Abu Imron Fadl ibn Robiya 12-asr boshlarida Suriyada hukmronlik qilgan arab amiri. Fadl haqida maʼlum boʻlgan aksariyat maʼlumotlar taxminan 1107-yilgi harbiy faoliyatiga taalluqli. 12-asrdan 18-asrgacha Suriya choʻllari va dashtlaridagi qabilalar ustidan hukmronlik qilgan al-Fadl sulolasining ajdodi hisoblanadi. Biografiyasi
Fadl Robiya ibn Hozimning oʻgʻli boʻlib, 10-asr oxiri 11-asr boshlarida Falastinni boshqargan jarrohiy hukmdor Mufarrij ibn Dagʻfalning evarasi edi. Jarrohiylar yirik Banu Tayy qabilasidan boʻlgan. Fadlning otasi Robiya Saljuqiylarga tarafdor boʻlgan. Biroq, keyinchalik Fadl Damashqning Buriy hukmdori Tugtegin bilan kelishmovchilikka borgan. Natijada, Tugtegin uni 1107/08-yilda Suriyadan haydab chiqardi. Shundan soʻng, Bagʻdod janubidagi Hilla shahrining Mazyadiy hukmdori Sadaqa huzuridan boshpana topib, u bilan ittifoq tuzdi.
Sadaqa Bagʻdodda Saljuqiylar sultoniga qarshi chiqqanda, Fadl dastlab u bilan birga oldingi qatorda jang olib bordi. Biroq, keyinchalik Saljuqiylar tomoniga oʻtib ketdi. Bagʻdodga yetib kelgan Fadl va uning qabiladoshlari mukofotlandi hamda Sadaqaning Bagʻdoddagi sobiq qarorgohi ularga turar joy qilib berildi. Fadl Sadaqaning Suriyaga boradigan sahro yoʻlini toʻsib qoʻyishga intilib, oʻz rejasini amalga oshirish uchun ruxsat soʻradi. Saljuqiylar Fadlga rozilik berdilar. Biroq, Anbarda Furot daryosini kesi oʻtgandan keyingi qismati haqida hech qanday maʼlumot yoʻq. Merosi Fadl Gudayya ismli shaxsning otasi boʻlib, oʻz nomi bilan atalgan al-Fadl qabilasining ajdodi edi. Uning amirlari va avlodlari Suriya choʻli va dashtlaridagi badaviylarni Ayyubiylar, Mamluklar va ilk Usmoniylar nomidan boshqarib, hukmronliklari kamida 17-asr boshlarigacha davom etgan. Keyinchalik, Fadl avlodlarining bir qismi Al Abu Risha nomi bilan tanila boshlab, Mavali qabilasi yetakchiligini qoʻlga kiritdi. Ular 18-asrda Najddan kelgan Anaza qabilasi bosqiniga qadar Suriya choʻlidagi badaviylarning nasldan-naslga oʻtuvchi sardori mavqeini saqlab qoldilar. Al-Fadlning boshqa qismi Golan tepaliklari va Biqo vodiysiga koʻchib oʻtdi. U yerda vaqt oʻtishi bilan koʻchmanchilikni tark etib, dehqonchilikni oʻzlashtirdilar. Ushbu guruh hozirga qadar oʻzini al-Fadl deb atab kelmoqda. Ushbu guruh 1967-yilgi Olti kunlik urush paytida Isroil Golan tepaliklarini bosib olgandan soʻng, u yerdan koʻchirilgan va oʻshandan buyon Damashq atrofida istiqomat qilib kelmoqda. Izohlar
Manbalar
Turkum:12-asrda arablar Turkum:12-asrda vafot etganlar Turkum:12-asr Abbosiylar xalifaligida Turkum:12-asr Saljuqiylar imperiyasida Turkum:Tayy Turkum:Badaviy qabila boshliqlari