Martin universiteti shifoxonasi (slovakcha: Univerzitná nemocnica Martin, qisqartmasi UNM) — Slovakiyaning davlat universitet shifoxonasi. Slovakiya poytaxti Bratislavaning shimoli-sharqidagi Zilina viloyatiga qarashli Martin shahrida joylashgan. U oʻquv-amaliy shifoxona boʻlib, Jessenius tibbiyot maktabiga qarashli asosiy universitet shifoxonasi hisoblanadi. Shifoxonada 1 700 dan ortiq xodim ishlaydi. Martin universiteti shifoxonasi barcha boʻlimlarni hisobga olgan holda jami 900 ta oʻringa ega. Hozirgi vaqtda kasalxona direktori — doktor Dušan Krkoška, M. D., PhD., MBA.

Tarixi Shifobaxsh issiq buloqlari bilan mashhur boʻlgan Turiec mintaqasi (nemischa: Turz) qadimdan turli kasalliklarga chalingan odamlar uchun davolanish maskani boʻlib kelgan. Vengriya qiroli Ladislaus IV 1281-yilda, Lyuksemburg qiroli Sigizmund I esa 1423-yilda uning davolovchi xususiyatlari haqida yozgan. 1532-yilda Mosovcelik Johannes Barbierus bu yerda doimiy ishlovchi birinchi shifokor boʻlgan. Keyinroq, 1680-yilda esa iyezuitlar shu joyda monastir dorixonasini tashkil etishgan.

1888—1945: Urush va epidemiyalar Hozirgi shifoxona binosi 1888-yilda qurib bitkazilgan. Uzoq davom etgan tayyorgarlik jarayonidan soʻng esa 1889-yilda faoliyati boshlagan. Shifoxonada malakali shifokorlar doimo yetishmagan va yotoq oʻrinlari kam boʻlgan. Shunga qaramay, bir necha yil ichida har yili 200 nafardan ortiq bemor davolangan. Ularning aksariyati oʻpka va ichak kasalliklaridan aziyat chekkan. 1892-yilda mintaqada vabo epidemiyasi yuz bergan. Bu holat sil kasalligining takroriy avj olishlari bilan birga yuqumli kasalliklarga chalingan bemorlar uchun yangi boʻlimlar qurilishini taqozo etgan.

Birinchi jahon urushi davrida Martin shifoxonasi yordamchi harbiy gospitalga aylantirilib, yaradorlarni davolash uchun ishlatilgan. Urush davom etib, bemorlar soni ortgani sayin, ularni joylashtirish maqsadida shifoxona tez surʼatlarda kengaytirilgan. Urushdan keyin aholi sonining koʻpayishi sababli shifoxonani yana kengaytirishga ehtiyoj tugʻilgan va 1923-yilda yangi jarrohlik binosi qurilgan. Biroq yotoq oʻrinlari hanuz yetarli boʻlmagani sababli, bu muammoni bartaraf etish uchun hokimiyat shifoxonaga tutash xususiy turar joylarni sotib olishga majbur boʻlgan. 1934-yilda Ginekologiya boʻlimi qurib bitkazilgan.

Ikkinchi jahon urushi yillarida shifoxona yana harbiy zaxira shifoxonasi sifatida foydalanilgan. Shu bilan birga, pediatriya va otorinolaringologiya boʻlimlari ham qurilgan. Barcha chex va yahudiy shifokorlar ishdan boʻshatilganiga qaramay, shifoxona urush yillari davomida faoliyatini davom ettirgan.

1945-yildan hozirgacha Urush oqibatida Martin shifoxonasi jiddiy zarar koʻrgan. Janglarning oqibatlari sababli binolar keng koʻlamli taʼmirtalab holatga kelgan. Shuningdek, tibbiy va texnik jihozlar yetishmovchiligini bartaraf etish zarurati tugʻilgan. Dr. Jàn Longauer yangi rahbar etib tayinlanganidan soʻng vaziyat yaxshilana boshlagan. Shifoxonaga yangi avlod shifokorlari kelib, uning kasbiy va ijtimoiy nufuzining oshishiga hissa qoʻshgan. Ulardan biri Dr. Vladimir Galanda boʻlib, u Turiec hududida bolalar tibbiy yordamini yuqori darajaga koʻtargan. Yana biri zamonaviy Chexoslovakiya kardiojarrohligining asoschisi Pavol Steiner boʻlib, u Martin shahrida Slovakiyadagi ilk ochiq yurak operatsiyasini amalga oshirgan. 1960-yillarga kelib shifoxona Martin shaharda joylashgan Jessenius tibbiyot maktabi talabalariga taʼlim beruvchi oʻquv-amaliy shifoxonaga aylangan va unda muntazam ravishda yangi boʻlimlar ochib borilgan.

