Shahzoda Yusuf Izzeddin afandi (; ; 1857-yil 11-oktyabrda tugʻilgan — 1916-yil 1-fevralda vafot etgan) — Usmoniylar imperiyasi shahzodasi, sulton Abdulaziz va uning birinchi rafiqasi Dürrinev Kadınning toʻngʻich oʻgʻli.

Ilk hayoti va taʼlimi Shahzoda Yusuf Izzeddin 1857-yil 29-sentabrda Dolmabahçe saroyida tugʻilgan. Otasi Abdulaziz u tugʻilgan paytda hali shahzoda boʻlgan. Onasi Dürrinev Kadın shahzoda Mahmud Dziapş-lpa va malika Halime Çikotuaning toʻngʻich qizi edi. Uning oʻzidan besh yosh kichik Fotima Soliha Sulton ismli tugʻishgan singlisi va toʻqqiz yosh kichik Shahzoda Mehmed Salim ismli tugʻishgan ukasi boʻlgan. Oʻsha davrda Usmoniylar shahzodalariga taxtga chiqishdan avval farzand koʻrish taqiqlangan edi. Shu sababli Izzeddin Eyüpda joylashgan Makka mullosi Qodirbey villasida yashirincha tarbiyalangan. Otasi 1861-yilda taxtga chiqquniga qadar uning tugʻilgani sir saqlangan.

Izzeddin dastlabki taʼlimini Dolmabahçe saroyida Shahzodalar maktabida olgan. Unga ustozlari Miralay Sulaymon bey, Umar afandi, Tophona muftiyi Umar Lutfi afandi, Gʻozi Ahmad Muxtor posho va Gurji Sharif afandi boʻlgan. Shahzoda fransuz tilini sultonning bosh tabibi Marko posho hamda Sakizli Ohannes poshoning kuyovi Şarldan oʻrgangan.

Izzeddin 1870-yil 20-iyunda sunnat qilingan. Izzeddin bilan birga sulton Abdulmajid I ning oʻgʻillari Shahzoda Salim Sulaymon va Shahzoda Mehmed Vohididdin, valiahd shahzoda Murodning oʻgʻli Shahzoda Mehmed Salohiddin, Izzeddinning ukasi Shahzoda Mahmud Jaloliddin va Abdulmajidning qizi Munira Sultonning oʻgʻli Sultonzoda Aloiddin bey ham sunnat qilingan.

Harbiy faoliyati va jamoat hayoti

1861-yil noyabrda Izzeddin hali 4 yoshda boʻlgan chogʻida armiya tarkibiga yozilgan va tez orada lavozimi ham oshirilgan. 1862-yil 2-sentyabrda otasi bilan Izmitga, 1863-yil 3-aprelda esa Misrga sayohatga borgan. 1866-yilda 9 yoshida u Usmoniylar armiyasida podpolkovnik etib tayinlangan. 1866-yil oktyabr oyida Hohenzollern shahzodasi Karl Anton Istanbulga tashrif buyurganida Pangatlidagi parad chogʻida Izeddin oʻzining bolalarcha ovozi bilan batalyonga buyruqlar bergan. Oʻsha yili Tophonada uning nomi bilan ataluvchi favvora qurdirilgan.

1867-yil 3-sentabrda Izeddin 10 yoshida polkovnik unvonini oldi va otasi uni Yevropa mamlakatlari poytaxtlariga qilgan safarlarida birga olib bordi. 1868-yil 15-iyulda u imperiyaning Birinchi armiyasi tarkibidagi sof piyoda polki brigadiri unvoniga koʻtarildi. 1868-yilda Izzeddin Napoleon III va imperatritsa Evgeniya bilan koʻrishdi. 1869-yilda esa ular Istanbulga tashrif buyurganida Uels shahzodasi Eduard (boʻlajak Eduard VII) va Uels malikasi Aleksandra Datskaya bilan uchrashdi. 1870-yil 30-mayda Izzeddin Birinchi hamda Ikkinchi armiya tarkibidagi sof piyoda polklarining brigadiri unvonini oldi.

