Masofadan boshqariladigan hayvonlar – odamlar tomonidan masofadan turib boshqariladigan hayvonlar. Ayrim ilovalarda hayvonning asab tizimiga elektrodlar implantatsiya qilinadi va ular odatda hayvonning orqa qismida olib yuriladigan qabul qiluvchi qurilmagaga ulanadi. Hayvonlar radio signallar orqali boshqariladi. Elektrodlar hayvonni toʻgʻridan-toʻgʻri, xuddi robotni boshqargandek harakatlantirmaydi; aksincha, inson operatori xohlagan yoʻnalish yoki harakatni bildiradi va hayvon shu harakatni bajargan taqdirda uning mukofot markazlarini ragʻbatlantiradi. Bunday hayvonlar baʼzan bio-robotlar yoki robo-hayvonlar deb ataladi. Ular elektron qurilmalarni organik tirik organizm bilan birlashtirgani sababli kiborglar sifatida ham qaraladi va shu bois ayrim hollarda kiborg-hayvonlar yoki kiborg-hasharotlar deb ham yuritiladi.
Jarayon jarrohlik amaliyotini talab qilgani hamda axloqiy va etik masalalar bilan bogʻliq boʻlgani sababli, masofadan boshqariladigan hayvonlardan foydalanish tanqidga uchragan. Tanqidlar, ayniqsa, hayvonlarning farovonligi va huquqlari bilan bogʻliq boʻlib, nisbatan yuqori intellektga ega murakkab hayvonlar qoʻllanilganda kuchayadi. No-invaziv (jarrohliksiz) yondashuvlar qatoriga hayvon miyasini ultratovush yordamida ragʻbatlantirish orqali boshqarish kiradi. Ayrim ilovalar (asosan itlarda) hayvon harakatlarini boshqarish uchun tebranish yoki tovush signallaridan foydalanadi.
Bir nechta hayvon turlari masofadan muvaffaqiyatli boshqarilgan. Ularga kapalaklar, qoʻngʻizlar, suvaraklar, kalamushlar, katran akulalar, sichqonlar va kabutarlar kiradi.
Masofadan boshqariladigan hayvonlar qidiruv-qutqaruv ishlarida xizmat qiluvchi hayvonlar sifatida, yashirin razvedka, xavfli hududlarda maʼlumot toʻplash yoki boshqa turli maqsadlarda yoʻnaltirilib foydalanilishi mumkin.
Sut emizuvchilar Kalamushlar Kalamushlarning miyasiga oʻrnatilgan mikroelektrodlar yordamida ularni masofadan boshqarish boʻyicha bir qancha tadqiqotlar oʻtkazilgan. Bu tadqiqotlar kalamushning mukofot markazini ragʻbatlantirishga asoslangan. Uchta elektrod implantatsiya qilinadi: ikkitasi talamusning ventral orqa-yonbosh yadrosiga, bular chap va oʻng moʻylovlardan keladigan yuz sezgisi maʼlumotlarini uzatadi, uchinchisi esa kalamushning mukofotlanish jarayonida ishtirok etadigan medial old miya tutamiga joylashtiriladi. Bu uchinchi elektrod kalamush chapga yoki oʻngga toʻgʻri harakatlanganda, uning miyasiga mukofotlovchi elektr signalini yuborish uchun ishlatiladi. Mashgʻulot paytida operator kalamushning chap yoki oʻng elektrodini ragʻbatlantiradi, natijada kalamush xuddi toʻsiqqa duch kelgandek, tegishli moʻylovlar toʻplamiga tegish „hissini“ tuyadi. Agar kalamush toʻgʻri harakat qilsa, operator uchinchi elektrodni ragʻbatlantirish orqali uni mukofotlaydi.
2002-yilda Nyu-York davlat universitetining olimlar guruhi 500 metr masofadan turib noutbuk orqali kalamushlarni boshqarishga erishdi. Ular kalamushlarga chapga yoki oʻngga burilish, daraxtlarga va narvonlarga chiqish, xarsang tosh uyumlari boʻylab harakat qilish va turli balandliklardan sakrash buyruqlarini bera oldilar. Hatto kalamushlar odatda qochadigan yorqin yoritilgan joylarga kirish buyrugʻini ham bera oldilar. Olimlar bu kalamushlardan foydalanib, tabiiy ofatlar hududida qolib ketgan odamlarga kameralar yetkazish mumkinligini taʼkidlashdi.
2013-yilda tadqiqotchilar 200 metr masofada erkin harakatlanuvchi kalamushlarni boshqarish uchun radio-telemetrik tizim yaratilganini eʼlon qilishdi. Kalamush yelkasiga taqiladigan qurilmada asosiy plata va ikki fazali mikrotok impulslarini hosil qila oladigan FM uzatgich-qabul qilgich mavjud. Tizimdagi barcha komponentlar savdoda mavjud boʻlib, hajmi (25 x 15 x 2 mm) va ogʻirligini (batareya bilan 10 gramm) kamaytirish uchun sirtga oʻrnatish texnologiyasidan foydalanilgan.
Axloq va farovonlik masalalari Bunday tadqiqotlarning axloqiyligi haqida xavotirlar paydo boʻlgan. Hatto ushbu sohaning yetakchi tadqiqotchilaridan biri Sanjiv Talwar ham shunday degan: „Buni qabul qilish boʻyicha keng koʻlamli munozaralar oʻtkazilishi kerak“ va „Bu yerda men inkor eta olmaydigan baʼzi axloqiy masalalar mavjud“. Boshqa bir joyda u „Bu gʻoya biroz vahimali tuyulyapti“ deb aytgan. Baʼzilar tirik mavjudotlarni bevosita inson boshqaruvi ostiga olish gʻoyasiga qarshi chiqadi. Xertfordshirdagi (Buyuk Britaniya) hayvonlar ustida oʻtkaziladigan tajribalarga muqobil usullarni moliyalashtiruvchi doktor Hadwen jamgʻarmasining vakili Gill Langley shunday deydi: „Bu dahshatli. Inson boshqa turlarni qanday qilib vositaga aylantirishi haqida yana bir misol“. Rutgers universiteti huquq maktabining hayvonlar farovonligi qonuni boʻyicha mutaxassisi Gary Francione shunday deydi: „Hayvon endi hayvon sifatida harakat qilmayapti“, chunki kalamush kimningdir nazorati ostida ishlayapti. Masala esa ragʻbatlantirishlar kalamushni harakatga majbur qiladimi yoki mukofotlaydimi, degan savoldan ham chuqurroq. U „Bu elektrodlarni oʻrnatishda noqulaylik darajasi boʻlishi kerak“, deydi va buni oqlash qiyin boʻlishi mumkin. Talwarning aytishicha, hayvonning „tugʻma aqli“ uni baʼzi koʻrsatmalarni bajarishdan toʻxtatishi mumkin, ammo yetarli darajada ragʻbatlantirish bilan bu ikkilanishni baʼzan yengib oʻtish mumkin, lekin baʼzida buning iloji yoʻq.
Manbalar
Havolalar
Turkum:Bioetika Turkum:Biokibernetika