Narniya yilnomalari – yozuvchi C. S. Lewisning xuddi shu nomdagi romanlari asosida yaratilgan fantastik film seriyasi va media franshizasidir. Seriya Narniya olamidagi bolalar sarguzashtlari haqida boʻlib, ularga Narniyaning haqiqiy hukmdori, dono va qudratli, soʻzlash qobiliyatiga ega boʻlgan arslon Aslan yoʻl koʻrsatadi. Filmlarda asosiy qahramonlar sifatida Pevensie aka-singillar koʻzga tashlanadi, asosiy salbiy qahramon esa Oq jodugar (Qirolicha Jadis nomi bilan ham tanilgan) hisoblanadi. Franshiza, shuningdek, qisqa metrajli filmlar, raqamli seriallar va video oʻyinlarni ham oʻz ichiga oladi.
Yetti kitobdan uchtasi – Arslon, jodugar va javon (2005), Shahzoda Caspian (2008) va Ezgulik kurashchilarining sayohati (2010) ekranlashtirilib, ular butun dunyo boʻylab 1,5 milliard dollardan ortiq daromad keltirdi (garchi har bir film chiqarilishi bilan tanqidga uchragan va tijorat muvaffaqiyati pasayib borgan boʻlsa-da). Dastlabki ikkita filmni Andrew Adamson, uchinchi filmni esa Michael Apted suratga olgan. Barchasi Walden Media tomonidan ishlab chiqarilgan. 2018-yilda Netflix uchun yangi ekranizatsiyalar yaratilishi eʼlon qilingach, Walden seriyasidagi toʻrtinchi film rejasi bekor qilindi.
Yaratilish tarixi C. S. Lewis hayotligida Narniya yilnomalari romanlari asosida film suratga olish huquqlarini hech kimga sotmagan, chunki u oʻsha davr texnologiyasi bilan asaridagi moʻjizaviy elementlar va sehrli mavjudotlarni ishonarli tarzda aks ettirish imkonsiz deb hisoblagan. Faqat kompyuter grafikasidagi hayvonlar ishtirokidagi namunaviy lavhani koʻrgach, uning oʻgay oʻgʻli va adabiy meros boshqaruvchisi Douglas Gresham film ekranlashtirishiga ruxsat bergan.
Dastlab film seriyasi kitoblar chop etilgan tartibda suratga olinishi rejalashtirilgan edi. Biroq keyinchalik xabar berilishicha, The Silver Chair oʻrniga Narniya yaratilishini hikoya qiluvchi Jodugarning jiyani toʻrtinchi film sifatida tanlangan. Bu qaror, ehtimol, The Voyage of the Dawn Treader oldingi ikki filmga nisbatan kamroq daromad keltirgani sababli, seriyani „qayta boshlash“ maqsadida qabul qilingan boʻlishi mumkin. 2011-yil mart oyida Walden Media The Magicianʼs Nephew seriyadagi keyingi film boʻlishi rejalashtirilganini tasdiqlagan, biroq loyiha hali ishlab chiqilish bosqichiga kiritilmaganini bildirgan.
2011-yil oktyabr oyida Douglas Gresham maʼlum qilishicha, Walden Medianing C. S. Lewis merosi bilan tuzilgan shartnomasi muddati tugagan. U, shuningdek, shartnomani qayta uzaytirishdagi tanaffus kelajakdagi filmlar yoʻnalishiga oid qarashlar oʻrtasidagi kelishmovchiliklar bilan bogʻliq boʻlganini taxmin qilgan. Keyinchalik, 2013-yil 1-oktabrda The C. S. Lewis Company yangi hamkorlikni eʼlon qildi. Ular The Mark Gordon Company bilan qoʻshma ishlab chiqarish shartnomasini imzolashdi va shu bilan birga The Chronicles of Narnia: The Silver Chair filmi rasmiy ravishda ishlab chiqishdan oldingi bosqichga kirgani haqida eʼlon qilindi.
Netflix tomonidan qayta ekranlashtirish 2018-yil 3-oktabrda Netflix va The C. S. Lewis Company oʻrtasida Narniya yilnomalari asarlari asosida yangi filmlar va teleseriallar seriyasini yaratish boʻyicha koʻp yillik hamkorlik shartnomasi imzolangani eʼlon qilindi. Ushbu eʼlon bilan „The Silver Chair“ haqida ilgari maʼlum qilingan barcha rejalar oʻz kuchini yoʻqotdi.
Yana qarang Narniya haqida umumiy maʼlumot The Chronicles of Narnia (serial, 1988–1990-yillar) The Lion, the Witch and the Wardrobe (1979-yilgi film)
Manbalar
Havolalar
Turkum:Narniya yilnomalari (filmlar seriyasi) Turkum:AQSh filmlari Turkum:Fentezi filmlar