Tarix — oʻtmish tizimli ravishda oʻrganiladigan fan. Akademik fan oʻlaroq unda tarixiy dalillar tahlil qilinadi va talqin etiladi, sodir boʻlgan voqealar hamda ularning yuz berish sabablarini tushuntirish uchun tarixiy bayonlar yaratiladi. Ayrim nazariyotchilar tarixni ijtimoiy fanlar qatoriga kiritsa, boshqalari uni gumanitar fanlar tarkibiga mansub yoki bu ikki yoʻnalishni oʻzida mujassam etgan gibrid fan deb sanaydi. Tarixning maqsadi borasida ham turli qarashlar mavjud. Masalan, baʼzilar uning asosiy vazifasi haqiqatni aniqlashga qaratilgan nazariy bilim olish deb bilsa, boshqalar oʻtmishdan saboq chiqarishga xizmat qiladigan amaliy ahamiyatini ustun qoʻyadi. Kengroq maʼnoda tarix atamasi akademik fanni emas, balki oʻtmishning oʻzini, oʻtmishdagi davrlarni yoki oʻtmish haqida yozilgan alohida matnlarni ham anglatadi.

Tarixiy tadqiqotlar oʻtmishdagi voqealarni qayta tiklash va ularning talqinlarini asoslash uchun birlamchi hamda ikkilamchi manbalarga tayanadi. Tanqidiy manbashunoslik (manbalarni tanqidiy tahlil qilish) orqali bu manbalarning haqiqiyligi, mazmuni va ishonchliligi baholanadi. Tarixchilar izchil va yaxlit tarixiy bayon yaratish uchun turli manbalardagi qarashlarni oʻzaro uygʻunlashtirishga intiladilar. Pozitivizm, „Annallar“ maktabi, marksizm va postmodernizm kabi ilmiy yoʻnalishlar tarixiy tadqiqotlarda oʻziga xos metodologik yondashuvlarga ega.

Tarix juda keng qamrovli fan boʻlib, koʻplab tarmoqlarni oʻz ichiga oladi. Ulardan ayrimlari qadimgi dunyo tarixi kabi muayyan davrlarni oʻrgansa, boshqalari Afrika tarixi singari maʼlum geografik hududlarni qamrab oladi. Mavzuga koʻra tarix siyosiy, harbiy, ijtimoiy va iqtisodiy yoʻnalishlarga boʻlinadi. Muayyan tadqiqot usullari va manbalariga asoslangan tarmoqlar qatoriga kvantitativ tarix, qiyosiy tarix va ogʻzaki tarix kiradi.

Tarix alohida tadqiqot sohasi sifatida qadimgi davrlarda afsona va rivoyatlarga asoslangan bayonlar oʻrnini bosish maqsadida shakllandi. Dastlabki nufuzli tarixshunoslik anʼanalari Qadimgi Yunoniston va Xitoyda vujudga kelgan, keyinchalik esa islom dunyosida ham rivojlangan. Tarixiy yozma asrlar davomida takomillashib bordi va ayniqsa XIX asrda qatʼiy metodologiya hamda turli ilmiy muassasalarning shakllanishi bilan yuqori darajada professionallashdi. Tarix tarixshunoslik, falsafa, taʼlim, siyosat va arxeologiya kabi koʻplab fanlar bilan chambarchas bogʻliqdir.

Taʼrif Akademik fan sifatida tarixda oʻtmish, avvalo insoniyat oʻtmishi oʻrganiladigan fandir. Dalillar toʻplash va tahlil qilish orqali tarixiy bayonlarni yaratilib, oʻtmishda sodir boʻlgan voqealar tavsiflanadi va tushuntiriladi. Bunday bayonlarda voqealarning vaqt davomida qanday rivojlangani, nima sababdan yuz bergani hamda qanday sharoitlarda sodir boʻlgani yoritiladi. Shuningdek, tarixda tarixiy voqealarning ahamiyati va ularga turtki boʻlgan insoniy motivlar ham tadqiq etiladi.

