pichoqlagani sababli Roumieh qamoqxonasida besh yillik qamoq jazosini oʻtamoqda. Zain ham, ota-onasi ham uning aniq tugʻilgan sanasini bilishmaydi, chunki ular hech qachon rasmiy tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnoma olmaganlar. Jazoni oʻtash davrida, Zain ota-onasi — onasi Souad va otasi Selimga qarshi sudga ariza beradi. Sudya undan nega ota-onasini sudga bergani haqida so‘raganida, Zain „Hayot berishgani uchun“ deb javob beradi. Ayni paytda Livan hukumati bir guruh mehnat muhojirlarini, jumladan Rahil ismli yosh efiopiyalik ayolning ishini koʻrib chiqayotgan boʻladi.

Soʻng hikoya Zainning qamoqqa olinishidan bir necha oy oldingi voqeaga koʻchadi. Zain ota-onasi bilan yashaydi va kamida 7 ta uka-singillariga qarab yuradi. Ular maktabga borish oʻrniga turli yoʻllar bilan tirikchilik uchun pul topishadi. Zain tramadol tabletkalarini sotib olish uchun soxta tashxis qogʻozlaridan foydalanadi. Ular dorini kukun holiga keltirib, uni kiyimlarga singdirishadi va ukasi ularni qamoqxonadagi giyohvandlarga sotadi. Zain, shuningdek, oilasi yashayotgan uyning ijarachisi, mahalliy doʻkon egasi Assadning doʻkonida yetkazib beruvchi boʻlib ishlaydi.

Zain 11 yoshli singlisi Saharni ota-onasi Assadga turmushga bermoqchi ekanliklarini sezib qoladi. Shu sababli singlisi bilan qochib ketish, yangi hayot boshlashni rejalashtiradi. Ammo gumonlari toʻgʻri chiqadi — ota-onasi 2 tovuq evaziga singlisini Assadga turmushga berib yuborishadi. Ota-onasidan gʻazablangan Zain uyidan qochib ketadi va avtobusda oʻrgimchak-odam kiyimini kiyib olgan qariyani uchratadi. Bu odam Luna Parkka yetganda avtobusdan tushadi. Zain ham unga ergashadi va kunning qolgan qismini parkda oʻtkazadi. Ferris charxpalagiga chiqqanda, Zain quyosh botishiga koʻzi tushadi va koʻziga yosh oladi. Soʻng, istirohat bogʻida tozalovchi boʻlib ishlovchi musofir ayol Rahilni uchratadi. Ayolning unga rahmi keladi va kichkina kulbasidan boshpana berishga rozi boʻladi. Evaziga ishdaligida Zain uning hujjatsiz chaqalogʻi Yonasga qarab turishi kerak boʻladi.

Rahilning qalbaki musofirlik hujjatlarining muddati tez orada tugaydi, ammo Aspra yangi qalbaki hujjatlar tayyorlab berishi uchun toʻlashga yetarli puli yoʻq edi. Aspra unga oʻgʻli Yonasni berishi evaziga tekinga qalbaki hujjatlar tayyorlab berishni taklif qiladi. Garchi Aspra Yonas hujjatga ega boʻlmagani sabab hech qachon taʼlim olish va ishga kirish imkoniyatiga ega boʻlmasligini taʼkidlasa-da, Rahil taklifni rad etadi. Koʻp oʻtmay Rahilning hujjatlarining muddati tugaydi va Livan hukumati tomonidan qoʻlga olinadi. Zain uning kulbaga qaytmaganidan vahimaga tushadi va bolaga oʻzi gʻamxoʻrlik qila boshlaydi. Boshqalarga goʻdakni oʻz ukasi deb tanishtiradi va pul topish uchun yana tramadol sota boshlaydi.

Kunlarning birida, Aspra yashaydigan Souk Al Ahad atrofida Maysoun ismli qizni uchratadi. Qiz suriyalik muhojir bʻlib, Aspra uni Shvetsiyaga yubormoqchi ekanini aytadi. Zain ham Aspradan oʻzini Shvetsiyaga yuborishini soʻraydi. Buning evaziga Aspra goʻdakni unga berishi kerakligini aytadi. Ijarachi Rahilning uyini yopib ketib, barcha pul va buyumlari ichkarida qolib ketgandan soʻng, Zain noilojlikdan bolani Aspraga topshiradi. Aspra unga xorijga chiqish uchun hujjatlari kerakligini aytadi. Zain uyiga qaytadi va ota-onasidan hujjatlarini talab qiladi, ular esa uning hech qanday hujjati yoʻqligini aytishadi. Qochib ketgani uchun ota-onasi undan voz kechib, uydan haydashadi, biroq Zain shu paytda singlisi Saharning homiladorlikdagi qiyinchiliklar sabab oʻlib qolganidan xabar topadi. Gʻazablangan Zain pichoq olib, uydan yugurib chiqib ketadi va Assadni pichoqlaydi. Soʻng u hibsga olinadi va Roumieh qamoqxonasiga 5 yilga hukm qilinadi.

