Yaponcha kiberpank Yaponiyada yaratilgan kiberpank asarlariga ishora qiladi. Yaponcha kiberpankning ikkita alohida janri mavjud: badiiy yapon kiberpank filmlari hamda kiberpank manga va anime asarlari.
Yaponcha kiberpank kinosi (shuningdek, Ekstremal yapon kiberpanki deb ham ataladi) 1980-yillardan boshlab Yaponiyada yaratilgan andergraund filmlar janriga ishora qiladi. U Gʻarbda tushuniladigan „past turmush darajasi, yuqori texnologiyalar“ kiberpankiga biroz oʻxshab ketsa-da, sanoat va metall tasvirlarini ifodalashi hamda noodatiy hikoya uslubi bilan ajralib turadi. Yapon kiberpank harakati bilan bogʻliq asosiy rejissyorlar Shinya Tsukamoto, Shozin Fukui va Sogo Ishiidir. Janrning kelib chiqishi 1982-yilda suratga olingan „Burst City“ filmiga borib taqaladi, biroq janr asosan 1989-yilgi „Tetsuo: The Iron Man“ filmi orqali shakllangan. Uning ildizlari 1970-yillardagi yapon pank-musiqa muhitidan kelib chiqqan yapon pank submadaniyatiga borib taqaladi; Sogo Ishiining 1970-yillar oxiri va 1980-yillar boshidagi pank filmlari ushbu submadaniyatni yapon kinosiga olib kirdi va yaponcha kiberpankga yoʻl ochib berdi.
Yaponcha kiberpank, shuningdek, kiberpank mavzularidagi manga va anime asarlarining kichik janriga ham tegishlidir. Ushbu kichik janr 1982-yilda Katsuhiro Otomoning „Akira“ manga seriyasining debyuti bilan boshlangan boʻlib, keyinchalik uning 1988-yildagi anime film adaptatsiyasi (bunga Otomo rejissyorlik qilgan) ushbu janrni ommalashtirdi. „Akira“ yapon kiberpank asarlarining yangi toʻlqinini ilhomlantirdi, ular qatoriga „Ghost in the Shell“, „Battle Angel Alita“, „Cowboy Bebop“ va „Serial Experiments Lain“ kabi manga va anime seriyalari kiradi. Kiberpank anime va mangalari global ommaviy madaniyatga katta taʼsir koʻrsatdi va multiplikatsiya, komikslar, kino, musiqa, televideniye hamda videooʻyinlardagi koʻplab asarlarga ilhom bagʻishladi.
Yaponcha kiberpank filmlari
Uslub Yaponcha kiberpank odatda sanoat muhitida qahramonlarning, ayniqsa, bosh qahramonning daxshatli va aql bovar qilmas metamorfozalarni boshdan kechirishini oʻz ichiga oladi. Ushbu filmlarning koʻpchiligida eksperimental film janriga mansub sahnalar mavjud; ular koʻpincha qahramonlar va syujetga aloqador boʻlishi yoki boʻlmasligi mumkin boʻlgan mutlaqo mavhum yoki vizual ketma-ketliklarni qamrab oladi. Takrorlanuvchi mavzular sirasiga quyidagilar kiradi: mutatsiya, texnologiya, gumanizatsiyadan mahrum boʻlish (insoniylikni yoʻqotish), repressiya va jinsiy ogʻishlar.
Dastlabki koʻrinishlari Gʻarb kiberpankidan farqli oʻlaroq, qaysiki ildizlari „Yangi toʻlqin“ ilmiy-fantastik adabiyotiga borib taqalsa, yapon kiberpanki oʻz ildizlariga koʻra anderground musiqa madaniyatiga, xususan, 1970-yillardagi yapon pank-musiqa sahnasidan oʻsib chiqqan yapon pank submadaniyatiga borib taqaladi. Kinorejissyor Sogo Ishii oʻzining „Panic High School“ (1978) va „Crazy Thunder Road“ (1980) nomli pank janridagi filmlari orqali ushbu submadaniyatni yapon kinosiga olib kirdi. Bu filmlarda pankka xos boʻlgan isyonkorlik va anarxiya tasvirlangan boʻlib, ular keyinchalik anderground kino doiralarida katta taʼsirga ega boʻldi. Ayniqsa, „Crazy Thunder Road“ filmi pank baykerlar toʻdasi estetikasi bilan ajralib turuvchi taʼsirchan baykerlar filmi boʻldi va u Katsuhiro Otomoning „Akira“ asariga yoʻl ochib berdi. Ishiining navbatdagi filmi esa Otomoning komiks-manga asariga norasmiy qisqa metrajli film moslashuvi boʻlgan joʻshqin „Shuffle“ (1981) filmi edi. Paul Gravettning soʻzlariga koʻra, „Akira“ nashr etila boshlanganida, kiberpank adabiyoti hali yapon tiliga tarjima qilinmagan edi; Otomo esa Mitsuteru Yokoyamaning „Tetsujin 28-go“ (1956–1966) manga seriyasi va Myobius kabi alohida ilhom manbalariga ega boʻlgan.
Yana qarang Stimpank Texno-orientalizm
Manbalar