Tarix atamasi boshqa bir maʼnoda oʻtmishda sodir boʻlgan voqealarning oʻzini ham anglatadi. Bu maʼnoda tarix — oʻtmishni oʻrganadigan fan emas, balki oʻtmishning oʻzidir. Sanaladigan ot sifatida qoʻllanganda esa tarix oʻtmishning tarixiy asar shaklidagi ifodasini bildiradi. Tarixiy asarlar faol talqin va qayta tiklash jarayonining mahsuli boʻlgan madaniy mahsulotlardir. Tarixchilar yangi dalillarni aniqlashi yoki avval maʼlum boʻlgan manbalarni yangicha talqin qilishi natijasida bunday asarlardagi tarixiy bayonlar oʻzgarishi mumkin. Oʻtmishning oʻzi esa oʻzgarmas va oʻzgarib boʻlmaydigan hodisadir. Ayrim tarixchilar tarixni yilnomalardan farqlash maqsadida uning talqin va izohlash xususiyatiga alohida urgʻu beradilar. Ularning fikricha, yilnomalarda voqealar faqat xronologik tartibda qayd etiladi, tarixda esa ularning sabablari, sharoitlari va oqibatlarini har tomonlama tushuntirishga intilinadi.

Tarix fani uzoq vaqt davomida asosan yozma hujjatlarga tayangan. Shu sababli ushbu fanda yozuv paydo boʻlganidan keyingi davrni, yaʼni yozma tarixni oʻrganishga eʼtibor qaratilgan, yozuvdan avvalgi davr — ibtidoiy jamiyat esa arxeologiya kabi boshqa fanlarning tadqiqot obyekti sanalgan. XX asrda tarixchilarning qiziqishi kengayib, ular yozuv ixtiro qilinishidan avvalgi insoniyat oʻtmishini ham oʻrgana boshlaydilar.

Tarixning ijtimoiy fanmi yoki gumanitar fanlar tarkibiga kiradimi, degan masala tarixchilar orasida munozaralarga sabab boʻlib kelmoqda. Ijtimoiy fanlar vakillari singari tarixchilar ham gipotezalarni ilgari suradilar, obyektiv dalillarni toʻplaydilar va ana shu dalillarga tayangan holda xulosalar chiqaradilar. Shu bilan birga, tarix talqin, hikoya qilish, inson tajribasi va madaniy meros kabi subyektiv jihatlarga tayangani bois gumanitar fanlarga ham yaqin turadi. Baʼzi tarixchilar uni qatʼiy ravishda ijtimoiy yoki gumanitar fan sifatida tasniflasa, boshqalari tarixni bu ikki yoʻnalish xususiyatlarini oʻzida mujassam etgan gibrid fan deb sanaydi. Tarix soxta tarixdan farq qiladi. Soxta tarix tarixshunoslikning ilmiy mezonlariga rioya qilmaydigan yondashuvlarni anglatadi. Bunday yondashuvlar shubhali tarixiy dalillarga tayanishi, ishonchli dalillarni tanlab eʼtiborsiz qoldirishi yoki tarixiy voqelikni buzib koʻrsatishning boshqa usullaridan foydalanishi bilan tavsiflanadi. Koʻpincha muayyan mafkuraviy maqsadlar bilan bogʻliq boʻlgan soxta tarixda tarixiy tadqiqot usullariga oʻxshash uslublardan foydalangan holda, ilmiy tahlil va mutaxassislar oʻrtasidagi umumiy eʼtirofga ega boʻlmagan biryoqlama hamda chalgʻituvchi tarixiy bayonlar ilgari suriladi. Maqsadi

