Xuzayma ibn Mudrika () — islom payg‘ambari Muhammadning ajdodlaridan biri, shuningdek, Kinona va Banu Asad qabilalarining ham ajdodi boʻlgan. Banu Huzayl qabilasi ajdodi Huzaylning akasi yoki ukasi.

Xuzayma Arabiston yarim orolida Hubal butiga sigʻinuvchi birinchi shaxs boʻlgan. Hubalga sigʻinish uning vafotidan keyin ham milodiy VII asrgacha, islom dini paydo boʻlishi davrida ham davom etgan. Oxir-oqibat, Makkaning fath qilinishi chogʻida Hubal buti yoʻq qilingan.

Shajara Tarixchi Ibn Isʼhoq Xuzaymaning toʻliq nasabini Xuzayma ibn Mudrika ibn Ilyos ibn Mudar ibn Nizor ibn Maʼd ibn Adnon tarzida keltirgan. Shuningdek, tarixchi uning yana bir necha avlod davom etuvchi ajdodlarini sanab oʻtib, ularning nasabi oxir-oqibat Ismoil va Ibrohimga paygʻambarga borib taqalishini qayd etgan.

Oilasi Xuzayma Mudrika ibn Ilyosning oʻgʻli boʻlib, Adnonning oltinchi avlodi hisoblanadi. Uning Huzayl ismli akasi yoki ukasi boʻlib, Banu Huzayl qabilasi uning avlodlari sanaladi. Xuzayma Avona ismli arab ayoliga uylangan va ular Kinona ismli oʻgʻil koʻrgan. Keyinchalik Kinonaning avlodlaridan Banu Kinona qabilasi vujudga kelgan.

Shuningdek, Xuzaymaning Asad, Asada va al-Hun ismli uch oʻgʻli boʻlgan. Asad Banu Asad ibn Xuzayma qabilasining ajdodi boʻlgan. Asada esa Yamanga koʻchib oʻtgan va Laxmiylarning ajdodlaridan biri hisoblanadi. Laxmiylar oxir-oqibat milodiy IV asrdan boshlab al-Hira shahrini boshqaruvchi qudratli qirollikka aylangan. Ularning hokimiyati Roshidun xalifaligi oʻz hukmronligini Sosoniylar hududlarigacha kengaytirguniga qadar davom etgan.

Keyingi davr islom olimlari, jumladan, Ibn Hishom, Tabariy, Ibn Kasir hamda Saifur Rahmon Muborakpuriy Xuzayma oʻgʻli Kinona orqali paygʻambar Muhammadning ajdodi ekanini taʼkidlagan.

Din Xuzayma islomdan oldingi Arabistonda ko‘pxudolikka eʼtiqod qilgan. U birinchi boʻlib Hubal butini oʻrnatib, uni arablarga tanishtirgan. Arablar Hubalga islom dini kirib kelguniga qadar avlodlar davomida sigʻinishda davom etganlar. Keyinchalik Makkaning fath qilinishi chogʻida but yoʻq qilingan. Arablar diniy eʼtiqodlari tizimida Hubal haykali paydo boʻlishida Xuzaymaning roli kuchli boʻlgani bois u „Xuzaymaning Hubali“ nomi bilan ham mashhur boʻlgan. Biroq shialar bu fikrga qoʻshilmaydi. „Bihor al-Anvar“ kitobida keltirilgan rivoyatda Muhammad paygʻambarning Ibrohimgacha boʻlgan barcha ajdodlari, jumladan, Xuzayma ham, tavhid tarafdorlaridan boʻlganligi bayon qilingan.

Yana qarang Paygʻambar Muhammadning shajarasi

Manbalar

Turkum:Muhammadning ajdodlari