Daniel Žižka (2003-yil 20-yanvarda tug‘ilgan) — chex qo‘shiqchi, qo‘shiq muallifi va aktyor. U Chexiya nomidan „Eurovision qo‘shiq tanlovi 2026“ tanlovida „Crossroads“ qo‘shig‘i bilan ishtirok etgan.

Hayoti

Žižka 2003-yil 20-yanvarda Praga shahrida tug‘ilgan.

U 10 yoshidan boshlab qo‘shiqlar yoza boshlagan. Bu haqda u shunday degan: „Taxminan o‘n besh yoshimda, ilk qo‘shig‘imni yozib, uni professional tarzda yozdirish darajasiga yetkazganimdan so‘ng musiqani kasbiy ravishda davom ettirishga qaror qildim. Biroq men 10 yoshimdan buyon qo‘shiq yozaman. Men doimo san’atkor bo‘lishni xohlaganman va taxminan oltinchi sinfda Jaroslav Ježek konservatoriyasida tahsil olishga qaror qilganman. Shu bilan birga teatr ham meni o‘ziga jalb qilardi va bularni qanday uyg‘unlashtirish haqida o‘ylardim. Oxir-oqibat, ikkalasini birlashtirib, musiqali teatr yo‘nalishida tahsil olishga qaror qildim“.

U 15 yoshidan boshlab vokal bo‘yicha muntazam tayyorgarlikdan o‘tib keladi hamda ovozini saqlash maqsadida har kuni mashg‘ulotlarda qatnashadi. 2026-yil yanvar holatiga ko‘ra, u Pragadagi J. Ježek konservatoriyasida ommabop xonandalik va kompozitsiya yo‘nalishida tahsil olayotgan edi.

Faoliyati

Žižkaning indie-pop va pop-soul janridagi debyut mini-albomi 2026-yil avgust oyi oxirida chiqarilishi rejalashtirilgan. Mini-albom chiqarilishidan avval bir nechta singllar e’lon qilinishi ko‘zda tutilgan. Ushbu mini-albom ilk bor 2026-yil yanvar oyida Pragada jonli ijro etilgan.

Žižka televideniyeda turli rollarda ishtirok etgan hamda vokal murabbiyi sifatida faoliyat yuritgan.

Eurovision

2026-yil 11-mart kuni Žižka Chexiya vakili sifatida „Eurovision qo‘shiq tanlovi 2026“ tanlovida „Crossroads“ qo‘shig‘i bilan ishtirok etishi e’lon qilindi. Qo‘shiq videoklipi bilan birga taqdim etildi.

Žižka va Viliam Béreš hammuallifligidagi mazkur qo‘shiq tanlovi Czech Television studiyalarida o‘tkazilgan tinglov bosqichidan so‘ng uch davlatdan jalb etilgan xalqaro musiqa mutaxassislari hay’ati hamda demoskopik hakamlar hay’ati ovozlari asosida amalga oshirilgan.

Crossroads qo‘shig‘ini yozish jarayoni taxminan bir yarim yil davom etgan, undan keyin esa qo‘shiqni ishlab chiqish uchun yana olti oy sarflangan.

Qo‘shiq insonning xayoliy chorrahada turib, keyingi yo‘lni tanlash zarurati haqidagi g‘oyani yoritadi. Ushbu mavzu sahna ko‘rinishida aks ettirish, illyuziya va parchalanish g‘oyalari orqali ifodalangan.

Sahna bezagi Ruy Okamura tomonidan boshqarilgan bo‘lib, unda to‘rtta yirik harakatlanuvchi ko‘zgu panelidan foydalanilgan. Ular sahnada doimiy ravishda o‘zgarib turuvchi perspektivalarni yaratib, inson qarorlarining turli yo‘llari va ehtimoliy natijalarini ramziy ifodalagan. Xonandaning ko‘zgulardagi takroriy akslari esa qo‘shiqning introspektiv kayfiyati va tanlov lahzalaridagi noaniqlikni yanada kuchaytirgan.

„Bu ko‘zgularda nimani ko‘ryapsiz?“ degan savolga Žižka: „Juda ko‘p tanlovlar, ko‘plab ehtimoliy haqiqatlar, ehtimol kishini bosib yuborishi mumkin bo‘lgan holatlar. Qaysi yo‘ldan borishni bilmaysiz, hayotda juda ko‘p variantlar bor“, deya javob bergan.

2026-yil 14-may kuni ikkinchi yarim finalda ishtirok etib, 16-may kuni bo‘lib o‘tgan final bosqichiga yo‘l oldi. Final yakunida u 25 ishtirokchi orasida 16-o‘rinni egallab, jami 113 ball to‘pladi: shundan 104 ball hakamlar hay’atidan, 9 ball esa tomoshabinlar ovozidan olingan.

Finaldagi chiqishiga bir nechta texnik nosozliklar salbiy ta’sir ko‘rsatgan. Chexiya delegatsiyasi qayta chiqish qilish uchun so‘rov yuborgan bo‘lsa-da, bu talab rad etilgan.

Diskografiyasi

Qoʻshiqlari

Ma’lumotlar Apple Music asosida keltirilgan.

Nomi Yili Albom „Pierrot“(Barbora Mochowa bilan) 2023Albom bo‘lmagan qoʻshiqlar „Talk“ 2024 „23:23“ 2025 „Never Felt Like Less“ „Crossroads“ 2026

Manbalar

Havolalar

Turkum:Yashayotgan insonlar Turkum:Eurovision ishtirokchilari Turkum:Chexiyalik erkak aktyorlar