Tarixning maqsadi yoki ahamiyati haqida turli qarashlar mavjud. Ayrim tarixchilarning fikricha, tarixning asosiy vazifasi oʻtmish haqidagi haqiqatni xolisona aniqlashdan iborat. Bu yondashuvda haqiqatni hech qanday tashqi maqsadlarsiz, oʻz-oʻzi uchun qadriyat sifatida izlashga urgʻu beriladi. Unga koʻra, mafkura yoki siyosat bilan bogʻliq tashqi maqsadlar oʻtmishni buzib talqin qilish orqali tarixiy tadqiqotlarning aniqligiga putur yetkazishi mumkin. Shu maʼnoda tarixda dalillarga asoslanmagan anʼanaviy afsona va rivoyatlar ham shubha ostiga olinadi.

Boshqa bir qarashga koʻra, tarixning asosiy qadriyati uning bugungi kun uchun beradigan saboqlaridadir. Bu nuqtayi nazarga koʻra, oʻtmishni anglash qarorlar qabul qilishda yoʻl-yoʻriq boʻlib xizmat qiladi va avval yoʻl qoʻyilgan xatolarning takrorlanishining oldini olishga yordam beradi. Shunga yaqin yondashuvda inson tabiatini chuqurroq anglashga eʼtibor qaratiladi. Turli davrlar va sharoitlardagi inson xulq-atvorining xilma-xilligini ochib berib, xuddi xorijiy mamlakatlarga sayohat qilish orqali hosil qilinadigan tajriba singari, insoniyat haqidagi tasavvurlarni boyitadi. Tarix, shuningdek, umumiy oʻtmish orqali odamlarda jamoaviy oʻzlikni shakllantirib, ijtimoiy hamjihatlikni mustahkamlashi hamda madaniy meros va qadriyatlarni avloddan avlodga saqlash hamda rivojlantirishga xizmat qilishi mumkin. Whig tarixchilari hamda marksist olim Edward Hallett Carr kabi ayrim tadqiqotchilar tarixni bugungi kunni anglashning, Carr esa bundan tashqari kelajakni shakllantirishning ham muhim vositasi deb hisoblagan.

Siyosatchilar va mafkurachilar ayrim hollarda tarixdan siyosiy yoki mafkuraviy maqsadlarda ham foydalanadilar. Masalan, ayrim anʼanalarning nufuzini taʼkidlash orqali mavjud holatni oqlash yoki oʻtmishdagi adolatsizliklarni koʻrsatish orqali oʻzgarishlarni targʻib qilish bunga misol boʻla oladi. Bunday yondashuvning keskin koʻrinishlarida tarixiy dalillar ataylab eʼtibordan chetda qoldiriladi yoki notoʻgʻri talqin qilinadi. Natijada chalgʻituvchi tarixiy bayonlar yuzaga kelib, ular soxta tarix yoki tarixiy inkorchilikka olib kelishi mumkin. Bunga Holokost, armanlar genotsidi, Nankin qirgʻini va Golodomorni inkor etish kabi holatlar misol boʻla oladi.

Etimologiyasi

Inglizcha „history“ soʻzi qadimgi yunon tilidagi („histōr“) soʻzidan kelib chiqqan boʻlib, „bilimdon“, „donishmand“ maʼnolarini anglatadi. Bu soʻzdan qadimgi yunon tilidagi („historiā“) atamasi hosil boʻlgan. Dastlab keng maʼnoda „surishtiruv“, „tadqiqot“ va „guvohlik berish“ni anglatgan. Keyinchalik ushbu atama klassik lotin tiliga „historia“ shaklida oʻzlashgan. Ellinizm va Rim imperiyasi davrlarida uning maʼnosi oʻzgarib, surishtiruv va guvohlik berishdan koʻra voqealarni bayon qilish hamda ularni ifodalash sanʼatiga koʻproq urgʻu berila boshlagan.