1992-yilda bir nechta yangi boʻlinmalar tashkil etilgan, jumladan, alohida Neonatal boʻlim, Tropik kasalliklar boʻlimi, Gastroenterologiya boʻlimi, Parazitologiya boʻlimi va Klinik onkologiya boʻlimi. Bir yil oʻtib, quloq, burun va tomoq klinikasi endi Jarrohlik klinikasi, Bolalar jarrohligi boʻlimi hamda Neyrojarrohlik boʻlimi tarkibiga kirmagani sababli Otorinolaringologiya boʻlimi deb qayta nomlangan. Teri klinikasi Dermatologiya boʻlimi, Ayollar klinikasi esa Ginekologiya va akusherlik boʻlimi deb qayta nomlangan. Anesteziologiya va reanimatsiya boʻlimi 1996-yilda Anesteziologiya va intensiv terapiya boʻlimiga aylantirilgan.

2002-yil boshida fundamental tibbiyotni oʻqitish tizimida oʻzgarishlar amalga oshirilgan. Bolalar jarrohligi, sport tibbiyoti, neonatal yoʻnalishi hamda Klinik biokimyo boʻlimining tibbiyot talabalarini oʻqitish markazlari alohida klinikalarga aylantirilgan. Keyingi yillarda shifoxona keng koʻlamli modernizatsiyadan oʻtgan, jumladan, 2011-yilda yangi jarrohlik boʻlimi qurib bitkazilgan. 2012-yil sentabr oyida Oftalmologiya klinikasida Slovakiyada ilk bor koʻz ichki linzasi implantatsiyasi amalga oshirilib, katarakta bilan kasallangan ikki bemor davolangan. 2010-yil iyul oyida shifoxona nomi Martin Faculty Hospitaldan hozirgi nomi — Martin universiteti shifoxonasiga oʻzgartirilgan.

Mutaxassisliklar

Bolalar va oʻsmirlar boʻlimi Qandli diabet bilan kasallangan bolalar markazi Oʻsish gormoni yetishmovchiligi boʻlgan bolalar markazi

Dermatologiya boʻlimi Dermatologiyada pemfigoid autoimmun kasalliklari markazi Psoriaz va dermatozlarni biologik davolash markazi

Ichki kasalliklar I boʻlimi Invaziv va intervension kardiologiya markazi Martin universiteti shifoxonasi transplantatsiya markazi

Ichki kasalliklar II boʻlimi Davolashga chidamli peptik yaralar va oshqozon-ichak tizimining neyroendokrin oʻsmalarini tashxislash va davolash markazi Gastroenterologiyada biologik davolashni qoʻllash va roʻyxatga olish markazi

Infektologiya va sayohat tibbiyoti boʻlimi Tropik kasalliklar va sayohat tibbiyoti markazi Surunkali virusli gepatitlarni tashxislash va davolash markazi OIV-musbat shaxslarni kuzatish va davolash markazi

Ginekologiya va akusherlik boʻlimi Perinatologiya markazi

Gematologiya va transfuziologiya boʻlimi Gemostaz va tromboz boʻyicha milliy markaz

Pulmonologiya va ftiziologiya boʻlimi Uzoq muddatli uy sharoitida kislorod terapiyasini taqdim etish markazi Uyqu bilan bogʻliq nafas olish buzilishlarini tashxislash va davolash markazi

Patologiya boʻlimi Oshqozon-ichak tizimining kam uchraydigan oʻsmalarini markazlashtirilgan holda tashxislash markazi Epitelial kelib chiqishga ega xavfli oʻsmalarda HER2 holatini aniqlash markazi Gematopoetik kasalliklar va limfa toʻqimalarining diagnostik biopsiyasi markazi Teri kasalliklarini diagnostik biopsiya qilish markazi

Nevrologiya boʻlimi Nevrologiyada serebrovaskulyar kasalliklar markazi Nevrologiyada nerv-mushak kasalliklari markazi Markaziy asab tizimining demiyelinlovchi kasalliklari markazi

Sogʻliqni saqlash vazirligi ekspertlari

Professor Peter Banovcin, MD., PhD. — Pediatriya Dotsent Julian Hamzik, MD., PhD. — Torakal jarrohlik Professor Dušan Meško, MD., PhD. — Sport tibbiyoti Dotsent Dalibor Murgas, MD., PhD. — Bolalar jarrohligi Professor Juraj Pec, MD., PhD. — Dermatovenerologiya

Professor Lukáš Plank, MD., PhD. — Patologiya Professor Mirko Zibolen, MD., PhD. — Neonatologiya Dotsent Ivan Rezňák, MD., PhD. — Yadro tibbiyoti

Mashhur shaxslari Pavol Steiner (1908–1969) — Olimpiya suv polosi oʻyinchisi, suzuvchi va yurak jarrohi.

Yana qarang Slovakiya shifoxonalari roʻyxati

Manbalar

Havolalar

Martin University Hospital

Turkum:Slovakiya shifoxonalari Turkum:Slovakiyada tibbiy ta’lim Turkum:1889-yilda tashkil etilgan shifoxonalar Turkum:Ta’lim beruvchi shifoxonalar