Nasaf, Naxshab — Qarshi vohasida, Qashqadaryoning quyi oqimi boʻylarida joylashgan oʻrta asr shahri va viloyati nomi. N. shahri Karshi shahridan 8 km shim.gʻarbdagi Shulluktepa shahar harobasi oʻrnida boʻlgan. 7—VIII asrlarda N.da ot tasviri, G — belgisi va turkiy chehra hokim rasmi tushirilgan mis tangalar zarb qilingan. VIII asrning 2-yarmidan bu tangalar fels deb atalgan. Arablar istilosidan soʻng N. viloyatning maʼmuriy markazi boʻlgan. N. oʻrta asrlarda 3 qismdan — ark, shahriston va raboddan tashkil topgan, mudofaa devori bilan oʻralgan, 4 ta darvozasi — Buxoro, Samarqand, Kesh va Gubdin darvozalari boʻlgan. X asrda ark harobaga aylanib, hayot keng rabodda davom etgan. Hokim uyi va qamoqxona daryo boʻyidagi Rasal qantara — koʻprik boshi degan yerda joylashgan, jome masjidi rabodda, Gubdin darvozasi oldida boʻlgan, shahar bozor bilan hokim uyi oraligʻida joylashgan. XIV asrda N. Qarshi nomini olgan.

Adabiyot Kamaliddinov Sh. S, Istoricheskaya geografiya Yujnogo Sogda i Toharistana po araboyazichnim istochnikam IX — nachala XIII vv., T., 1996.OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil

Manbalar

Turkum:Tarixiy viloyatlar Turkum:Oʻrta Osiyoning qadimiy shaharlari Turkum:Oʻzbekiston tarixi Turkum:Qashqadaryo viloyati