Abulabbos Ahmad ibn Isʼhoq (; 947-yil 28-sentyabr — 1031-yil 29-noyabr) Abbosiylar xalifaligining 991-yildan 1031-yilgacha Bagʻdodda hukmronlik qilgan 25-xalifasi. Hukmdorlik nomi al-Qodir (, , ).
Asosiy vorislik tizimida boʻlmagan Abbosiy shahzodasi al-Qodir Shofiʼiy mazhabining islom fiqhi qoidalari va boshqa sohalar boʻyicha yaxshi taʼlim olgan. Amakivachchasi at-Toiyni Iroqning buvayhiy hukmdori Baho ud-Davla taxtdan agʻdarganidan keyin taxtga oʻtirgan. Hamon Buvayhiylar vasiyligi ostida, hatto Bagʻdodda ham cheklangan real hokimiyatga ega boʻlgan al-Qodir vaqt oʻtishi bilan buvayhiy amirlarning raqobatidan hamda xalifalikning qonuniylik va diniy yoʻl-yoʻriq manbai sifatidagi rolidan foydalanib, oʻz idorasining nufuzini asta-sekin oshira olgan. Al-Qodir buvayhiylar aralashuvisiz oʻz merosxoʻrlarini tayinlay olgan, Bagʻdod xavfsizligini buvayhiy amir Jalol ud-Davla nazorat qilishini ta’minlashda muhim rol oʻynagan. Shu bilan birga, u oʻz gʻalabalarini xalifalik tan olishi evaziga mablagʻ bilan taʼminlaydigan Mahmud Gʻaznaviy kabi qudratli shaxslarni izlagan. Al-Qodir diniy sohada oʻzini buvayhiylar va Qohiradagi Fotimiylar mansub boʻlgan shialikka qarshi sunniylik himoyachisi kabi koʻrsatgan. Xalifa 1011-yilgi Bagʻdod manifestida Fotimiylarni qoralagan va ratsionalist moʻtaziliylarga qarshi anʼanaviy hanbaliy mazhabi tarafini olib, birinchi marta sunniylik taʼlimotini „Qodiriy aqidasi“da kodekslashtirgani haqida bayonotlar bergan. Al-Qodirning diniy siyosati sunniy-shia boʻlinishini mustahkamlagan. Chunki turli xil taʼlimotlar tarafdorlari kofir deb qoralanib, oʻldirilishi qonuniylashtirilgan. Uning hukmronligi Abbosiylar xalifaligining mustaqil siyosiy aktyor sifatida qayta maydonga chiqishidan darak berib, asr oxirida „sunniylik uygʻonish davri“ deb nomlangan.
Biografiyasi Abul Abbos Ahmad, boʻlajak al-Qodir, 947-yil 28-sentyabrda Bagʻdodda tugʻilgan. Otasi Isʼhoq xalifa al-Muqtadirning () oʻgʻli, onasi Tammani yoki Dimna esa qul-kanizak boʻlgan.
Tugʻilishidan biroz oldin, 945-yil dekabr oyida Bagʻdod va Iroqning qolgan qismini buvayhiylar bosib olgan edi. Buvayhiylar shia boʻlishsa-da, qonuniylik nuqtai nazaridan Abbosiylar xalifaligini saqlab qolishgan. Buvayhiylar rasman Iroqni xalifa bosh qoʻmondoni (amir ul-umaro) vazifasida boshqarishsa-da, amalda abbosiy xalifalari hokimiyatini oʻz saroyi bilan cheklab, qoʻgʻirchoq hukmdorlarga aylantirishgan. Oʻsha davrdagi koʻplab abbosiy shahzodalar qatorida Ahmad ham Bagʻdoddagi Tohiriy saroyida yashagan.
Ahmad abbosiy shahzoda boʻlgani sababli yaxshi taʼlim olgan. 988-yil mart oyida otasi Isʼhoq vafot etgach, Ahmad oʻgay opasi Amina bilan meros masalasida janjallashib qoladi. Opasi xalifa at-Toiyga () ukasi uning oʻrniga xalifa boʻlishni rejalayotgani haqida xabar beradi. Ahmad qoʻlga tushmaslik uchun bir muddat yashirinib yurib, Basra yaqinidagi Batiha botqoqligi noibi Muhazzib ud-Davladan taxminan uch yil davomida boshpana olgan. Ahmad buvayhiylarga sodiqligini aytib, turkiy sarkarda Sabuktakin taxtga olib kelgan at-Toiyga qarshi fitna uyushtirgan.
Xalifaligi thumb|right|upright=1.25|alt=Map of the Middle East with countries and cities shown, and the Buyid domains highlighted in light blue|10-asr oxirida Iroq va Eronning katta qismlari hamda Yaqin Sharqning boshqa davlatlarini nazorat qilgan buvayhiylar sulolasining domenlari.
