Gohar Eshgʻiy () fuqarolik faoli, Eronlik Daʼvogor Onalardan biri va 2012-yil noyabr oyida Eron Islom Respublikasi xavfsizlik kuchlarining hibsxonasi vaqtidagi qattiq qiynoq oqibatida oʻldirilgan eronlik bloger Sattor Beheshtiyning onasidir. Oʻgʻlining oʻlimidan keyin u qotil(lar)ni sudga tortish uchun koʻp harakatlar qildi. U oʻgʻlining oʻlimi atrofidagi holatlarga ommaviy axborot vositalarining eʼtiborini qaratdi va Eron hukmron siyosiy tizimida keng janjalga sabab boʻldi. 2022-yilda u BBC 100 ayol roʻyxatiga kiritilgan.
Hayoti Gohar Eshgʻiy 1946-yilda Eronning shimoli-sharqidagi shahar Nishopurda tugʻilgan.
U Sardar Beheshtiyning ikkinchi rafiqasi boʻlib, undan toʻrt farzandi boʻlgan: Ali Asgʻar, Sattor, Rahim va Sahar. Eri bilan ajrashgach, u ikkinchi oʻgʻli Sattor bilan birga yashagan. Eshgʻiy umr boʻyi uy bekasi boʻlgani uchun, ajrashgandan keyin tirikchilik qilish maqsadida u farroshlik va hatto oʻlikxona xodimi sifatida ham ishlagan.
Sattorning oʻlimi Goharning 35 yoshli oʻgʻli Sattor, u qadar tanilmagan bloger, 2012-yil 30-oktabr kuni uyida hukumat idoralari „ijtimoiy tarmoqlar va Facebookda milliy xavfsizlikka qarshi harakatlar qilgan“ degan ayblovlar bilan kiberpolitsiya (FATA) tomonidan hibsga olingan.
U hukumat hibsida shubhali va noaniq holatlarda vafot etgan, ammo uning qiynoqlar oqibatida oʻlgani taxmin qilinadi. 6-noyabr kuni hokimiyat Beheshtiylar oilasiga Kahrizak sud-tibbiyot byurosidan uning jasadini olib ketishni buyuradi va islohotchi Kaleme yangiliklar sayti xabar berishicha, ularga ommaviy axborot vositalariga gapirmaslik haqida ogohlantirish berilgan. 8-noyabr kuni Kaleme sayti bloger tomonidan yozilgani aytilgan xatni eʼlon qildi; unda u soʻroqlar vaqtida „jismoniy va ogʻzaki zoʻravonlik“ka duchor boʻlgani yozilgan edi. Xatda, shuningdek, u qilgan har qanday iqrorlar haqiqatga toʻgʻri kelmasligi va qiynoq ostida olingani taʼkidlangan. 10-noyabr kuni Kaleme sayti Evin qamoqxonasidagi 41 nafar siyosiy mahbus imzolagan xatni eʼlon qiladi; unda Beheshtiyning jasadida qiynoq izlari borligi, soʻroqlar paytida u kaltaklangani, bir necha bor oʻlim bilan tahdid qilingani va qoʻl-oyoqlaridan shiftga osib qoʻyilgani yozilgan edi.
Oradan koʻp oʻtmay, Sattorning oʻlimidan keyin, hokimiyat vakillari Goharning qizini ham hibs bilan qoʻrqitib, unga tazyiq oʻtkazishadi va Goharni huquqiy rozi-rizolik xatini imzolashga majburlashadi.
2014-yilda sud Sattor Beheshtiyning oʻldirilishida ishtirok etgan, deb aytilgan Akbar Taqizoda ismli politsiya xodimini uch yilga ozodlikdan mahrum etish, 74 darra urish va ikki yilga ichki surgunga hukm qildi. Biroq bu xodimga ataylab qotillik emas, faqat ehtiyotsizlik orqasida odam oʻldirish aybi qoʻyiladi, Sattorning oilasi va yaqinlari, jumladan Eshgʻiy esa bu ataylab qilingan qotillik boʻlganini taʼkidlaydilar. Eshgʻiy oʻgʻlining oʻlimi uchun shaxsan Xomaneyiyni masʼul deb biladi.
