thumb|250px|right|Tarixiy kiyimlar.

Kiyim, kiyim-kechak deb badanni yopib turuvchi har qanday mato parchasiga aytiladi. Kiyimlar tikiladi, toʻqiladi, yoki boshqa usullar bilan tayyorlanadi. Kiyim kiyishdan maqsad avvalo tanani atrof-muhit taʼsiri: issiq-sovuq, shamol, chang-toʻzon, quyosh nurlari, yogʻin va hokazodan asrashdir. Bundan tashqari kiyim ijtimoiy sabablarga koʻra ham kiyiladi (jinsiy aʼzolarni berkitish uchun). Xuddi shu ijtimoiy va psixologik sabablarga koʻra kiyim-kechak koʻrimli, chiroyli qilib tayyorlanadi (masalan, boshqa odamlarni jalb qilish, ularga yoqish uchun).

Kiyim — inson tanasini tashqi muhit (iqlim, ob-havo oʻzgarishlari, quyosh nuri va b.) taʼsiri va turli mexanik taʼsirlardan asraydigan vositalar toʻplami; estetik vazifani bajaradi hamda jins, yosh, milliylik va b. xususiyatlarni oʻzida aks ettiradi. Keng maʼnoda "Kiyim" tushunchasi bosh kiyimlar, oyoq kiyimlar (poyabzal), qoʻlqop va b.ni ham oʻz ichiga oladi.

Kiyim turiga koʻra — ichki kiyim, ustki kiyim, bosh kiyimlar, oyoq kiyimlar (poyabzal); vazifasiga koʻra— kundalik, uyda, dam olish paytida, bayram va toʻy marosimlarida kiyiladigan (kishilik) Kiyimlar, ish Kiyim (jomakor), sport Kiyim, rasmiy Kiyim (forma)lar, maxsus Kiyimlarga boʻlinadi; ayollar, erkaklar va bolalar Kiyimlariga ajratiladi.

Kundalik Kiyim, odatda, xalqning madaniyati, kishining didiga mos boʻlib, turli modada, turli xil matolardan tikiladi; unda kasb, etnik va ijtimoiy guruhga mansublik oʻz ifodasini topadi. Dam olish paytida kiyiladigan Kiyim yumshoq va mayin matodan, erkin harakat uchun qulay qilib tikiladi. Bayram, marosim (kishilik) Kiyimlari milliy uslubda, qimmatbaho matolardan tayyorlanadi, turli bezaklar (kashta, munchoq va b.) bilan boyitiladi. Ish Kiyimi (jomakor) oddiy matolardan mehnat jarayoniga mos qilib tikiladi (mas, oʻt oʻchiruvchining ish Kiyimi oʻtga chidamli brezentdan, baliqchilarning Kiyimi suv oʻtkazmaydigan matodan tikiladi, traktorchining ish Kiyimi kombinezondan, tibbiyot xodimi, sartarosh, oshpazlarning ish Kiyimi asosan, oq xalatdan iborat va hokazo). Sport Kiyim jismoniy tarbiya va sport bilan shugʻullanish uchun qulay qilib tikiladi. Rasmiy Kiyim (forma) harbiy Kiyim, matros, militsioner, aloqachi va rasmiy kishilar (prokuror va b.)ning maxsus nizomda belgilangan Kiyimlari. Maxsus Kiyim homilador ayollar, bemorlar va b. kiyadigan Kiyimlar. Bolalar K. i rang-barang pishiq matodan qulay qilib tikiladi, ular turli qoʻshimchalar bilan uqa, jiyak, kashta tikib, quroq usulida bezatiladi. Kiyim ixcham, iqlim va faslga, jins, yoshga moslashtirilgan, eng muhimi qulay boʻlishi, kishiga yarashib turishi lozim. Kiyimni bichish va tikish katta sanʼat. Kiyim tikish uchun oldin tabiiy (paxta, jun, jut, ipak) yoki sunʼiy (sintetik) matolardan tanlanadi, tikuvchilar uyda, atelyelar va fabrikalarda Kiyim tikishadi. Buning uchun avval matoni bichib olish kerak. Bu ishni bichiqchi bajaradi. Oʻnga modelyer rassom Kiyim rasmi (modeli)ni chizib beradi. Xullas Kiyim bitib magazinga tushguncha bir necha kishi mehnat qiladi.

