Mars al-Kabir jangi Ispaniya imperiyasi va mahalliy Tilimsan saltanati oʻrtasida, Mars al-Kabir yaqinida boʻlib oʻtgan.

Tarixi Mars al-Kabir shahri 1505-yilda ispan qoʻshinlari tomonidan bosib olindi. Bu orqali barbar qaroqchiligini toʻxtatish koʻzlangan edi. Shaharning oʻzi juda katta xarajatlar evaziga ushlab turilar, chunki mahalliy Tilimsan podsholigi tomonidan yaqin orada bosqin boʻlishi aniq edi. Buni muvozanatlash uchun, shaxsan Pedro Navarro mahalliy Zayyoniylar shaharlariga bir necha marotaba yurishlar uyushtirib, aholining koʻp qismini asir olib ketdi va barcha boyliklarni qoʻlga kiritdi. Mars al-Kabir shahri bunday talonchiliklardan juda katta daromad oldi va shu bois Navarro yanada koʻproq qoʻshin bilan bunday reydlarni davom ettirdi. Albatta, Abu Abdulloh V oʻz hududiga bunday bostirib kirishlarga yoʻl qoʻyolmas edi va u bir qancha sarkardalari, jumladan Banu Rashid hokimi Ahmad ibn Gʻanim hamda Tilimsan shayxi Abu Abdulloh Muhammad ibn ash-Shayx al-Hajj bilan uchrashgach, mamlakat boʻylab sodiq qabilalardan qoʻshin toʻplashga qaror qildi. Bu qoʻshin tarkibiga Ahmad boshchiligidagi Banu Rashid qabilalari ham kiritildi. Pedro esa bundan bexabar holda, 3 mingdan ortiq askar ishtirok etadigan eng yirik reydlaridan birini uyushtirishga kirishdi.

Jang 1507-yilda Pedro Markaziy Magʻribga reyd uyushtirib, Mars al-Kabir yaqinidagi 3 ta qishloqni taladi va mahalliy qabila boshligʻi boshchiligidagi qarshilik kuchlarini yengdi. U 1 500 dan ortiq mauriylarni qoʻlga oldi. Ularni qul sifatida sotishni rejalashtirgan edi, shuningdek 4 000 dan ortiq qoramol ham qoʻlga kiritildi. Magʻlub boʻlgan qabilalar bu haqda mahalliy Zayyoniy qoʻmondoniga xabar berdilar. U esa oʻz navbatida markaziy qoʻshinga, yaʼni Tilimsandagi kuchlarga xabar yubordi. Oʻzi ham ispan talonchilari ustiga bostirib bordi, biroq katta talafot koʻrgach, orqaga chekinishga majbur boʻldi. Asosiy jazoirlik qoʻshin esa oʻz vaqtida yetib kelib, ispan dushmanlarining joylashuvini aniqlaganidan soʻng ularga qarshi pistirma tashkillashtira boshladi. Ispan lagerining oʻzida ispanlar navbatdagi nuqsonsiz gʻalabalarini nishonlayotganlari bois, asirlar kuchsiz qoʻriqlanayotgan edi. Zayyoniylar janubdan ibn Gʻanim boshchiligidagi qoʻshin va mahalliy qabilalardan kelgan qoʻshimcha kuchlar bilan saflari kengaygach, qoʻshin tarkibidagi otliqlar soni 11 000 dan ortib ketdi, biroq ularning koʻpchiligi qabila lashkaridan iborat edi. Hatto asosiy zayyoniylar qoʻshinida ham ispanlarnikiga nisbatan eskirgan qurollar bor edi. U paytda ispanlar allaqachon musketalar bilan qurollangandi. Shunga qaramay, pistirmada bunday katta qoʻshin tomonidan uyushtiriladigan hujum kutmagan ispanlar uchun bu kutilmagan hodisa boʻldi. Atigi mingga yaqin ispan askari qutula oldi, qolganlari oʻldirildi yoki asirga olindi. Qutulib qolganlar qayta safarbarlikka erisha olmadilar va buning oʻrniga Mazalkivir qalʼasiga chekinishga urindilar. Jang Ispaniya uchun ogʻir magʻlubiyat bilan yakunlandi, chunki ular ham shafqatsiz Shimoliy Afrika quyoshi, ham dushmanlarning koʻpligi qarshisida ojiz qoldilar. Bu xabarni eshitgach, Ferdinand II Mars al-Kabirni yoʻqotishdan qoʻrqib, u yerga askar va yordam bilan toʻldirilgan bir nechta galera otryadlarini yubordi. Koʻrilgan ehtiyot choralariga qaramay, zayyoniylar shaharga hujum qilmadilar, balki Tilimsanga chekindilar.

Oqibatlari Magʻlubiyatdan soʻng Ispaniya 1509-yilgacha Mars al-Kabir bilan cheklanib qoldi. Oʻsha yili ular Oranga hujum qildilar va katta gʻalabaga erishdilar. Urush yakuni 1512-yilda Ispaniya foydasiga hal boʻldi: oʻshanda Zayyoniylar sultonligi Aragon tojining vassaliga aylandi, biroq bu uzoq davom etmadi. Abu Zayyon III ukasi Abu Abdulloh VI dan Tilimsanni qaytarib olib, oʻzining arab-berber kontingentlari va ispan askarlari garnizoni bilan Ispaniyaga qarshi hujum qildi.

Manbalar

Adabiyotlar

Turkum:1507-yilgi urushlar