Bu soʻz XIV asrda qadimgi fransuz tilidagi „histoire“ shakli orqali oʻrta ingliz tiliga kirib kelgan. Oʻsha davrda „hikoya“, „qissa“ maʼnosida qoʻllanilib, ham haqiqiy, ham badiiy voqealarni oʻz ichiga olgan. XV asrga kelib, uning maʼnosi kengayib, oʻtmishni oʻrganuvchi bilim sohasi bilan bir qatorda oʻtmish haqidagi bayonlarni ham anglata boshlagan. XVIII–XIX asrlarda tarixiy tadqiqotlarning professionallashuvi bilan „history“ soʻzi tobora dalillarga asoslangan bayonlar va ilmiy tadqiqotlar bilan bogʻlana boshlaydi. Bu maʼno hozirgi zamon qoʻllanilishida ham ustunlik qiladi.

Tarix soʻzining ikki xil maʼnosi — yaʼni „hikoya“ va „oʻtmish haqidagi dalillarga asoslangan bayon“ maʼnolari — boshqa koʻplab Yevropa tillarida ham saqlanib qolgan. Jumladan, fransuz tilidagi „histoire“, italyan tilidagi „storia“ va nemis tilidagi „Geschichte“ soʻzlari ham shu ikki maʼnoni anglatadi.

Metodlari

Tarixiy usul — tarixchilar oʻtmishni tadqiq etish va talqin qilishda foydalanadigan usullar majmui boʻlib, dalillarni toʻplash, baholash va umumlashtirish jarayonlarini oʻz ichiga oladi. Maqsadi tarixiy dalillarni tanlash, tahlil qilish va talqin etishda ilmiy qatʼiylik, aniqlik hamda ishonchlilikni taʼminlashdan iborat.

Tarixiy tadqiqot odatda tadqiqot savolini belgilashdan boshlanadi. Tadqiqot savoli izlanishning doirasi va yoʻnalishini aniqlab beradi. Baʼzi tadqiqot savollari faqat voqealarning qanday sodir boʻlganini tasvirlashga qaratilsa, boshqalari muayyan voqeaning nima sababdan yuz berganini tushuntirish, mavjud nazariyani rad etish yoki yangi gipotezani tasdiqlashni maqsad qiladi.

Manbalar va manbalarni tanqidiy tahlil qilish Tadqiqot savollariga javob topish uchun tarixchilar oʻtmishni qayta tiklash va oʻz xulosalarini asoslashda turli xil dalillarga tayanadilar. Tarixiy dalillar odatda birlamchi va ikkilamchi manbalarga boʻlinadi.

Birlamchi manba — oʻrganilayotgan davrning oʻzida yaratilgan manbadir. Bunday manbalar rasmiy hujjatlar, xatlar, kundaliklar, voqealarning bevosita guvohlari qoldirgan qaydlar, fotosuratlar, audio va video yozuvlar kabi turli shakllarda boʻlishi mumkin. Shuningdek, arxeologiya, geologiya va tibbiyot fanlarida oʻrganiladigan tarixiy qoldiqlar, jumladan qazishmalar natijasida topilgan artefaktlar va qazilma qoldiqlar (yoqilgʻilar) ham birlamchi manbalarga kiradi. Birlamchi manbalar tarixiy voqealar haqida eng bevosita dalillarni taqdim etadi.

Arxivlar tadqiqotchilar foydalanishi uchun juda koʻp miqdordagi asl manbalarni saqlaydi.

Ikkilamchi manba — boshqa manbalardagi maʼlumotlarni tahlil qilinadigan yoki talqin etiladigan manba. Muayyan hujjatning birlamchi yoki ikkilamchi manba sanalishi faqat uning oʻziga emas, balki undan qanday maqsadda foydalanilayotganiga ham bogʻliq. Masalan, tarixchi tarixiy hujjatlar tahliliga asoslanib qullik haqida asar yozsa, bu asar qullik tarixini oʻrganishda ikkilamchi manba, biroq tarixchining oʻz qarashlarini oʻrganishda birlamchi manba sanaladi.