Bzikebi (, soʻzma-soʻz tarjimasi: „arilar“) — gruzin musiqiy guruhi boʻlib, 2008-yilda „Bzz..“ qoʻshigʻi bilan Gruziya nomidan „Yoshlar oʻrtasidagi Eurovision — 2008“ qoʻshiq tanlovida gʻolib chiqqani bilan mashhur boʻlgan. Guruh tarkibiga 1998-yil 7-martda tugʻilgan Giorgi Shiolashvili, 1998-yil 22-yanvarda tugʻilgan Mariam Kikuashvili va 1998-yil 5-aprelda tugʻilgan Mariam Tatulashvili kirgan. Tanlov paytida uchala ishtirokchi ham oʻn yoshda boʻlgan.
Guruh „On Replay“ qoʻshigʻi bilan „Eurovision — 2026“ tanlovida Gruziya vakili sifatida qatnashgan. Bu orqali ular „Yoshlar oʻrtasidagi Eurovision“ gʻolibligidan soʻng kattalar musobaqasida ishtirok etishga muyassar boʻlgan toʻrtinchi jamoa sifatida tarixga kirgan. Undan ilgari bu sharafga 2014-yilda Tolmachevy Sisters, 2021-yilda Destiny Chukunyere hamda 2023-yilda Iru Xechanovi sazovor boʻlgan.
Karyerasi Bzikebi 2008-yil 22-noyabrda Kiprning Lemesos shahrida boʻlib oʻtgan „Yoshlar oʻrtasidagi Eurovision — 2008“ tanlovida „Bzz..“ qoʻshigʻi bilan gʻalaba qozongan. Chiqish paytida guruh aʼzolari arilarni eslatuvchi qora va sariq yoʻl-yoʻl kostyumlar kiygan hamda toʻqima (sunʼiy) tilda kuylagan. Jamoa musobaqada jami 154 ball toʻplab, birinchi oʻrinni egallagan.
Bzikebi guruhi gʻalabadan keyingi yillarda „Yoshlar oʻrtasidagi Eurovision“ tanlovida muntazam ishtirok etgan. Jamoa 2010-yilgi tanlovda avvalgi gʻoliblar bilan birgalikda tanaffus vaqtida sahna koʻrinishi namoyish etgan, 2011-yilgi musobaqada esa ovoz berish jarayonida mehmon sifatida qatnashgan. Guruh, shuningdek, Gruziya hududida koʻplab konsert dasturlarini taqdim etgan. Shundan soʻng jamoa 2012-yildan boshlab faoliyatini vaqtincha toʻxtatgan. Bzikebi keyinchalik 2017-yilda oʻz mamlakatida tashkil etilgan tanlovning ochilish marosimida mehmon sifatida yana sahnaga qaytgan hamda 2022-yilda musobaqaning 20 yillik yubiley tadbirlarida ishtirok etgan.
Eurovision — 2026 2026-yil yanvar oyida Bzikebi Gruziyaning „Eurovision — 2026“ qoʻshiq tanlovidagi vakillari sifatida eʼlon qilingan. Guruh oʻzlarining „On Replay“ nomli qoʻshigʻini 2026-yil 11-martida taqdim etgan. Bzikebi 2026-yil 12-may kuni Avstriyaning Vena shahrida oʻtkazilgan tanlovning birinchi yarim finali dastlabki qismida sahnaga chiqqan, biroq Grand final bosqichiga yoʻllanma ololmagan.
Manbalar
Havolalar
Turkum:Gruzin musiqiy guruhlari Turkum:2008-yilda tashkil etilgan musiqiy guruhlar Turkum:Yoshlar oʻrtasidagi Eurovision qoʻshiq tanlovi gʻoliblari