Kimia Alizade Zonouziy (, ; 1998-yil 10-iyulda tugʻilgan) — Eronda tugʻilgan, biroq bugungi kunda musobaqalarda Bolgariya nomidan ishtirok etadigan taekvondochi. Rio-de-Janeyroda oʻtkazilgan 2016-yilgi Yozgi Olimpiada oʻyinlarida 57 kg vazn toifasida shved sportchisi Nikita Glasnovićni magʻlub etib, bronza medalni qoʻlga kiritgan. Yozgi Olimpiya oʻyinlari medaliga sazovor boʻlgan ilk eronlik ayol. 2014-yil Nankinda oʻtkazilgan Yoshlar Olimpiya Oʻyinlarida ayollar oʻrtasida 62 kg vazn toifasida oltin medalni qoʻlga kiritgan. 2015-yilda Londonda oʻtkazilgan Jahon chempionatida 2012 va 2016-yilgi Yozgi Olimpiada oʻyinlari chempioni Jade Jonesni magʻlub etib, bronza medal sohibasiga aylangan. Oradan ikki yil oʻtib, 2017-yilgi taekvando boʻyicha Jahon chempionatida kumush medalni qoʻlga kiritgan.
2020-yil yanvar oyida Alizade Eronni butunlay tark etib, Yevropaga ketayotganini eʼlon qildi. Oʻzining mamlakatdan qochib ketishini izohlar ekan, sportchi: „Men Eronda yillar davomida kamsitilib, zulm ostida yashayotgan millionlab ayollardan biriman, ular biz bilan yillar davomida oʻynab kelmoqda“, — deya bayonot bergan. Alizade 2020-yilgi Yozgi Olimpiada oʻyinlaridada Eron nomidan ishtirok etmoqchi emasligini, yashab turgan joyi Germaniya nomidan qatnashishni istashini maʼlum qilgan. 2021-yigi Tokio Olimpiadasida musobaqalashish uchun litsenziyaga ega boʻlganidan soʻng, sportchi yakunda Qochqinlar Olimpiada jamoasi tarkibida ishtirok etgan. Alizade 2022-yilgi taekvondo boʻyicha Yevropa chempionatida Qochqinlar jamoasi tarkibida bronza medalni qoʻlga kiritgan.
2024-yilda u Bolgariya fuqaroligini olib, taekvondo boʻyicha 2024-yilgi Yevropa chempionatida oltin medalga sazovor boʻlgan. 2024-yilgi Yozgi Olimpiada oʻyinlarida Bolgariya nomidan ishtirok etib, bronza medaliga ega chiqqan.
Yoshligi Kimia Eronning Karaj shahrida tugʻilgan. Uning oilasi ozarbayjonlardan. Otasi Tabriz yaqinidagi Zonuz shahridan, onasi esa Ardabildan boʻlgan. 2016-yilgi Yozgi Olimpiada oʻyinlaridan keyingi davrgacha uning familiyasi xato tarzda Zenoorin sifatida qayd etilgan.
Taekvondodagi faoliyati Alizade 18 yoshida Rio-de-Janeyroda boʻlib oʻtgan 2016-yilgi Yozgi Olimpiada oʻyinlarida 57 kg vazn toifasida shved sportchisi Nikita Glasnovićni magʻlub etib, bronza medalni qoʻlga kiritdi. Uning gʻalabasi sportchini Yozgi Olimpiya oʻyinlarida medal yutgan birinchi eronlik ayolga aylantirdi.
Shuningdek, sportchi ayollar oʻrtasida 63 kg vazn toifasida Nankinda boʻlib oʻtgan 2014-yilgi Yoshlar Olimpiadasida oltin medalni qoʻlga kiritgan. Alizade 2015-yilgi jahon chempionatida London–2012 va Rio-de-Janeyro–2016 Olimpiadalarining ikki karra chempioni Jade Jonesni magʻlub etib, bronza medali sohibasiga aylandi. Oradan ikki yil oʻtib, u 2017-yilgi jahon chempionatida kumush medalga sazovor boʻldi.
2020-yilgi Yozgi Olimpiada oʻyinlari chogʻida Alizade Qochqinlar Olimpiya jamoasi tarkibida ishtirok etib, eronlik sportchi Nahid Kianini magʻlub qilgan va reytingda birinchi oʻrinda turgan Jade Jones ustidan kutilmagan gʻalabaga erishgan, biroq yakunda bronza medalni qoʻlga kirita olmagan.
2022-yilda Alizade 2022-yilgi Yevropa chempionatida Qochqinlar jamoasi tarkibida bronza medalni qoʻlga kiritdi. 2024-yil mart oyida Bolgariya taekvondo federatsiyasi Alizade Taekvondo 2024-yilgi Yozgi Olimpiada oʻyinlaridada Bolgariya nomidan ishtirok etishini eʼlon qildi. Olimpiadadan avval 2024-yil may oyida u Bolgariya nomidan 2024-yilgi Yevropa chempionatida qatnashib, ayollar oʻrtasida 62 kg vazn toifasida oltin medalni qoʻlga kiritgan edi. Parij Olimpiadasida Alizade Olimpiya oʻyinlarida taekvondo boʻyicha ishtirok etayotgan ilk Bolgariya vakiliga aylandi va bronza medalni qoʻlga kiritdi.
Manbalar
Havolalar
Rasmiy veb-sayt Nike sportchisi: Kimyo Alizade
Qoʻshimcha manbalar Kimia Alizadeh Zenoorin and Hedaya Wahba lead charge of Muslim women in taekwondo 2016-yilgi yozgi Olimpiya oʻyinlarining rasmiy veb-sayti
Turkum:1998-yilda tugʻilganlar Turkum:Yashayotgan insonlar Turkum:2016-yilgi Yozgi Olimpiada oʻyinlaridagi taekvondochilar Turkum:2020-yilgi Yozgi Olimpiada oʻyinlaridagi taekvondochilar Turkum:2024-yilgi Yozgi Olimpiada oʻyinlaridagi taekvondochilar Turkum:2016-yilgi yozgi Olimpiya oʻyinlari medal sovrindorlari Turkum:2024-yilgi Yozgi Olimpiada oʻyinlarida medal sohiblari Turkum:taekvondo boʻyicha Olimpiada medatchilari Turkum:21-asr eronlik sportchi ayollari