Varitsella-zoster virusi (VZV, shuningdek, odam gerpes virusi 3 (HHV-3, HHV3) nomi bilan ham tanilgan) — insonni zararlashi mumkin boʻlgan toʻqqizta maʼlum gerpes viruslaridan biri. U odatda bolalar va yoshlarda uchraydigan suvchechak kasalligini hamda kattalarda, kamdan-kam hollarda esa bolalarda kuzatiladigan oʻrab oluvchi temiratki (gerpes zoster)ni keltirib chiqaradi. VZV infeksiyasining kechki asorati sifatida, kamdan-kam holatlarda II tur Ramsay-Hant sindromi rivojlanishi mumkin. VZV infeksiyalari faqat odamlar uchun xos. Virus tashqi muhitda bir necha soatgacha yashay oladi.
VZV bodomcha bezlarida koʻpayib, turli alomatlarni keltirib chiqaradi. Oddiy gerpes viruslariga oʻxshab, VZV (suvchechak) bilan birlamchi zararlanishdan soʻng, virus neyronlarda, jumladan, bosh miya nerv tugunlari, orqa miya ildiz tugunlari va vegetativ nerv tugunlarida yashirin holatda saqlanadi. Odam dastlabki suvchechak infeksiyasidan tuzalganidan koʻp yillar oʻtgach, VZV qayta faollashib, oʻrab oluvchi temiratkini keltirib chiqarishi mumkin.
Epidemiologiyasi
Suvchechak Varicella zoster virusining birlamchi infeksiyasi suvchechak (varicella) kasalligini keltirib chiqaradi. U ensefalit, pnevmoniya (bevosita virusli yoki ikkilamchi bakterial) yoki bronxit (virusli yoki ikkilamchi bakterial) kabi asoratlarga olib kelishi mumkin. Suvchechakning klinik belgilari yoʻqolganidan keyin ham virus bemorning asab tizimidagi uch shoxli va orqa miya ildizi tugunlarida yashirin holatda saqlanib qoladi. VZV organizmga nafas yoʻllari orqali tushadi, uning yashirin davri 10–21 kun, oʻrtacha 14 kunni tashkil etadi. Asosan teri va periferik nervlarni zararlaydigan kasallik davri taxminan 3-4 kun davom etadi. Bemorlar toshmalar toshishidan 1-2 kun oldin eng yuqumli hisoblanadi. Kasallik belgilariga bitishdan avval yiring bilan toʻladigan, soʻng yorilib, quriydigan pufakchalar kiradi. Toshmalar koʻpincha yuz, tomoq, bel, koʻkrak va yelka sohalarida paydo boʻladi.
Temiratki Taxminan uchdan bir holatda VZV keyinchalik qayta faollashib, temiratki yoki oʻrab oluvchi gerpes deb nomlanuvchi kasallikni keltirib chiqaradi. Oʻrab oluvchi gerpesga chalinish xavfi 20–30 foizni, yaʼni har toʻrt kishidan birini tashkil etadi deb hisoblanadi. Biroq 85 va undan katta yoshdagi odamlar uchun bu xavf har ikki kishidan biriga toʻgʻri keladi. 2015-yilda Shvetsiyada Nilsson, Cassel va Lindquist tomonidan oʻtkazilgan tadqiqotga koʻra, oʻrab oluvchi gerpesning yillik koʻrsatkichi barcha yoshdagi har 100 000 aholiga 315 ta holatni, 50 yosh va undan katta yoshdagilar orasida esa har 100 000 kishiga 577 ta holatni tashkil etgan.
VZV markaziy asab tizimini ham zararlashi mumkin. „Xalqaro yuqumli kasalliklar jurnali“ning (International Journal of Infectious Diseases) 2013-yildagi sonida chop etilgan maqolada Shveytsariyadagi bir shifoxonada 2003-yil yanvaridan 2010-yil iyuligacha boʻlgan davrda har 100 000 aholiga 1,02 ta markaziy asab tizimi infeksiyasi toʻgʻri kelgani qayd etilgan.
Oʻrab oluvchi temiratki toshmalari va u bilan bogʻliq boʻlgan nevropatik ogʻriqlar odatda bir yoki ikkita qoʻshni sezgi nervi tomonidan innervatsiya qilinadigan teri sohasida yuzaga keladi. Koʻpincha achishish hissi sifatida taʼriflanadigan nevropatik ogʻriqlar deyarli har doim tananing faqat bir tomonida kuzatiladi. Teri toshmalari odatda bir necha hafta ichida yoʻqolib ketadi, ogʻriq esa koʻpincha undan uzoqroq davom etadi. 10–15 foiz holatlarda ogʻriq uch oydan ortiq saqlanib qoladi; bu postgerpetik nevralgiya deb nomlanuvchi surunkali va koʻpincha nogironlikka olib keladigan holatdir. Oʻrab oluvchi temiratki virusi infeksiyasining boshqa jiddiy asoratlariga Mollaret meningiti, koʻp oʻchoqli temiratki, insultga olib keluvchi miya arteriyalarining yalligʻlanishi, miyelit, koʻzni oʻrab oluvchi temiratki yoki toshmasiz temiratki kiradi. II-tur Ramsay-Xant sindromida VZV tizzasimon tugunni zararlaydi va yuz nervining muayyan tarmoqlari boʻylab joylashgan jarohatlarni qoldiradi. Alomatlar til va quloqdagi ogʻriqli pufakchalarni, shuningdek, yuzning bir tomonlama zaifligi va eshitishning pasayishini oʻz ichiga olishi mumkin. Homiladorlikning dastlabki bosqichlarida infeksiya yuqtirilganda, homila jiddiy shikastlanishi mumkin. Reye sindromi birlamchi infeksiyadan soʻng rivojlanishi mumkin boʻlib, u toʻxtovsiz qusish va miya faoliyatining buzilishi belgilarini, masalan, oʻta uyquchanlik yoki tajovuzkor xulq-atvorni keltirib chiqaradi. Ayrim hollarda bu oʻlim yoki koma bilan yakunlanishi mumkin. Reye sindromi asosan bolalar va oʻsmirlarga yuqadi; infeksiya paytida aspirin qabul qilish bu xavfni oshirishi mumkin.
Manbalar
Havolalar
Turkum:Suvchechak