„Biz“ — rus yozuvchisi Yevgeniy Zamyatinning 1920–1921-yillarda yozilgan antiutopik romani. Asar ilk bor 1924-yilda Nyu-Yorkdagi „E. P. Dutton“ nashriyoti tomonidan Gregory Zilboorgning ingliz tilidagi tarjimasida chop etilgan. Rus tilidagi asl matn birinchi marta 1952-yilda nashr qilingan boʻlsa, Sovet Rossiyasida bu roman faqatgina 1988-yilga kelib yuz koʻrgan. Romanda yagona totalitar davlat doirasidagi uygʻunlik va yakdillik hukm surgan dunyo hamda unga qarshi bosh qahramon — D-503 ning isyon koʻtarishi tasvirlanadi.

Ushbu kitob adabiyot durdonasi hamda XX asrning eng buyuk va taʼsirli asarlaridan biri hisoblanadi. U antiutopiyaning adabiy janr sifatida shakllanishiga taʼsir koʻrsatgan. George Orwellning taʼkidlashicha, Aldous Huxleyning 1931-yilda yozilgan „Ajib yangi dunyo“ asari qisman „Biz“ romaniga asoslangan boʻlishi kerak, biroq Huxley buni rad etgan. Koʻplab boshqa zamonaviy antiutopik romanlar singari, Orwellning oʻziga tegishli „1984“ va „Molxona“ asarlari ham „Biz“ romanidan ilhomlanib yozilgan.

Zamon va makon „Biz“ romani voqealari uzoq kelajakda sodir boʻladi. Kosmik kema muhandisi boʻlgan D-503 deyarli butunlay shishadan (ehtimol, ommaviy kuzatuvni osonlashtirish uchun) qurilgan shahar-mamlakat — Yagona Davlatda yashaydi. Davlat tuzilishi Panoptikonni eslatadi, undagi hayot esa Frederick Winslow Taylorning ilmiy boshqaruv tamoyillariga asoslanadi. Jamiyat „Valineʼmat“ deb nomlanuvchi hokimiyat tomonidan markazlashgan holda va qatʼiy jadval asosida boshqariladi. Odamlar bir xil kiyim kiyishadi va baravar qadam tashlab yurishadi. Odamlarga berilgan maxsus belgilardan (romanda ular „raqamlar“ deb ataladi) boshqa murojaat qilish usuli mavjud emas. „Biz“ asarida tasvirlangan jamiyat oʻz kun tartibini tuzish va xatti-harakatlarini oqlash uchun matematik mantiq hamda aql-idrokka tayanadi. Har bir shaxsning xulq-atvori Yagona Davlat tomonidan belgilab berilgan formulalar va tenglamalar vositasidagi mantiqqa asoslanadi.

Syujeti Yagona Davlat butun dunyoni zabt etganidan bir necha yuz yil oʻtgach, oʻzga sayyoralarga bostirib kirib, ularni boʻysundirish maqsadida „INTEGRAL“ fazo kemasi quriladi. Loyihaning bosh muhandisi D-503 kundalik tutishni boshlaydi va uni qurib bitkazilgan fazo kemasida fazoga joʻnatishni rejalashtiradi. Mazkur kitob aynan oʻsha kundalikdan iborat boʻlib, uning boblari „[n]-qayd“ deb nomlanadi va har bir qayd undagi voqealar mazmunini qisqacha ifodalovchi uch qatorli konspekt bilan boshlanadi.

Yagona Davlatning barcha fuqarolari kabi D-503 ham oynavand koʻp qavatli uyda yashaydi va maxfiy politsiya, yaʼni Qoʻriqchilar Byurosi tomonidan sinchkovlik bilan kuzatib boriladi. D-503 ning maʼshuqasi O-90 ga maʼlum kechalarda uning oldiga kelish belgilab qoʻyilgan. Boʻyi meʼyordan past boʻlgani sababli u farzand koʻrishga noloyiq deb topiladi va bu holatidan qattiq iztirob chekadi. O-90 ning yana bir xushtori hamda D-503 ning eng yaqin doʻsti R-13 ommaviy qatl marosimlarida oʻz sheʼrlarini oʻqiydigan Davlat shoiri boʻladi.

O-90 bilan belgilangan sayr vaqtida D-503 I-330 ismli ayolni uchratib qoladi. I-330 sigaret chekadi, spirtli ichimlik ichadi va rasmiy jinsiy uchrashuvga ariza berish oʻrniga, D-503 ga behayolarcha suykala boshlaydi. Bularning barchasi Yagona Davlat qonunlarida taqiqlangan edi.

Ham jirkangan, ham maftun boʻlgan D-503 oʻzining I-330 ga boʻlgan moyilligini yengishga urinadi. Ayol uni Yagona Davlatdagi derazalaridan boʻlak hech qayeri shaffof boʻlmagan yagona bino — Qadimiy Uyga taklif qiladi. U yerda shahar atrofidan qazib olingan estetik va tarixiy ahamiyatga molik buyumlar saqlanardi. Shu yerda I-330 unga ishga bormaganini oqlash uchun yolgʻonchi shifokor xizmatidan foydalanishni taklif etadi. U yerdan dahshat ichra chiqib ketgan D-503 ayolni Qoʻriqchilar byurosiga chaqib berishga ahd qiladi, ammo bunga qoʻli bormasligini tushunib yetadi.

Manbalar

Bibliografiya

Sharhlar

Sally Feller, Your Daily Dystopian History Lesson From Yevgeny Zamyatin: A Review of We

Kitoblar

Jurnal maqolalari

(updates articles by Myers published in The Slavonic and East European Review)

English: My wives, icebreakers and Russia. Russian: О моих женах, о ледоколах и о России. The original date and location of publication are unknown, although he mentions the 1928 rescue of the Nobile expedition by the Krasin, the renamed Svyatogor. The article is reprinted in E. I. Zamiatin, 'O moikh zhenakh, o ledokolakh i o Rossii', Sochineniia (Munich, 1970–1988, four vols.) II, pp. 234–40.

Havolalar We—full text We—full text (1924 Zilboorg translation, in English) Film—

Turkum:Yevgeniy Zamyatin romanlari