Mehmet Şimşek (; 1967-yil 1-yanvar, Arıca, Batman, Turkiya) — turk siyosatchisi va iqtisodchisi.

Tarjimayi holi Mehmet Şimşek 1967-yil 1-yanvarda Batman ilida joylashgan kichik qishloqda tugʻilgan. Millati kurd. 1988-yilda Anqara universitetida iqtisod fanlari boʻyicha bakalavr darajasini olgan. Keyin oʻsha yerda ishlagan. Exeter universitetida oʻqish uchun grant yutib olgan. 1993-yilda Exeter universitetini moliya va investitsiyalar boʻyicha fan doktori darajasi bilan tamomlagan. 1993—1997-yillarda Anqaradagi Amerika elchixonasida iqtisodchi boʻlib ishlagan. Keyin bir yilga yaqin UBS Securities kompaniyasida ishlagan. 1998—2000-yillarda „Deutsche-Bender Securities“ning Istanbul boʻlimida ishlagan. Bundan tashqari, Şimşek yetti yil davomida Merrill Lynch bankining London boʻlimida iqtisodchi boʻlib ishlagan. 2007-yilda Şimşek Adolat va taraqqiyot partiyasidan Buyuk Millat Majlisi deputati etib saylangan. 2011-yilda, 2015-yil iyun va noyabr oylarida qayta saylangan. 2007—2009-yillarda davlat vaziri lavozimida ishlagan. 2009—2015-yillarda moliya vaziri lavozimida ishlagan. 2015-yilda Şimşek bosh vazir oʻrinbosari lavozimiga tayinlangan. Oilali, uch farzandi: ikki qizi va bir oʻgʻli bor. Turk tilidan tashqari ingliz va kurd tillarini ham biladi.

Manbalar

Turkum:1-yanvarda tugʻilganlar Turkum:1967-yilda tugʻilganlar Turkum:Turkiya Moliya vazirlari Turkum:Alifbo boʻyicha siyosatchilar