Eshgʻiy 2014-yilda Tehronga tashrifi chogʻida Yevropa Ittifoqining sobiq tashqi siyosat rahbari Catherine Ashton bilan uchrashgan ayollar guruhidan biri edi.
14 siyosiy faoli bayonoti Eshgʻiy 2017–2018-yillardagi Eron norozilik namoyishlari chogʻida qabul qilingan 14 siyosiy faol bayonotiga imzo chekkanlardan biridir; unda Ali Xomanaiyning oʻz lavozimi — Eron oliy rahbariligidan isteʼfosini, keyinchalik esa islomiy respublika tugatilishi va demokratik, dunyoviy hukumat oʻrnatilishini talab qilinadi.
Hujum 2021-yil 9-dekabr kuni, tushdan sal oldin, Eshgʻiy oʻgʻlining qabrini ziyorat qilish uchun qabristonga ketayotgan paytda ikki kishi mototsiklda yoniga kelib, ulardan biri keksayib qolgan ayolga hujum qilib, uni yerga qulatdi, natijada u boshi va yuzidan jarohat olib, hushini yoʻqotadi. Voqeani koʻrgan odamlar uni shifoxonaga olib borishgan.
Instagramdagi Sattor jamgʻarmasi tomonidan eʼlon qilingan bayonotda aytilishicha, hodisadan bir oy oldin xavfsizlik xodimlari oilani boshqa jabrlanuvchilar oilalari bilan yigʻilishga qoʻshilmasliklari uchun hibsga olgan. Oʻsha hibs paytida ular oilani qiynoq ostida qamoqda oʻlayotganlar ham bor, lekin kimdir „baxtsiz hodisa“ yoki janjal oqibatida ham oʻlishi mumkinligi bilan tahdid qilishgan. Hujumdan keyin ham oila nomaʼlum qoʻngʻiroqlar orqali tahdidlar olishda davom etgan.
Norozilarni qoʻllab-quvvatlab hijobni yechishi 2022-yil 18-oktabr kuni, Mahsa Amini norozilik namoyishlari avjida, Eshgʻiy eʼlon qilgan videoda hijobini yechib, shunday dedi: „Yoshlarimiz uchun, deyarli 80 yil davomida odamlarni oʻldirmoqchi boʻlgan din uchun tutib kelgan bu hijobimni yechaman.“ Shu video orqali u xalqni yoshlarga hamdardlik bildirish uchun koʻchaga chiqishga chaqirdi.
2022-yil 11-dekabr kuni Eshgʻiy videomurojaatida oʻzi va oilasi hukumat agentlari tomonidan tahdid qilinayotganini maʼlum qildi. U ularga biror narsa boʻlsa, oliy rahbar Ali Xomanaiy buning uchun javobgar boʻlishini taʼkidlaydi. Shuningdek, u xavfsizlik kuchlari oʻn bir yildan beri uni qoʻrqitib kelayotganini, biroq u va Eron xalqi ularni va ularning xoʻjayini (Xomanaiyni) mamlakatdan haydab chiqarishga tayyorligini qoʻshimcha qilgan. Gohar Eshgʻiy bunga qadar ham, dekabr boshlarida, islomiy ulamolar rejimi tomonidan tahdid qilinayotganini aytib, „Hech kim oʻlimdan qoʻrqmaydi! Qoʻrqitmang!“ deya xabar bergan edi.
Mukofotlar 2022-yilda BBC Gohar Eshgʻiyni butun dunyodagi ilhomlantiruvchi va taʼsirchan 100 nafar ayol roʻyxatiga kiritdi va uni sabot va bardoshlilik timsoli sifatida taʼrifladi.
Yana qarang
Sattor Beheshtiy Eronlik Daʼvogor Onalar Eronda inson huquqlari Mahsa Aminiy norozilik namoyishlari
Manbalar
Turkum:Eronlik inson huquqlari faollari