1871-yil 3-noyabrda 14 yoshida Izzeddin general-leytenant unvoni bilan Birinchi armiya shtab boshligʻi etib tayinlandi. Oradan koʻp oʻtmay 1872-yil 18-aprelda Birinchi armiya qoʻmondoni etib tayinlandi. 1874-yilda 17 yoshida u otasi bilan birga bosh vazir, shayx ul-islom va vazirlardan keyin imperiya maktabi, tibbiyot va harbiy maktablar bitiruvchilarini taqdirlash marosimlarida koʻrinish berdi. U, shuningdek, Izzeddin bitiruvchilarga tabrik nutqini soʻzladi.

Vorislik masalasi Sulton Abdulaziz taxtga chiqqach, shahzoda Murod taxt vorisiga aylandi. Biroq Abdulaziz vorislik qoidalarini oʻzgartirib, ularni oʻzining sevimli oʻgʻli Izzeddin foydasiga hal etishni oʻylay boshladi. Shu maqsadda u turli saroy va siyosiy elita guruhlarining qoʻllab-quvvatloviga erishishga harakat qildi.

1867-yilda Yevropaga tashrifi chogʻida protokol qoidalariga zid ravishda Abdulaziz Izzeddinning Parij va Londondagi qabulini rasmiy voris shahzoda Muraddan oldin tashkil qilgani haqida mish-mishlar tarqaldi.

1867-yilda haftalik „Ayine-i Vatan“ („Vatan oynasi“) jurnalida Izzeddinning suratlari chiqishi bilan yangi targʻibot strategiyasi qoʻllandi. Muharrir Mehmed Orif hamkorlik evaziga katta grant olgani haqida gap-soʻzlar tarqaldi. Suratlarning birida Izzeddin harbiy libosda tasvirlangan edi. U oʻsmirlik yillarining koʻp qismini kazarmalarda oʻtkazdi, koʻplab yuqori martabali harbiylar va yuqori darajadagi amaldorlarga esa ushbu holatni qoʻllab-quvvatlagani uchun sovgʻalar taqdim etildi.

1871-yil sentyabr oyida konservativ Mahmud Nedim posho bosh vazir etib tayinlangach, sulton Abdulazizning rejalarini qoʻllab-quvvatladi. 1872-yilning ilk oylarida sulton Abdulaziz shayx ul-islomning ogʻzaki roziligini olgani va keyinchalik otadan oʻgʻilga oʻtuvchi vorislikni qoʻllab-quvvatlovchi fatvo chiqarilishi mumkinligi haqida mish-mishlar tarqatila boshlandi. Saroy ahli bu gaplarni rad etgan, Mahmud Nedim posho bunday oʻzgarish kun tartibida yoʻqligini aytgan boʻlsa-da, baribir protokolda Izzeddinning nomi koʻproq eʼtirof etilardi. Italiya qiroli Vittorio Emanuele II yuborgan orden rasmiy vorisga berilishi lozim boʻlsa-da, Izzeddinga topshirildi.

1874-yilda Istanbulda fransuz tilida nashr etiladigan haftalik „L’Orient Illustre“ning birinchi sahifasida uning portreti va tarjimai holi chop etildi. Shu vaqtgacha mazkur jurnal faqat hukmron sultonning portretini chop etib kelgan edi.

Sulton Abdulaziz oʻz rejalarini yanada qonuniylashtirish maqsadida 1866-yilda Misrdagi Muhammad Ali sulolasida primogenitura yaʼni taxtning toʻngʻich oʻgʻilga oʻtishi tizimini joriy etishni siyosiy jihatdan qoʻllab-quvvatladi. 1866-yilda Ismoil posho foydasiga vorislik tartibini oʻzgartirishni maʼqullagan holda Abdulaziz oʻz oʻgʻli Izzeddin uchun ham shunga oʻxshash ijobiy fikr muhitini shakllantirishga urinayotgan edi. Diqqatga sazovor jihati shundaki, oʻsha paytda gazetalar Xedivga tegishli katta va hashamatli kema Izzeddin uchun ham qurilishi rejalashtirilmoqda edi, bu esa uni boʻlajak hukmdor sifatida koʻrsatishning ramziy harakati boʻlgan.