Qamoqxonada onasi bilan uchrashuvda, Zain uning yana homiladorligidan va boʻlajak farzandiga Sahar deb ism qoʻymoqchiligidan xabar topadi. Qizining oʻlimidan pushaymon emasligidan jirkanib, onasini yuraksiz deb ataydi va boshqa kelmasligini aytadi. Bolalarga nisbatan zoʻravonlik haqida xabar berish soʻraladigan TV koʻrsatuv vaqtida Zain OAV bilan bogʻlanib, ota-onasining farzandlariga eʼtiborsizligidan charchagani va ularning bolalarga gʻamxoʻrlik qila olmayotganiga qaramay, yana bolali boʻlishda davom etayotgani sababli sudga bermoqchi ekanini aytadi. Sudya ota-onasidan nima xohlashini soʻraganda, „Ortiq farzand dunyoga keltirishmasligini“ deb javob beradi, chunki uka-singillari va tugʻilajak bolani ham oʻzi va Sahardek qarovsizlik va zoʻravonlikdan aziyat chekishini istamaydi. Zain, shuningdek, Aspra bolalarni noqonuniy asrab olayotgani va ularga yomon munosabatda boʻlayotganini maʼlum qiladi. Zain sudda gʻalaba qozonadi va Saharning oʻlimi uchun adolat qaror topadi. Aspraning uyida tintuv oʻtkaziladi, natijada ota-onalar va bolalar, shu qatorda Rahil va Yonas ham, qayta topishadilar.

Zain ID karta uchun suratga tushadi. Fotograf uning kayfiyatini koʻtarish uchun hazillashadi: „Tabassum qil, Zain. Bu surat passportga, vafot etganlik guvohnomasiga emas!“.

Rollarda

Zain Al Rafeea — Zain El Hajj (Bayrut xarobalarida yashovchi 12 yoshli bola) Yordanos Shiferaw — Rahil (istirohat bogʻida tozalovchi boʻlib ishovchi efiopiyalik ayol) Boluwatife Treasure Bankole (qiz bola) — Yonas (Rahilning oʻgʻli) Kawthar Al Haddad — Souad (Zainning onasi) Fadi Kamel Youssef — Selim (Zainning otasi) Nour el Husseini — Assad (mahalliy doʻkon egasi va Saharning eri) Alaa Chouchnieh — Aspra Cedra Izzam — Sahar (Zainning singlisi) Nadine Labaki — Nadine (Zainning advokati) Joseph Jimbazian — Mr. Harout (istirohat bogʻidagi ishchi) Farah Hasno — Maysoun (suriyalik yosh muhojir)

Ishlab chiqarilishi Ssenariy muallifi va rejissyori film gʻoyasini quyidagicha tasvirlaydi:

Film byudjeti 4 million dollarni tashkil etgan. Prodyuser Khaled Mouzanar kerakli mablagʻni yigʻish uchun uyini garovga qoʻygan.

2012-yildan buyon Bayrut xarobalarida yashovchi suriyalik muhojir Zain Al Rafeea suratga olish paytida 12 yosh boʻlgan. Gavdalantirgan qahramonining ismi Al Rafeeaning oʻz nomidan olingan. Aktyorlarning koʻpchiligi filmda ilk bor rol ijro etgan, chunki Labaki katta ekranda hayot uchun kurashni bor holicha yoritib berishni xohlagan. Al Rafeea qochqin sifatida qashshoqlikda kechgan hayot tajribasiga tayangan holda filmdagi dialoglarni tuzishga katta hissa qoʻshgan.

