Koʻptilou Nurmuhamedov (1903-yilda tugʻilgan) — qoraqalpoq davlat va jamoat arbobi, maʼrifatparvari hamda ziyoli oʻqituvchisi.

Hayoti va mehnat faoliyati Koʻptilou Nurmuhamedov Qoraqalpogʻistonning Qoʻngʻirot tuman 7-ovul, Sarikoʻl volostida, dehqon oilasida dunyoga kelgan. Bolalikdan eski usuldagi maktabda va rus-tuzem maktabida tahsil olgan. 1922-yillardan boshlab yoshlar uyushmasiga aralashib yurgan va keyinchalik aʼzo boʻlgan, shuning bilan birga tuman yoshlar uyushmasining kotibi vazifasida faoliyat olib borgan. Xivadagi 3 oylik oʻqituvchilar tayyorlash kursini tugatgach Qoʻngʻirot shahridagi internatda oʻqituvchi boʻlib ishlagan.

Soʻngra 1925—1926-yillar mobaynida Qoʻngʻirot yoshlar uyushmasining kotibi, Qoʻngʻirot maorif boʻlimi mudiri vazifasini ham bajarib kelgan. 1927—1928-yillarda Qoʻngʻirot va Toʻrtkoʻl xalq nazorat komiteti boshligʻi, 1928—1929-yillarda Qoraqalpogʻiston prokurorining oʻrinbosari boʻlib ishlagan. 1932-yilda Qoraqalpoq MIQ raisi lavozimiga saylangan. Shundan soʻng Qoraqalpoq Avtonom Respublikasining tashkilotchilaridan biri boʻlgan.

Koʻptilou Nurmuhamedov QQASSR Markaziy Ijroiya Qoʻmitasi Raisi vazifasini ham bajargan. 1934—1937-yillar oraligʻida Qozogʻistondagi Koʻksuv sovxozi va „Chimqoʻrgʻon“ sovxozi direktori oʻrinbosari vazifasini bajargan.

Ayblov Koʻptilou Nurmuhamedov 1937-yil 20-sentyabrda „Alash oʻrda“ aksil inqilobiy uyushmasiga aʼzolikda ayblanib qamoqqa olingan va 1938-yil 13-oktyabrda OʻzSSR Jinoyat kodeksining 64-moddasiga binoan va sobiq SSSR Oliy Sudi Harbiy hay’ati hukmiga koʻra otuvga hukm qilingan.

1957-yil 19-iyulda SSSR Oliy sudining qarori bilan K.Nurmuhamedovga nisbatan qoʻyilgan 1938-yil 13-oktyabrdagi farmon bekor qilingan, unga qoʻyilgan ayblovlar olib tashlangan va u butunlay reabilitatsiya qilingan.

Oʻgʻli, Marat Nurmuhamedov (1930—1986) – Oʻzbekiston SSR Fanlar akademiyasi akademigi, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Qoraqalpogʻiston boʻlimining birinchi raisi.

Manbalar

Turkum:1903-yilda tugʻilganlar Turkum:1938-yilda vafot etganlar Turkum:Davlat arboblari Turkum:Qatagʻon qurbonlari Turkum:Pedagogika