991-yilda Iroqning buvayhiy hukmdori Baho ud-Davla () at-Toiyni mustaqillikka intilish alomatlarini koʻrsatayotgani sabab taxtdan agʻdardi. Baho ud-Davla uning oʻrniga 991-yil 22-noyabrda (hijriy 381-yilning 12-ramazoni) al-Qodirni xalifalikka tayinladi. Taxtdan agʻdarilgan at-Toiy vafotiga qadar oʻn ikki yil davomida asirlikda boʻldi. Avvalgi kelishmovchiliklarga qaramay, al-Qodir at-Toiy bilan yaxshi muomala qildi. Jumladan, at-Toiy avvalgi taxtdan tushirilgan xalifalar kabi koʻr qilinmagan va unga hukmronlik qilayotgan xalifaning munosabati tufayli yaxshi muomala qilingan.
Ilk yillar Yangi xalifaning taxtga chiqishida ham bir qancha muammolar sodir boʻlgan edi. Batihadan ketayotib, uni turkiy askarlar ushlab, xayr-ehson va’dalarini olishgan. Xalifa nomidagi birinchi tantanali juma xutbasi () ham turkiy va daylamiy qo‘shinlari pul talab qilishi tufayli ortga surilgan. 45 yoshida taxtga oʻtirgan al-Qodir eng keksa xalifa boʻlib, muloyim shaxs boʻlishi kutilgan edi. Avvaliga al-Qodir haqiqatan ham Baho ud-Davlaning amaldorlar boʻyicha nomzodlarini maʼqullab, uning siyosatini qoʻllab-quvvatlagandek tuyuldi. Baho ud-Davlaga yangi unvonlar berildi. Al-Qodir hatto buvayhiyning qiziga uylanishga rozi boʻlgan, ammo qiz toʻy boʻlishidan oldin vafot etgan. Sharqiy islom dunyosi sulolalari xalifani buvayhiy qoʻgʻirchogʻi deb koʻrgani sababli tan olishni kechiktirib, faqat 1000-yildagina Somoniylar va Gʻaznaviylar al-Qodir xalifaligini tan olishdi. Hatto 997-yilda vafotigacha markaziy va shimoliy Eronning katta qismini boshqargan buvayhiy amir Faxr ud-Davla ham al-Qodirni tan olishdan bosh tortib, at-Toiy nomidan tanga zarb qilishni davom ettirgan. Al-Qodir xalifaligining birinchi oʻn yilligida amalga oshirilgan yagona mustaqil harakat Bagʻdodning Harbiyya kvartalida amakisi al-Mutiy () qurishni boshlagan jome masjidining 993/4-yilda qurib bitkazilishi va 1001-yilda oʻsha paytda sakkiz-toʻqqiz yoshda boʻlgan oʻgʻli Muhammadni al-Gʻolib Billoh unvoni bilan merosxoʻr deb xalqqa e'lon qilinishi boʻldi.
Bu vaqtda Al-Qodir ikki marta bosqinchilik urinishiga duch keldi. Taxtdan agʻdarilgan at-Toiyning yaqin qarindoshi Abdulloh ibn Jaʼfar taxminan 998-yilda oʻzini Gilonga qochib ketgan xalifa deb koʻrsatib, hatto sir fosh boʻlgunga qadar bir muddat mahalliy hukmdorning qoʻllab-quvvatlashiga sazovor boʻlgan. Taxminan bir vaqtning o‘zida Movarounnahrda IX asr xalifasi al-Vosiqning avlodi, yana bir uzoq qarindosh Abdulloh ibn Usmon o‘zini al-Qodirning vorisi ko‘rsatib, mahalliy qoraxoniylar hukmdorining qo‘llab-quvvatlashiga sazovor bo‘ldi. Al-Qodir bu voqeani bahona qilib, buvayhiy hokim roziligini olmay, oʻgʻlini merosxoʻr deb eʼlon qildi. Tez orada Qoraxoniylar Abbosiy xalifa hukmronligini birinchi marta tan olib, daʼvogarni qoʻllab-quvvatlashdan voz kechdilar. Soʻngra daʼvogar Bagʻdodga kelib, shaharda yashirincha yordam yigʻgach, Basra, Kufa va Kirmon orqali yana sharqqa yurgan. Nihoyat al-Qodirning buyrug‘i bilan g‘aznaviylar tomonidan hibsga olinib, asirlikda vafot etgan.