Labaki ham aktrisa boʻlsa-da, oʻzi filmda kichik rol oʻynagan, chunki real aktyorlarning oʻz tajribasidan kelib chiqqan holda qahramonlarni gavdalantirishini maʼqul koʻrgan. Suratga olish jarayoni 6 oy davom etgan va kadrlar jami 500 soatni tashkil etgan. 2 soatli film holiga keltirish uchun esa Labaki va uning montaj jamoasi bir yarim yil vaqt sarflagan . Filmning birinchi versiyasi 12 soat davom etgan, ammo jamoasi bilan tun-u kun ishlash natijasida Labaki film davomiyligini qisqartirishga erishgan.

Qabul qilinishi Daromadi Ishlab chiqarish byudjeti 4 million dollar boʻlsa-da, 2019-yil 26-may holatiga koʻra, film dunyo boʻylab 68 583 867 dollar mablagʻ keltirgan. Eng yuqori daromad keltirgan arab filmiga aylangan. Labakining oldinroq suratga olgan, daromadi 21 million dollarlik „Where do we go now?“ filmini ortda qoldirgan holda, Oʻrta Sharq tarixidagi eng daromadli filmga aylangan.

Film 2018-yil 14-dekabrda AQSh va Kanadada kichik auditoriyaga namoyish etilgan. 2019-yil 30-may holatiga koʻra, ushbu ikki davlatda 1 661 096 dollar daromad keltirgan. Xalqaro bozordagi daromadi esa 66 925 million dollar (2019-yil 26-may holatiga koʻra).

Xitoydagi premyerasi 2019-yil 29-aprelda „Qasoskorlar: Intiho“ filmidan soʻng boʻlgan. Film Xitoy ijtimoiy tarmoqlarida, jumladan Douban va TikTokda, ogʻizdan ogʻizga oʻtib, maʼlum muddat mashhurlik choʻqqisidan tushmagan. 2019-yil 5-maygacha, „Qasoskorlar: Intiho“dan keyingi haftaning eng daromadli filmi sifatida 25.22 million dollar daromad keltirgan . 2019-yil 29-iyun holatiga koʻra, film Xitoyda 54 315 148 dollar foyda keltirgan.

Tanqid „Capernaum“ filmi Rotten Tomatoes saytida sharh qoldirgan 183 nafar tanqidchining 90%i tomonidan ijobiy baholanib, oʻrtacha reytingi 7,9/10 ballni tashkil etgan. Tanqidchilarning umumiy xulosasiga koʻra, „„Capernaum“da dolzarb mavzu koʻtarilgan, biroq hayot-mamot yoqasida yashayotgan odamlarning hayoti mahorat bilan, taʼsirli va yurakni larzaga soluvchi manzara orqali tomoshabinga ochib berilgan“. Metacritic saytida sharh qoldirgan 33 tanqidchiga koʻra, film 100 balldan oʻrtacha 75 ballga loyiq topilgan. Film toʻgʻrisidagi aksariyat sharhlar ijobiy edi. The New York Times nashri tanqidchisi A. O. Scott uni 2018-yilning eng yaxshi filmlari roʻyxatida toʻqqizinchi oʻringa qoʻyib, shunday yozadi: „Naturalizm va melodrama uygʻunlashib, yoʻqolgan bolaning Bayrutdagi vayrona va xarobazorlarda boshdan kechirgan sarguzashtlari haqidagi iztirobli va shiddatli hikoyada mujassam boʻlgan... Labaki odamlar eng ogʻir damlarida ham saqlab qoladigan joʻshqinlik, qatʼiyat va hazil-mutoyibani koʻzdan qochirmaydi“. Variety jurnali muxbiri Jay Weissbergning fikricha, „Capernaum“ Labakining rejissyorlik faoliyatida katta oʻsish boʻlgan. Sababi film mavzusiga „nafaqat aql, balki yurak bilan ham yondashilgan“. The Hollywood Reporter tanqidchisi Leslie Felperin filmni taʼsirchan melodrama deb baholagan. Vulture.com saytida esa Emily Yoshida Zain Al Rafeeani „hayratlanarli va unutilmas qiyofa“ deb taʼriflagan. Garchi filmda abort mavzusi bevosita tilga olinmagan boʻlsa-da, Yoshida uni „men koʻrgan abort masalasida tanlov erkinligini yoqlovchi eng qatʼiy filmlardan biri“ deb taʼkidlagan.

Mukofotlari Film Livan davlati tomonidan Oscar mukofotining „Eng yaxshi xorijiy film“ nominatsiyasi uchun taqdim etilgan. 2018-yil dekabr oyida qisqa ro‘yxatga kiritilgan va 2019-yil yanvar oyida mukofotga rasman nomzod etib ko‘rsatilgan.