2004-yilgi Turkmaniston parlamenti saylovlari — 2004-yil 19-dekabrda boʻlib oʻtgan parlament saylovlari, ayrim saylov okruglarida takroriy saylovlar 2005-yil 9-yanvarda boʻlib oʻtgan. Saylov natijasida Turkmaniston Majlisiga (parlament) 50 nafar deputatlar saylangan.

Tarixi 1999-yil dekabr oyida boʻlib oʻtgan avvalgi parlament saylovlarida prezident Saparmurod Niyozov boshchiligidagi Turkmaniston demokratik partiyasi Turkmaniston parlamentidagi barcha 50 oʻrinni 98,9% ovoz bilan qoʻlga kiritadi. 2004-yilgi parlament saylovlarida faqat uzoq vaqtdan beri faoliyat yuritib kelayotgan prezidentning partiyasi ishtirok etishga ruxsat berilib, muxolifat nomzodlariga saylovda qatnashishga ruxsat berilmaydi. Turkmaniston demokratik partiyasi 50 ta saylov okrugida 131 nafar nomzodini koʻrsatgan. Saylovning haqiqiy boʻlishi uchun kamida 50% ovoz berish talab qilingan va agar biron bir nomzod mutlaq koʻpchilik ovoz ololmasa, eng yuqori oʻrinni egallagan ikki nomzod oʻrtasida takroriy saylov oʻtkazilishi kerak boʻlgan.

Saylov natijasi Saylovning natijasi qanday boʻlishi avvaldan maʼlum boʻlgan, shuning uchun parlamentning 50 nafar deputatligiga demokratik partiya aʼzolarining qayta saylanishi shunchaki rasmiyatchilik boʻlgan. 2005-yil 9-yanvarda 50 ta saylov okrugidan yettitasida takroriy saylovlar boʻlib oʻtgan, qolgan 43 ta saylov okrugida nomzodlar birinchi bosqichda zarur boʻlgan mutlaq koʻpchilik ovozni qoʻlga kiritgan. Yangi tashkil etilgan parlamentning barcha 50 nafar deputati etnik turkmanlar boʻlgan boʻlib, mamlakatdagi muhim ahamiyatga ega boʻlgan ozchiliklar vakillari saylovda qatnashmagan. Yagona kutilmagan holat saylovchilarning ishtirokining keskin pasayishi boʻlgan boʻlib, ishtirok 76,88% boʻlgan. Ushbu rasmiy raqamdan tashqari, boʻsh saylov uchastkalarini kuzatishga asoslangan hisob-kitoblar ham mavjud boʻlib, ular ishtirokning sezilarli darajada pastligini koʻrsatadi.

Kuzatuvchilar xulosasi Chet ellik saylov kuzatuvchilariga parlament saylovlarida qatnashishga ruxsat berilmagan. Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti kuzatuvchilariga vizalar berilmagan, shuning uchun ular saylov jarayonlarni kuzata olishmagan. Hukumat saylovdan keyin saylov milliy qonunchilik va demokratik tartib-qoidalarga muvofiq oʻtkazilganini eʼlon qiladi. Chet elda saylov na erkin, na adolatli deb hisoblangan va bu saylovni Saparmurod Niyozov hokimiyatini mustahkamlash uchun qilingan rasmiyatchilik jarayoni deb qaralgan.

Manbalar

Turkum:Turkmanistondagi parlament saylovlari Turkum:19-dekabr voqealari