Sulton Abdulhamid hukmronligi

Izzeddinning otasi sulton Abdulaziz 1876-yil 30-mayda vazirlari tomonidan taxtdan agʻdarildi va uning jiyani Murod Usmoniylar imperiyasi sultoniga aylandi. Ertasi kuni Abdulaziz Feriye saroyiga koʻchirildi. 1876-yil 4-iyunda Abdulaziz sirli tarzda vafot etdi. Izzeddinning oʻgay singlisi Emine Sultonning ota-onasi ham 1876-yil yozida Emine hali 2 yoshga ham toʻlmagan paytda vafot etgani bois Izzeddin uni oʻz uyida tarbiyaladi. Shuningdek, u oʻgay uka-singillari Esma Sulton va Shahzoda Mehmed Sayfiddinni hamda ularning onasi Gevheri Kadınni oʻz uyiga qabul qildi.

Bor-yoʻgʻi 3 oy hukmronlik qilgach, sulton Murod 1876-yil 30-avgustda taxtdan agʻdarildi. Uning oʻrniga oʻgay ukasi sulton Abdulhamid II taxtga chiqdi. Shundan soʻng Murod va uning oilasi Çırağan saroyida qamoqda saqlandi. Abdulhamid Izzeddindan shubhalanar va shu sababli uning dala hovlisi roʻparasida politsiya boʻlimini qurdirgan edi. 1906-yilda ayrim manbalar Izzeddin Ali Shomil posho bilan birga sultonni taxtdan agʻdarishni rejalashtirganini daʼvo qilgan.

Ittifoq va taraqqiyot qoʻmitasi (ITQ) imperiyada aksilinqlobiy unsurlar kuchli boʻlgani sababli parlamentarizm va konstitutsionizmni muhim deb bildi. Bundan tashqari, ITQ Usmoniylar sulolasiga ham ancha hurmat bilan qarar, uning siyosati monarxiyaga qarshi boʻlmagan va mamlakatda respublika boshqaruvini oʻrnatishni istamasdi. Bunga sabab Usmoniylar sulolasi imperiyani bir butun ushlab turgani edi. Abdulhamid vorislik tizimini oʻzgartirib, taxtni oʻz oʻgʻillariga qoldirmoqchi ekani haqidagi mish-mishlar tarqalgach, ITQ bunga keskin qarshi chiqdi. ITQ amaldagi urf-odatlarni saqlab qolish uchun Usmoniy shahzodalarining, ayniqsa, Izzeddin hamda taxt vorisi shahzoda Mehmed Rashodning (boʻlajak sulton Mehmed V) qoʻllab-quvvatloviga erishishni istadi va oxir-oqibat bunga muvaffaq boʻldi.

Valiahd shahzoda

1909-yil 27-aprelda amakivachchasi sulton Mehmed V taxtga chiqqach, Izzeddin taxt vorisiga aylandi. 1910-yilga kelib u imperiya armiyasida feldmarshal boʻlib xizmat qilayotgan edi. 1910-yilda shahzoda Usmoniylar sulolasi nomidan Londonda Eduard VII ning dafn marosimida qatnashdi. 1911-yilda u Eugénie de Montijo (Napoleon III ning bevasi) bilan uchrashdi. Eugénie de Montijo kutilmaganda Usmoniylar imperiyasiga tashrif buyurgan edi. Shuningdek, Eugénie bundan avvalroq 1868-yilda Istanbulga kelganida ham Izzeddin u bilan tanishgan.

Shahzoda Izzeddin siyosiy jihatdan ham koʻp narsadan xabardor va faol edi. Uning ITQga qarshi ekani maʼlum boʻlib, sulton Mehmedning hukumatning urush strategiyasini qoʻllab-quvvatlashiga nisbatan dushmanona munosabatda edi. Biroq ITQ valiahd bilan ITQga qarshi siyosatchilar oʻrtasidagi aloqalarni yaqindan kuzatib borgani hamda ularning qarshiliklarining jamoatchilikka taʼsirini nazorat qila olgani sababli bu holat jiddiy tahdid darajasiga yetmagan. Shu bois aynan sulton Mehmed ITQ bilan hamkorlik qilib, valiahd shahzodaning siyosatga aralashuvining oldini olishga harakat qilgan.