Yengil sanoat, xususan, toʻqimachilik sanoatining jadal rivojlanishi kishilar didining tinimsiz oʻsib borishi, xalqlar orasidagi aloqalarning kuchayishi Kiyim modasining tez-tez oʻzgarib turishiga olib keladi; hayot ham shuni taqozo qiladi. Ayniqsa, ayollar Kiyimlari modasi tez-tez oʻzgarib turadi. Hozir Kiyim inson tanasini tashqi taʼsirlardan asraydigan vosita boʻlish bilan birga oʻziga va atrofdagilarga estetik zavq bagʻishlaydigan badiiy sanʼat asariga ham aylanib bormokda. Kiyim tikishda turli-tuman bezak materiallardan, kashtalardan foydalaniladi.

Kiyim inson yaratgan turar joy kabi eng qad. ixtirolardan; soʻnggi paleolit davridayoq mavjud boʻlgan Kiyim geografik muhit, xoʻjalik shakli, ijtimoiy munosabatlar, madaniyat, etnik qatlamlar va b.ga bogʻliq holda taraqqiy etgan. Paleolit davri yodgorliklari orasida terini ishlaydigan tosh va tikadigan suyak ignalar topilgan. Kiyim uchun matodan tashqari barglar, oʻtlar, daraxt poʻstloqlari ham xom ashyo vazifasini oʻtagan. Ibtidoiy odamlar hay-von terilari, daraxt poʻstloklari va barglarini suyak va hayvon shoxidan ishlangan "ignalar" bilan shunchaki chatib, badanlariga "ilib" olishgan. Neolit davrida ip yigirish va mato toʻqish sanʼatini oʻzlashtirgan inson Kiyimtikishda dastlab yovvoyi oʻsimlik tolalaridan foydalangan, chorvachilik va dehqonchilikning rivojlanishi mato tayyorlash uchun uy hayvonlarining juni va madaniy oʻsimliklarning tolalaridan foydalanish imkonini berdi. Barcha Kiyim turlari 2 boshlangʻich koʻrinishdan — yelkaga tashlab qoʻyiladigan teri, oʻt, barg va parlardan toʻqilgan yopqich va bel(boksa) bogʻlamlari (belbogʻ) dan rivojlanib shakllangan. Keyinchalik yopqichlar yopinchiq(plashch), koʻylak, kaftan kabi, bel bogʻlamlari ishton, yubka, fartuk kabi turli xil shakllarga ega boʻldi; shippak yoki oyoqni oʻrab turgan bir parcha hayvon terisi eng sodda qad. poyabzal turi boʻlgan, shuningdek, poyabzal uchun daraxt poʻstlogʻi va daraxtdan ham foydalanilgan.

Estetik xususiyatlarga ega dastlabki Kiyim Qadimgi Misr Kiyimlaridir. Qadimgi Misrda erkaklar (bellariga mato yoki teri bogʻlagan) va ayollar (bogʻichli toʻgʻri koʻylak) K.larida burma (drapirovka)lar qoʻllangan; keyinroq nozik mato i.ch.ga erishilgach, plissirovka keng tarqalgan. Turli rangdagi nozik matodan tayyorlanib kashtalar bilan bezatilgan K.ni, odatda, hukmron tabaqa vakillari kiygan, qullar dagʻal mato yoki teridan tayyorlangan Kiyim kiygan. Qad. ossuriyaliklarda uzun koʻylak va hoshiya bezakli yopinchiq rasm boʻlgan. Yunonlar xiton (yengeiz koʻylak), tunika (kalta yengli koʻylak), gimatiy (yopinchiq) kiyishgan, bu Kiyimlar inson qiyofasiga ulugʻvor soddalik baxsh etgan, inson tanasining egiluvchanligini kursatgan (ular, asosan, oq jun va kanop matolardan tayyorlangan), toʻgʻnogʻich, belbogʻ va b. bilan boyitilgan. Oyoq Kiyim vazifasini boldirni oʻrab turadigan tasmali shippaklar bajargan. Qad. Rim Kiyimi ham yunonlarniki kabi burmali boʻlgan. Erkaklarning asosiy ustki Kiyimi togʻa (yarim aylana yoki oval shaklidagi mato boʻlagi) boʻlgan. Erkak va ayollarning ichki Kiyimi vazifasini tunika bajargan, ayollar uning ustidan stola(xiton koʻrinishidagi keng uzun Kiyim) va palla (gimatiyga oʻxshash) kiyishgan.

