Uzbekistan Airways Technics MChJ (UAT) – „Oʻzbekiston havo yoʻllari“ milliy aviakompaniyasining tarkibiy boʻlinmasi. Samolyotlar, dvigatellar va butlovchi qismlarga texnik xizmat koʻrsatish va taʼmirlash sohasida qariyb 100 yillik tajribaga ega kompaniya. UAT majmuasi Boeing 757, 767, 787, Airbus 300, 310, 318, 319, 320, 321 kabi samolyotlarga va ularning butlovchi qismlariga texnik xizmat koʻrsatish va taʼmirlashni amalga oshiradi. Kompaniyaning taʼmirlash sohasidagi imkoniyati Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Tojikiston, Yevropa hamda Bermud orollari, Rossiya Federatsiyasi, Kuvayt aviatsiya boshqarmalari tomonidan tan olingan.
Kompaniya yiliga kamida 10 ta xorijiy aviakompaniya samolyotlariga texnik xizmat koʻrsatadi va taʼmirlaydi.
Uzbekistan Airways Technics Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroporti hududida joylashgan. Geografik joylashuvi istalgan toifadagi havo kemalarini qabul qilish, saqlash, texnik xizmat koʻrsatish va taʼmirlash imkonini beradi. UATning angar hududlari Toshkent aeroportining taksi yoʻllari tizimiga ulangan.
Samolyotlar taʼmirlash majmuasi maydoni 17 280 kv metrni tashkil etadi. Majmua bir vaqtning oʻzida 3 ta keng fyuzelajli samolyotlarni qabul qila oladi va ularga barcha turdagi bazaviy texnik xizmatlarni koʻrsata oladi.
Uzbekistan Airways Technics ICAO, Yevropa aviatsiya xavfsizligi (EASA PART-66 va 145) va Yevropa normalari (EN4179) talablariga javob beradi.
Tarixi Dastlabki davri Kompaniyaning tashkil topish tarixi 1924-yil 12-noyabrda Dobrolet jamiyati qoshida birinchi samolyot taʼmirlash ustaxonalari ochilgan paytdan boshlanadi. Ustaxonalardagi 15 nafar harbiy aviamexanik bir dvigatelli K-4 va K-5 samolyotlarini, Germaniyaning Yunkers, Farman samolyotlari, Yunkers va BMW aviamotorlarini taʼmirlash va texnik xizmat koʻrsatish bilan shugʻullangan.
1937-yil Fuqaro aviatsiyasining 243-sonli samolyot taʼmirlash zavodi ochiladi va unda ANT-9, R-5, P-5, G-1, G-2, K-4, K-5, U-2 kabi samolyotlarni, BMW-123A, L-5 dvigatellari taʼmirlashni amalga oshirgan. Keyingi yillarda TB-3, Li-2 samolyotlari va M-17, M-34, ASh-62IR dvigatellarini ketma-ket taʼmirlash oʻzlashtirilgan.
Ulugʻ Vatan urushidan keyin zavod fuqarolik mahsulotlarini ishlab chiqarish uchun yangi uskunalar bilan jihozlandi. Koʻp yillar davomida zavod Il-12, Il-14, Yak-12, Il-18 samolyotlaridan tashqari uzoq masofaga uchadigan Il-62 samolyotlarini, Il-76 transport samolyotlarini, birinchi keng fyuzelajli Il-86 samolyotlari, AI-25 dvigatellari va TA-6, TA-6A, TA-8 yordamchi quvvat bloklarini taʼmirlashga ixtisoslashgan.
1991-yildan boshlab rivojlanishi Oʻzbekiston havo yoʻllari milliy aviakompaniyasi tomonidan Gʻarbda ishlab chiqarilgan texnikalar – Airbus 310, Boeing 757/767 va BAe146/AVRO146-RJ xarid qilinishi bilan ularga texnik xizmat koʻrsatishni oʻzlashtirish zarurati tugʻildi va 1997-yilda zavodda Gʻarb texnikalariga texnik xizmat koʻrsatish markazi tashkil etildi. 1998-yilda Markaziy Osiyoda birinchi C-check Airbus 310 samolyotlaridan birida amalga oshirildi, 1999-yildan boshlab Boeing 767 va BAe146/AVRO146-RJ, 2000-yildan esa Boeing 737 samolyotlarida C-check texnik xizmat koʻrsatib kelinmoqda.
2002-yilda Fuqaro aviatsiyasining 243-sonli zavodi „Uzbekistan Airways Technics“ aviatsiya korxonasi deb nomlandi, 2006-yilda uning tarkibiga sharqda ishlab chiqarilgan samolyotlarga texnik xizmat koʻrsatuvchi Aviatsiya texnika majmuasi davlat unitar korxonasi kiritildi.