1912-yil 14-mayda Izzeddin Istanbuldagi Abadiy ozodlik tepaligida sulton Mehmed hukmronligining 3 yilligi munosabati bilan oʻtkazilgan marosimda qatnashdi. Ikkinchi Bolqon urushi davomida Edirne shahrining bolgarlardan qaytarib olingani munosabati bilan Izzeddin 1913-yil iyulida shaharga tashrif buyurdi. 1915-yil iyulida u Gelibolu kampaniyasi paytida Usmoniylar qoʻshinlarini ziyorat qildi. Mish-mishlarga koʻra, uning Geliboluga tashrifi ITQ bilan Izzeddin oʻrtasidagi ziddiyatni ochiq koʻrsatib bergan. Izzeddin Anvar poshoni minglab Usmoniylar askarlarining hayotini behuda qurbon qilgani uchun koyigan. 1915-yil oktyabrida Izzeddin va sulton Mehmed Suriya hokimi Hulusi beyning toʻsqinligiga qaramay, suriyalik adabiyot arboblarini huzuriga qabul qilgan.

Izzeddin va shahzoda Vahididdin (boʻlajak sulton Mehmed VI) oʻrtasida raqobat bor edi. Ular bir-biriga muloyim, ammo ayni damda sovuqlik bilan munosabatda boʻlar, hatto davlat marosimlari uchun ham bir aravada ketishdan bosh tortishardi. Ayniqsa, Vahididdin oʻzini ikkinchi taxt vorisi sifatida tan olishlarini talab qilardi. 1916-yilda Vohididdin sulton Mehmedni Izzeddindan keyin uni ikkinchi taxt vorisi etib tayinlashga koʻndirdi. Shahzoda Vahididdin agarda Izzeddin sulton boʻlsa, uning ITQ bilan birga oʻzlariga maʼqul vorisni tayinlab qoʻyishidan qoʻrqardi.

Shaxsiy hayoti Shahzoda Izzeddinning Çamlıca, Zincirlikuyu va Nishontoshida villalari boʻlgan. U qish oylarini Çamlıcada, yoz oylarni esa Zincirlikuyuda oʻtkazardi. Çamlıcadagi villa unga ota tomondan bobosi Mahmud II ning ayollaridan biri Tiryal xonim tomonidan berilgan. Tiryal xonim Abdulazizni oʻz oʻgʻlidek, Izzeddinni esa oʻz nevarasidek koʻrgan. 1909-yilda Izzeddin valiahd shahzoda boʻlgach, unga Dolmabahçe saroyidagi valiahd shahzoda xonalari ajratildi.

Izzeddin 6 marta uylangan va 4 farzand koʻrgan. Uning birinchi xotini Çeşmiahu xonim boʻlgan. Çeşmiahu xonim 1854–1856-yillar oraligʻida tugʻilgan boʻlib, ubixlar qabilasidan boʻlgan cherkas ayol edi. Çeşmiahuning onasi Mestare xonim boʻlgan. Izzedin va Çeşmiahu 1879-yilda turmush qurgan. Oradan 4 yil oʻtib, 1883-yilda ularning oʻgʻli shahzoda Mehmed Bahouddin tugʻilgan. Çeşmiahu 1912-yil noyabrda falajlik oqibatida vafot etgan va Pertevniyal Sulton maqbarasiga dafn qilingan.

Izzeddinning ikkinchi togʻavachchasi Cavidan xonim edi. U 1870-yil 12-yanvarda Istanbulning Horhor mavzesida otasiga tegishli saroyda tugʻilgan. Uning asl ismi Esma Sureyya boʻlgan. Cavidanning otasi shahzoda Umar Izzat posho Achba shahzoda Ahmad bey Achba (1856-yilda vafot etgan) va malika Eşba xonimning (1860-yilda vafot etgan) oʻgʻli boʻlgan. Onasi malika Oysha Kemalifer xonim Dziapş-lpa (1838–1901) esa shahzoda Mahmud bey Dziapş-lpa va malika Halime Çikotuaning qizi edi. Juftlik 1885-yil 20-mayda Beshiktosh saroyida turmush qurgan. Cavidan xattotlik bilan shugʻullangan. Izzeddin 1916-yilda vafot etgach, u Çamlıcadagi villada yashashda davom etgan. 1924-yilda Usmoniylar oilasi surgun qilingach, Cavidan Horhordagi otasiga tegishli saroyga joylashgan va 1933-yil 21-sentyabrda oʻsha yerda vafot etgan.