Vizantiyada diniy tarkidunyochilik taʼsirida Kiyim qatʼiy, qomatni yashirib turadigan shaklga ega boʻlib, mato (parcha, shoyi) qalin, ogʻir, yirik gulli boʻlgan.

XIV—XV asrlarda Gʻarbiy Yevropada chizmachilik ilmining taraqqiyoti hozirga qadar mavjud boʻlgan andazalarning barcha turlarini yaratilishini taʼminladi, matolarning nafisligi, iplarining joylashishi bichishni mukam-mallashtirdi. Bu yutuqlar Kiyimni aniq loyihalash va qomatga mos nafis Kiyimning paydo boʻlishida muhim ahamiyatga ega boʻldi.

Xalqlar oʻrtasida iqtisodiy aloqalarning kengayishi natijasida Kiyim bichimlari bir mamlakatdan ikkinchisiga tarqalgan. Masalan, 11 — XIV asrlarda Gʻarbiy Yevropaga fransuz, 14— XVI asrlarda Flandriya va Burgundiya, XVI asr 2-yarmidan ispan, XVII asr 2-yarmidan yana fransuz modalari tarqalgan. Rus zodagonlari Sharqda tayyorlangan zarboft, kimxob toʻnlar, zardoʻzi telpak va b. buyumlarni juda qadrlashgan (mas, Monomax telpagi). XIV asrda Kiyim taraqqiyotiga maʼlum darajada meʼmorlik va tasviriy sanʼatdagi uslublar taʼsir etgan. Masalan, 10— XII asrlarda Gʻarbiy Yevropada Kiyim bichimida roman uslubi aks etgan, yaʼni uzun koʻylak va yelkaga tashlab yuriladigan yopinchiq urf boʻlgan; XII—XV asrlarda gotika uslubida tikilgan kalta va tor Kiyim kiyishgan. Uygʻonish davri (XV—XVI asrlar) da kalta, lekin keng bichimdagi Kiyim rasm boʻlgan, 16— XVIII asrlarda barokko, XVIII asrda rokoko uslubidagi, yaʼni murakkab bichimli Kiyimlar kiyila boshlangan. Kiyim toʻr, burma, bantiklar bilan bezatilgan. XVIII asr fransuz inqilobi davrida yuzaga kelgan erkaklar libosi Yevropa erkaklar Kiyimini shakllanishida muhim rol oʻynadi. XIX asrda yagona Yevropa Kiyimi shakllanishi yakunlandi, XIX asr 2-yarmidan Kiyimlarni ommaviy i.ch. natijasida quyi qatlamlar orasida ham yangi modali Kiyimlar keng tarqaldi. Angliya erkak Kiyimi yaratishda yetakchi boʻlib qoldi.

XX asrda texnika taraqqiyoti va oʻnga bogʻliq holda oʻzgargan hayot tarzi, tikuvchilik sanoatining oʻsishi Kiyim tarixida yangi davrni ochib berdi, avtomobil va mototsiklda yurishning keng tarqalishi tufayli erkaklar Kiyimida oʻzgarishlar roʻy berdi: kalta shim, kurtka, rangli koʻylak, bosh Kiyim — keplar paydo boʻldi. 20-yillardan erkaklar yagona bichimdagi Kiyim kiya boshladi. 50-yil lardan erkin harakatga qulay boʻlgan Kiyim yuzaga keldi, ancha yengil va shaklan nafis Kiyim yaratildi, yenglari yaxlit bichimli koʻylaklar, pochasi tor shimlar paydo boʻldi, sport Kiyimlari keng tarqaldi.

Ayollar Kiyimida XX asr 10-yillar Kiyim shaklidagi bejamdorlik, chiziklar va bezakdagi asimmetriya yoʻqoldi, koʻylaklarda elastik matolarning erkin bur-malari bilan hosil qilinadigan chiziqlarning oquvchanligi paydo boʻldi.

