„Rock Me“ — musiqasi Rajko Dujmić tomonidan bastalangan, matni esa Stevo Cvikić tomonidan yozilgan hamda Xorvatiyaning Riva pop guruhi tomonidan ijro etilgan qoʻshiq. Mazkur tarona Lozanna shahrida boʻlib oʻtgan 1989-yilgi Eurovision qoʻshiq tanlovida Yugoslaviya sharafini himoya qilgan va mamlakatga ushbu tanlov tarixidagi yagona gʻalabani keltirgan.
Tarixi Yaratilish tarixi „Rock Me“ qoʻshigʻining musiqasi Rajko Dujmić tomonidan bastalangan boʻlib, xorvat tilidagi matnini Stevo Cvikić yozgan. Riva guruhi qoʻshiqning xorvat tilidagi talqinidan tashqari, ingliz tilidagi versiyasini ham yozib kuylagan, uning matnini ham Cvikićning oʻzi yozgan.
Eurovision 1989-yil 4-mart kuni Eurovision qoʻshiq tanlovining 34-mavsumiga vakil tanlash maqsadida Yugoslaviya teleradiokompaniyasi (JRT) tomonidan „Jugovizija“ milliy saralash bosqichining 28-soni oʻtkazildi. Unda Zagreb televiziyesi (TVZg) nomidan ishtirok etgan Riva guruhi „Rock Me“ qoʻshigʻini xorvat tilida ijro etdi. Qoʻshiq ushbu tanlovda gʻolib chiqdi va Eurovisionda Yugoslaviya nomidan qatnashish huquqini qoʻlga kiritdi, Riva guruhi esa mamlakat vakiliga aylandi.
1989-yil 6-may kuni Shveysariya teleradiokompaniyasi (SRG SSR) nomidan Télévision suisse romande (TSR) telekanali tomonidan tashkil etilgan Eurovision qoʻshiq tanlovi Lozannadagi „Palais de Beaulieu“ saroyida boʻlib oʻtdi va butun qitʼa boʻylab jonli efirda namoyish etildi. Kechada Riva guruhi „Rock Me“ qoʻshigʻining xorvat tilidagi talqinini yigirma ikkinchi boʻlib, yaʼni eng oxirgi navbatda ijro etdi. Guruh sahnaga Germaniya vakili Nino de Angelo oʻzining „Flieger“ taronasini kuylab boʻlganidan keyin chiqdi. Yugoslaviya vakillarining chiqishi paytida tadbirning jonli orkestriga Nikica Kalogjera dirijorlik qildi.
Ovoz berish yakunlariga koʻra, qoʻshiq 137 ball toʻplab, birinchi oʻrinni egalladi va tanlov gʻolibiga aylandi. Gʻalaba eʼlon qilinganidan keyin qoʻshiq qayta ijro etilganda, guruhning yetakchi vokalchisi Emilija Kokić taronani ingliz tilida kuyladi. Bu mamlakatning tanlov tarixidagi yagona gʻalabasi boʻlib qoldi. 1990-yilgi tanlovda Italiya vakili Toto Cutugno oʻzining „Insieme: 1992“ taronasi bilan gʻoliblikni qoʻlga kiritdi va gʻoliblik unvoni ushbu qoʻshiqqa oʻtdi. Kelgusi yili tanlovda Yugoslaviya nomidan Tajči „Hajde da ludujemo“ qoʻshigʻi bilan ishtirok etdi.
Natijalar va keyingi voqealar Qoʻshiqning gʻalabasi Yugoslaviya va Xorvatiya rok musiqasining xalqaro miqyosda tanilishiga sabab boʻldi. Riva guruhining solisti Kokić keyinchalik ham koʻplab teleloyihalarda qatnashdi, biroq 1989-yilgi gʻalabadan keyin boshqa bunday katta muvaffaqiyatga erisha olmadi.
Manbalar
Turkum:Eurovision qoʻshiq tanlovi Turkum:1989-yil singllari