2010-yil noyabr oyida Airbus 320 samolyotini qabul qilib olgan Uzbekistan Airways Technics mutaxassislari ushbu turdagi samolyotlarga birinchi marta A-check, 2011-yilda esa C-check texnik xizmat koʻrsatishni amalga oshirdi. 2010-yilda kompaniya mijozlari orasida Qozogʻistonning SCAT aviakompaniyasi paydo boʻldi.
2016-yilda Uzbekistan Airways Technics bazasida Boeing 787 Dreamlinerning kompozit qismlarini taʼmirlash markazi foydalanishga topshirildi.
2018-yil Oʻzbekiston Tashqi savdo vaziri Afgʻoniston Transport vaziri Muhammad Hamid Tahmasiy bilan uchrashuvda UAT Afgʻoniston samolyotlari uchun texnik xizmat koʻrsatish va taʼmirlash ishlarini amalga oshirishi maʼlum boʻldi. Oʻtgan davr mobaynida afgʻon samolyotlariga xizmat koʻrsatgani haqida maʼlumot mavjud emas.
2023-yil fevral oyida UAT hududidagi 39 gektar maydonda erkin bojxona zonasi tashkil qilindi. EBZda ehtiyot qismlarni saqlashga moʻljallangan 2 ta omborxona mavjud. 2021-yil 30-apreldagi PQ-5100-sonli Prezident qarori hamda 2021-yil 21-oktyabrdagi VMQ-652-sonli Vazirlar Mahkamasi qarori bilan erkin bojxona zonasi tashkil etishning huquqiy asoslari yaratildi. EBZ tashkil qilingandan keyin texnik xizmat koʻrsatishga kelgan ilk samolyot SCAT Airlinesning Boeing 737-300 samolyoti boʻldi.
Faoliyati Uzbekistan Airways Technics xizmat koʻrsatish quvvatlariga quyidagilar kiradi:
Samolyotlarni taʼmirlash majmuasi. Samolyotlarni boʻyash uchun angar. Gʻarbda ishlab chiqarilgan butlovchi qismlarga texnik xizmat koʻrsatish va taʼmirlash ustaxonasi. Yumshoq uskunalar ishlab chiqarish sexi. Asosiy metrologik xizmat va kimyoviy analitik laboratoriya. Samolyot korpusi va samolyot kompozit qismlarini taʼmirlash ustaxonasi. Oʻqitilgan va sertifikatlangan xodimlar samolyot komponentlarini buzilmaydigan sinov (NDT) usullaridan foydalangan holda tekshirishni amalga oshiradi. Samolyotning tashqi va ichki qismini yuvish joyi.
2014-yil holatiga koʻra, aviakorxona tarixi davomida 80 mingdan ortiq samolyotlarni kapital taʼmirdan chiqargan.
2017-yilda Uzbekistan Airways Technics Tojikistonning Tajik Air aviakompaniyasiga tegishli Boeing 757-200 hamda 767-300 samolyotlarini taʼmirdan chiqardi. 767-300 ning dvigateli, gʻildiragi hamda avtopilot tizimidagi kamchiliklar bartaraf etildi.
COVID-19 pandemiyasi davrida 2020-yil UAT oʻzining bosh kompaniyasi – Oʻzbekiston havo yoʻllariga tegishli ikkita Boeing-767-300-ER yoʻlovchi samolyotini Boeing-767-300-PTC yuk samolyotiga aylantirdi. Qayta jihozlangan yuk samolyoti 180 kub metr yuk koʻtarish imkoniyatiga ega boʻldi .
2021-yil 29-oktyabrda UAT xodimlari Buxoro xalqaro aeroportida Rossiyaning Smartavia aviakompaniyasiga tegishli Airbus 320NEO samolyotining CFMI Leap-1A dvigatelidagi parrak qurilmasining 4-kurakchasini almashtirdi.
2022-yilda UAT Aviastar-TU (Rossiya), Aero Nomad Airlines (Qirgʻiziston), SCAT Airlines, Gryphon Air Cargo (Gruziya), ACM AIR (Turkiya), Silk Avia, Asia Sky Lines (Tojikiston) aviakompaniyalari uchun texnik xizmat koʻrsatish, toʻliq boʻyash, katta hajmli texnik xizmat koʻrsatish kabi ishlarni amalga oshirdi. Xususan, birinchi marta Boeing 737 MAX 8 samolyotini toʻliq boʻyadi. Boʻyash Akzo Nobel tomonidan ishlab chiqarilgan qoplamalar yordamida Intermediate Coat Paint System Base Coat/Clear Coat (baza + lak) yordamida amalga oshirildi.
2023-yilda kompaniya Germaniyaning Condor aviakompaniyasiga tegishli Boeing 757-300 samolyotini kapital taʼmirlash (D-check) tekshiruvi va boʻyash ishlarini amalga oshirdi. Taʼmirlangan va yangi liveryaga boʻyalgan samolyot Turkiyaning Mavi Gök aviakompaniyasiga topshirildi.
Manbalar
Havolalar
Rasmiy veb-sayti Fotosuratlar Technics Turkum:Toshkentdagi kompaniyalar