Monetochka (haqiqiy ismi – Yelizaveta Andreyevna Girdimova; 1998-yil 1-iyun, Yekaterinburg) – rossiyalik qoʻshiqchi, qoʻshiq muallifi va musiqachi. Yelizaveta 2016-yilda maktab oʻquvchisi sifatida ijtimoiy tarmoqda oʻzining birinchi „Psixodelicheskiy klaud-rep“ albomini nashr etganida ommaviy axborot vositalarining eʼtiborini tortdi. 2018-yilda chiqarilgan „Raskrazki dlya vzroslix“ nomli birinchi studiyaviy albomi xonandaga Rossiyada ommaviy mashhurlikni olib keldi. Hammasi boʻlib, Monetochka diskografiyasi uchta studiya albomini oʻz ichiga oladi.

Hayoti 1998-yil 1-iyunda Yekaterinburgda tugʻilgan. Otasi Andrey Yevstigneyevich Girdimov kasbi quruvchi, onasi Yelena Aleksandrovna Girdimova turistik kompaniyada ishlaydi.

Bolaligidan sheʼr yozishga qiziqqan va oʻsmirlik chogʻida oʻz ijodini Stihi.ru saytida nashr etgan. 2005-yilda Yekaterinburgdagi 32-sonli maktabning birinchi sinfiga alohida fanlarni (shu jumladan musiqa va adabiyot) chuqurlashtirib oʻqishga kirdi va u yerda 9 yil davomida fortepiano sinfida umumiy va musiqiy taʼlim oldi.

2014-yilda Ural federal universitetining ixtisoslashtirilgan oʻquv-ilmiy markazining oʻninchi sinfiga oʻqishga kirdi. Oʻn birinchi sinfni tugatgandan soʻng, 2016-yilda Moskvadagi Butunrossiya davlat kinematografiya institutiga (VGIK) sirtqi taʼlim shaklida „ishlab chiqarish“ mutaxassisligiga oʻqishga kirdi. Yelizavetaning VGIKni tanlashiga sabab uning klassik kinematografiyaga boʻlgan muhabbati edi.

2016-yil sentyabr oyidan boshlab VGIKda oʻqishni davom ettirdi va birinchi amaliyotini oʻz vatani Yekaterinburgda „ETV“ telekanalida oʻtkazdi va u yerda shoira Aleksandra Aksyonova bilan qoʻshma loyihalarni ishlab chiqdi.

2015-yil oxirida Yelizaveta Girdimova birinchi marta „Monetochka“ taxallusi bilan oʻzi yozgan va ijro etgan qoʻshiqlarni yozib oldi va „VKontakte“ ijtimoiy tarmogʻiga joylashtirdi. Kompozitsiyalar uy sharoitida sintezator joʻrligida yozilgan. 2016-yil yanvar oyida oʻzining YouTube kanaliga qoʻshiqlarni jonli ijro etib videolarini joylashtirishni boshladi.

Manbalar

Turkum:Rossiyalik qoʻshiqchilar Turkum:Yekaterinburgda tugʻilganlar Turkum:Shoiralar Turkum:Rossiyalik shoirlar Turkum:Alifbo boʻyicha qoʻshiqchilar