Urush yillarida kundalik Kiyim — yubka va bluza boʻlib, koʻylaklar kaltalashdi. Bu Kiyimda paypoq muhim oʻrin tutdi. 30— 40-yillarda nozik shaklda (egri ip yoʻnalishida bichilgan mato qomatga mos yotadi) qarbiy Kiyim xususiyatlari (yelkaning keng va balandligi boʻrttirilgan va b.) koʻzga tashlanadi, poyabzal qalin taglikka (platformaga) ega boʻldi; 50-yillarda ayollar Kiyimida uslubiy oʻzgarishlar roʻy berdi: qatʼiy shakldan mayin oquvchan chiziqlarga ega boʻlgan yangi bichim yaratildi; yengi bilan yaxlit bichimli qomatga mos Kiyimturi (beli va yubkasi tor koʻylak) va uchli, nafis va ingichka poshnali poyabzal yuzaga keldi. 60-yillar boshida yubkalar oʻrnini egʻallay boshlagan shimlar keng tarqaldi.

60-yillarda oyoq Kiyimda oʻzgarishlar roʻy berdi: sport uslubidagi keng va oʻrtacha baland poshnali poyabzal paydo boʻldi. Qishki poyabzallardan etiklar keng tarqaldi. 60-yillardan erkak va ayollar Kiyimidan yoshlar libosi ajralib turadi: oʻsmir yigit va qizlar Kiyim bi-chimining oʻxshashligi deyarli bir xil boʻlgan buyumlar yaratishga olib keldi.

70-yillardan Kiyim turi va uning shakllari juda rang-baranglikka ega. Modelyerlar ana shu xilma-xillikda ayrim qismlarni uygʻunlashtiruvchi oʻziga xoslikni koʻradilar.

Kiyim modelini yaratishda zamonaviy Kiyimlarni loyihalash markazi shakllangan Fransiya yetakchi oʻrin egʻallaydi (G. Shanel, K. Dior, P. Karden va b.). XX asr 2-yarmidan Angliya (M. Kuant), Italiya (opa-singil Fontanalar, Valentino), shuningdek, AQSH, Yaponiya va b. firmalar ular bilan erkin raqobatlashadi. ʻMDH hududida matodan tikilgan Kiyim neolit davridan maʼlum. Mil. av. 1-ming yillikda skif-sarmat qabilalarining erkaklari koʻylak va kaftan, uchli qalpoq, etik, ayollar keng koʻylak, ustki (yopinchiq) Kiyim kiyishgan. Rus, ukrain va beloruslar toʻgʻri bichimli uzun koʻylak, kamzul, poʻstin, moʻynali qal-poq, etik, piyma, boshmoq, lapta (chipta kavush) kiyishgan. Kavkazliklar (arman, gruzin, ozarbayjon) uzun koʻylak, cherkaska (kamzul), burka, papaxa, ayollar beligacha tor, etagi keng koʻylak, ixcham qalpoqcha kiyib, yupqa roʻmol oʻrab yurishgan. Oʻrta Osiyo xalqlari toʻgʻri bichimli uzun koʻylak, yaktak, chopon, doʻppi, salla, roʻmol, moʻynali qalpoq, mahsi, kavush, etik vab. Kiyim kiyishgan.

Oʻzbek milliy Kiyimi. Oʻzbekiston hududida mahalliy Kiyim qadimdan iqlim, turmush sharoitlari va urugʻ-qabila anʼanalari asosida shakllangan. Respublika hududidan topilgan arxeologik yodgorliklar, devoriy rasmlar, yozma manbalar, qoʻlyozma kitoblarga ishlangan moʻʼjaz tasvir (miniatyura)larda oʻzbek milliy Kiyimining boy tarixi namoyon boʻladi.

Sharq Uygʻonish davrida barcha sohalarda boʻlgani kabi liboslarga tus berishda ham gʻoyat ilgarilab ketilgan. Kishi qomatining goʻzalligini aniq koʻrsatadigan beli qisma liboslar tarqalgan. Biroq Kiyimning kishi qomatiga qarab bichish usuli bu yerda uncha rivojlanmagan. Kiyim shakli estetik ideal, ijtimoiy-iqtisodiy hayot, xususan, din, axloq bilan chambarchas bogʻliqdir.