Esma Sulton (; 1726-yil 14-mart — 1788-yil 13-avgust), shuningdek, Büyük Esma (katta Esma) deb ham atalgan, Usmoniylar malikasi, sulton Ahmad III va Hanife Kadın yoki Zeyneb Kadınning qizi. Sulton Mustafo III ning singlisi, sulton Abdulhamid I ning oʻgay opasiSicil-i Osmani, Mehmet Süreyya Bey, Tarih Vakfı Yurt Yayınları, Istanbul, 1996..

Hayoti Tugʻilishi Esma Sulton 1726-yil 14-martda Topkapı saroyida tugʻilgan. Uning otasi Usmoniylar imperiyasi sultoni Ahmad III boʻlgan, onasining kimligi aniq emas, Hanife Kadın yoki Zeyneb Kadın boʻlgan . Uni Abdülhamid I ning qizi Küçük Esmadan (kichik Esma) ajratish maqsadida Büyük Esma (katta Esma) nomi bilan atashgan.

Esma Sulton 4 yoshida otasi taxtdan tushirilgan va u oʻgay singillari, onasi hamda otasining boshqa ayollari bilan birga turmushga chiqquniga qadar Eski saroyda saqlangan.

Nikohlari 1743-yilda amakivachchasi sulton Mahmud I uni Yoqub poshoga turmushga berishga qaror qilgan. Ularning nikohi 1743-yil fevral oyida Kadırga saroyida boʻlib oʻtgan. Biroq Yoqub posho oʻsha yili vafot etgan. Uning oʻlimidan soʻng Esma Adana hokimi Yusuf Piri Mustafo poshoga turmushga chiqqan. Yusuf Piri Mustafo posho 1751-yilda vafot etgach, Esma Sulton 1758-yil 24-iyunda Kadırga saroyida vazir Muhsinzoda Mehmed poshoga turmushga chiqqan. Mehmed posho 1765–1768-yillarda, keyinchalik 1771-yildan 1774-yilda vafotiga qadar yana Bosh vazir lavozimida xizmat qilgan. Esma Sulton va Mehmed poshoning bir qizi boʻlgan.

Esma Sulton gʻarbga qiziqqan deb aytiladi. U koʻp yillar davomida turk hukumatiga harbiy maslahatchi boʻlib xizmat qilgan venger zodagoni Baron de Tottning xotini va qaynonasini qabul qilgan. Ular bilan yevropalik ayollarning erkinligi haqida suhbatlashgan, shuningdek, yoshligida uni boladek muomala qilgan qari kishiga turmushga berishganidan noroziligini bildirgan. Posho vafot etgach, u oʻzining xohishiga koʻra yoshroq kishiga turmushga chiqqan.

Bundan tashqari, Esma Sulton oʻgay ukalari Mustafo III va, ayniqsa, Abdulhamid I hukmronligi davrida kuchli taʼsirga ega shaxs boʻlgan. U Abdulhamidning eng suyukli opasi edi. Aynan Esma Sulton Abdulhamidga uning Bosh vaziri Halil Hamid posho uni taxtdan agʻdarib, oʻrniga Salim III ni chiqarish fitnasini uyushtirayotganini xabar qilgan.

Taxminlarga koʻra, Esma Sultonning koʻzida surunkali muammo boʻlgan, chunki uni ketma-ket uch nafar koʻz mutaxassisi davolagan. Dastlab 1759–1760-yillarda polyak koʻz mutaxassisi Salomea Halpir tomonidan davolangan. Soʻng 1766-yilda oftalmolog Felice Tadini Esma Sultonni operatsiya qilgan. Nihoyat, 1771-yil yanvarda Esma Sulton uchun Usmoniylar imperiyasi ichidan uchinchi koʻz mutaxassisi izlab topilgan.

Xayriyalari 1779-yilda Esma Sulton marhum eri Mehmed poshoning xotirasiga Kadırga maydonidagi namozgoh yaqinida oʻz nomidan favvora qurdirgan. Shuningdek, 1781-yilda shu joyning oʻzida yana bir favvora bunyod ettirgan.

Farzandlari Uchinchi nikohidan Esma Sultonning kamida bir nafar qizi boʻlgan: Zaynab Xonimsulton (1759 — ?) Bundan tashqari, Esma Sulton Abdülhamid I ning jufti, Mahmud II ning onasi, Volida Sulton Nakşidil Sultonni yoshligida tarbiyalagan.

Vafoti Esma Sulton 1788-yil 13-avgustda Kadırga saroyida vafot etgan va Eyüpdagi Muhsinzoda Mehmed posho maqbarasiga dafn etilgan.

Shajarasi

Manbalar

Adabiyotlar

Turkum:1726-yilda tugʻilganlar Turkum:1788-yilda vafot etganlar Turkum:18-asr Usmoniylar imperiyasi malikalari Turkum:Ahmad III ning qizlari