Huquq oilasi yoki huquqiy anʼana – oʻxshash xususiyatlar yoki tarixiy aloqalar asosida birlashtirilgan qonunlar yoki huquq tizimlari guruhidir. Masalan, umumiy huquq tizimi va roman-german huquq oilasi eng koʻp uchraydigan misollar sirasiga kiradi. Bundan tashqari, boshqa koʻplab huquqiy oilalar ham eʼtirof etilgan. Huquq tizimi, huquq oilasi va huquqiy madaniyat tushunchalari oʻzaro chambarchas bogʻliqdir.

Huquq oilalari va anʼanalarini anglash zamonlar oʻtishi bilan oʻzgarib borgan. XX asrning dastlabki va oʻrta davrida huquq tizimlarini tasniflashga qaratilgan urinishlar koʻpincha taksonomik yondashuvdan foydalangan hamda huquq tizimining maʼlum bir huquq oilasiga mansubligi oʻzgarmas, aralash huquq tizimlari esa istisno holat sifatida qaralgan. Zamonaviy qarashlarga koʻra esa, huquq tizimlari bir vaqtning oʻzida bir nechta huquqiy oilalarga mansub boʻlishi mumkinligi eʼtirof etiladi.

Tavsifi Fransuz olimi Rene David tomonidan bildirilgan taklifga koʻra huquq tizimi quyidagi huquq oilalariga ajratiladi: Romano-german huquq oilasi Anglosakson huquq oilasi Diniy huquq oilasi (musulmon, yahudiy va boshqalar) Sotsialistik huquq oilasi Anʼanaviy huquq oilasi Shuningdek, ayrim boshqa huquq oilalari

Roman-german huquq oilasi

Romano-german huquqiy tizimi kontinental Yevropaning barcha davlatlarining huquqiy tizimlarini birlashtiradi. Roman-german huquq oilasi qiyosiy huquqshunoslikda qoʻllaniladigan atama boʻlib, Rim huquqining resepsiyasi asosida shakllangan va oʻzining huquqiy tizimlari tuzilmasi, huquq manbalari hamda konseptual-yuridik tizimining oʻxshashligi bilan ajralib turuvchi huquq tizimlar majmui.

Romano-german huquq oilasida quyidagi guruhlar ajratiladi: Rim huquqi guruhi (Fransiya, Belgiya, Ispaniya, Italiya, Lyuksemburg, Monako, Niderlandiya, Puerto-Riko, Ruminiya, Filippin, Lotin Amerikasi mamlakatlari, fransuzzabon Afrika mamlakatlari, Gʻarbiy Osiyoning ayrim mamlakatlari va boshqalarning huquqiy tizimlari); Germaniya huquqi guruhi (Germaniya, Avstriya, Ozarbayjon, Braziliya, Vengriya, Gretsiya, Indoneziya, Qirgʻiziston, Latviya, Moldova, Portugaliya, Sloveniya, Tailand, Turkiya, Oʻzbekiston, Ukraina, Chexiya, Shveysariya, Estoniya, Janubiy Koreya, Yaponiya va boshqalarning huquqiy tizimlari); Skandinaviya huquq guruhi (Daniya, Islandiya, Norvegiya, Finlyandiya, Shvetsiyaning huquqiy tizimlari).

Baʼzi tadqiqotchilar mustaqil „slavyan guruhi“ni (Bolgariya, Makedoniya, Rossiya, Serbiya, Chernogoriya va boshqalarning huquqiy tizimlari) ajratib koʻrsatishadi .

Qoʻshimcha oʻqish uchun

Manbalar

Turkum:Qiyosiy qonun