Ibtihol uz-Zaidiy (arabcha: ابتهال كاصد الزيدي) — iroqlik Qur’on tadqiqotlari olimasi va sobiq davlat xizmatchisi.
2012-yilda Iroq Ayollar ishlari vaziri lavozimida ishlagan paytda, erkaklar va ayollar tengligiga ishonmasligini ochiq aytgani sabab bahs-munozaralarga sabab boʻlgan.
Uning vazir etib tayinlanishi koʻpincha Nuri al-Malikiy hukumati tomonidan ramziy (nomigagina) lavozim sifatida baholangan. Shuningdek, uning portfeli Iroqda ayollar huquqlari ahvolini yaxshilash uchun yetarli vakolatga ega emasligi sabab tanqid qilingan.
Hukumatdagi faoliyati
Al‑Malikiynig hukumatdagi ikkinchi davri
2010-yil dekabr oyida Iroq Bosh vaziri Nuri al-Malikiy tasdiqlagan yangi hukumat tarkibi bahs-munozaralarga sabab boʻladi. 38 nafar vazirdan faqat bittasi — portfelsiz vazir Bushro Husayn Solih ayol boʻlgan. Bu tayinlovlar tanqid qilingan, chunki Iroq konstitutsiyasiga koʻra parlament oʻrinlarining 25 foizi ayollar uchun ajratilishi kerak edi.
Bu holat al-Malikiyning avvalgi hukumatidan keskin farq qilardi, chunki avvalgi tarkibda toʻrt nafar ayol vazir boʻlgan. Deputatlardan biri — Viyon Dohil — 2005-yilda tashkil etilgan Ayollar ishlari boʻyicha davlat vaziri lavozimiga taklif qilingan, biroq u ushbu taklifni rad etgan. Keyinchalik u vazirlikni „ayollarga xizmat qilish uchun haqiqiy vakolatsiz shunchaki koʻrsatma uchun yaratilgan lavozim“ deb taʼriflagan.
2009-yilda Ayollar ishlari vazirligining avvalgi rahbari Naval as-Samarrayya ham oʻz idorasining vakolatlari juda cheklanganiga norozilik bildirib isteʼfoga chiqqan.
Ayollar ishlari vazirligi bir muddat Hushyor Ziboriy tomonidan vaqtincha boshqarilgan. Keyinchalik esa Ibtihol uz-Zaidiy ushbu idoraga rahbar etib tayinlangan. Uning hukumatdagi yagona ayol sifatida tayinlanishi ham tanqidga uchrab, al-Malikiyning ayollar huquqlariga boʻlgan eʼtiborining susaygani sifatida baholangan.
Hukumat kvota tizimi
Lavozimga tayinlangach, uz-Zaidiy 2003-yilda Iroqqa bosqin natijasida koʻplab ayollar beva qolganini hisobga olib, ayollar bandligini oshirish ustida ish boshlagan. Uning vazir sifatidagi ilk tashabbuslaridan biri ayollar kichik biznes boshlashi uchun mikroqarzlar ajratish boʻyicha majburiyatlarni taʼminlash boʻlgan.
2011-yil aprel oyida uz-Zaidiy Ayollar ishlari boʻyicha davlat vaziri sifatida Madaniyat vazirligi bilan qoʻshma qoʻmita tuzib, madaniyat muassasalarida ayollar bandligini oshirish imkoniyatlarini ishlab chiqishga kirishgan.
2011-yil dekabr oyida al-Malikiy hukumati davlat idoralarida ayollar bandligini oshirish uchun yangi kvota tizimini tasdiqlagan. Unga koʻra:
Sogʻliqni saqlash va Taʼlim vazirliklaridagi yangi ishga qabul qilinuvchilarning 50 foizi ayollar boʻlishi kerak edi. Boshqa vazirliklarda esa kamida 30 foizlik kvota belgilangan.
uz-Zaidiy hukumat ishlariga qabul qilishda beva ayollarga ustuvorlik berilishini ham maʼlum qilgan.
Mojaro
2012-yilda mahalliy axborot vositasiga bergan intervyusida uz-Zaidiy erkaklar va ayollar tengligiga qarshi ekanini aytib, katta bahs-munozaraga sabab boʻlgan. U shunday degan:
„Men erkaklar va ayollar oʻrtasidagi tenglikka qarshiman. Agar ayollar erkaklar bilan teng boʻlsa, ular koʻp narsani yoʻqotadi. Hozircha jamiyatda erkakning ustun mavqei tarafdoriman. Uyimdan chiqayotganimda erimga qayerga ketayotganimni aytishim kerak. Bu ayolning jamiyatdagi rolini kamaytirmaydi, aksincha, farzandlarini tarbiyalaydigan ona sifatida uning kuchini oshiradi.“
Uning bu bayonoti Iroqdagi ayollar erkinligi tashkiloti tomonidan keskin qoralangan. Deputat Hola Sofiya esa uz-Zaidiyni parlamentga chaqirib, bu soʻzlariga izoh berishni talab qilgan. uz-Zaidiy, shuningdek, yangi kvota tizimiga qaramay, Iroqda ayol bosh vazir paydo boʻlishi uchun hali oʻnlab yillar kerak boʻlishini ham aytgan.
Shu yilning oʻzida u mamlakatda „nomus kushandalari“ uchun jazoni kuchaytirishni ham taklif qilgan.
Hukumat tarkibi qisqartirilishi
2013-yilda Nuri al-Malikiy hukumat tarkibini qisqartirgan va natijada uz-Zaidiy hukumatda qolgan yagona ayol boʻlib qolgan. Shunga qaramay, vazirlikning vakolatlari juda cheklanganini tanqid qilib, „vazirlik faqat ijroiy-maslahat beruvchi byuro boʻlib, byudjeti kichik va qarorlarni amalga oshirish vakolatiga ega emas“ligini aytgan.
2015-yilda al-Malikiy bosh vazir lavozimini tark etgach, uz-Zaidiy ham hukumatdan ketgan. Uning oʻrnini Bayan Nuri egallagan. Shaxsiy hayoti
Ibtihol uz-Zaidiy 2004-yilda Bagʻdod universitetining arab tili boʻlimida arab tili va adabiyoti boʻyicha doktorlik darajasini olgan. Uning ilmiy tadqiqotlari Qur’ondagi semantika (maʼno tizimi) va fonetika hamda Qur’on tarjimalariga bagʻishlangan.
Hukumatdagi faoliyatini yakunlagach, u yana Bagʻdod universitetiga qaytib, dars bera boshlagan va Ayollar boʻyicha tadqiqotlar markaziga rahbarlik qilgan. Manbalar
Turkum:1965-yilda tugʻilganlar