Buvayhiylar bilan munosabatlar Sharqdagi buvayhiy amirliklarini oʻz hukmronligi ostida boʻysundirishni maqsad qilgan Baho ud-Davla al-Qodirni harbiy tayyorgarlikni moliyalashtirishga majbur qilishi xalifalik gʻaznasini asta-sekin boʻshatib borgan. Shunga qaramay, Baho ud-Davlaning muvaffaqiyatlari ham ijobiy natijalarga olib keldi. 998-yilda Gʻarbiy Eronni bosib olgandan soʻng, buvayhiy amiri oʻz qarorgohini Sherozga koʻchirdi. Bu harakat Bagʻdod va Iroqni oddiy viloyatga aylantirsa-da, al-Qodirga mustaqil faoliyat uchun koʻproq imkon qoldirgan. Xalifa bu imkoniyatdan oʻz hokimiyatini mustahkamlash uchun foydalangan. Baho ud-Davla ilgari xalifalik hukumatining aʼzosi sifatida ham oʻz nomzodlarini tayinlagan boʻlsa, endilikda al-Qodir oʻz kabinetini tashkil etib, oʻz amaldorlarini, asosan at-Toiy qoʻl ostida xizmat qilgan amaldorlar orasidan saylay oldi. Al-Qodir (qayta) tashkil etgan boʻlishi mumkinligi taxmin qilingan alohida pochta va axborot xizmatiga ham ega boʻgan. Boshqa tomondan olganda, vazir tayinlanishi uchun keyingi hukmronlikni kutishga toʻgʻri kelgan. Al-Qodirning bosh vazirlari esa „kotib“ unvoni bilan kifoyalanishlari kerak edi. Al-Qodir xalifaligining aksariyat qismida bu lavozimni 992-yildan 1030-yilda vafotigacha xizmat qilgan, 998-yilda esa qisqa uzilish bilan davom ettirgan al-Hojib an-Nuʼmon egallab turgan.
Baho ud-Davla 1012-yilda vafot etgach, oʻrniga oʻgʻli Sulton ud-Davla () oʻtirdi. Vorislik Iroqda buvayhiylar taʼsirining pasayishini yoki sunniy-shia ziddiyatlarining kuchayishini toʻxtata olmadi. Baho ud-Davla tarafdorlari boʻlgan buvayhiy amirlari ham ustun mavqe uchun oʻzaro cheksiz raqobatga kirishgan. Bu jarayonda Bagʻdod, unvonlar va qonuniylik masalalarini taqsimlay oladigan xalifani nazorat qilish asosiy ahamiyatga ega edi. Bu oʻz navbatida al-Qodirga koʻproq harakat erkinligini berib, xalifa bilan yaxshi munosabatda boʻlishga jiddiy ahamiyat berayotgan Baho ud-Davlaning vorislari bilan ancha yaxshi va oʻzaro teng pozitsiyani egallashi uchun sharoit yaratgan. Sulton ud-Davla Iroqda amir ul-umaro tayinlash uchun oʻtkazilgan marosimiga kelmagach, tayinlov sirtdan amalga oshirildi. Avvalgi holatlardan farqli oʻlaroq, xalifa saroyiga yuborilgan sovgʻalar kamtarona boʻlib, al-Qodirning qashshoqligi shu darajaga yetganki, saroy Bagʻdod hokimi taqdim etgan gilam va pardalar bilan bezatilgan edi.
1021-yilda Sulton ad-Davla Iroq ustidan hukmronlikni ukasi Musharrif ud-Davlaga () topshirdi. Yangi hukmdor 1023-yil mart oyida Bagʻdodga kelib, al-Qodir oldiga kelishini buyurdi. Al-Qodir bunga rozi boʻldi. Biroq, Musharrif ud-Davla xalifadan ruxsat soʻramay turkiy zobitlar bayʼatini yangilashga kirishgach, al-Qodir eʼtiroz bildirib, buning evaziga Musharrif ud-Davladan sodiqlik qasamini oldi. Musharrif ud-Davla 1025-yilda vafot etgach, uning ukasi Jalol ud-Davla () va jiyani Abu Kalijar meros uchun kurashga kirgan. Dastlab Abu Kalijarni harbiylar amir ul-umaro deb eʼlon qilingach, uni xalifa ham tan olgan, ammo qoʻshinlar oxir-oqibat Jalol ud-Davla tomonga oʻtgach, Abu Kalijar taxtdan agʻdarilgan. Xalifa bu voqealarda markaziy rol oʻynab, turkiy askarlar bilan Jalol ud-Davla foydasiga vositachilik qilgan. Shuning uchun tarixchi Heribert Bussening fikricha, „Jalol ud-Davla hukmronligining oʻrnatilishi al-Qodirning yutugʻi edi“. Jalol ud-Davla 1026-yilda Bag‘dodga kelgach, xalifaning vakolatlarini cheklay boshladi. Biroq armiyaning yana qarshi chiqqani sababli uning hukmronligi qisqa boʻlgan. Al-Qodir unga poytaxtni tark etishi kerakligini bildirish uchun delegatsiya yuborgan va ortga qaytishni bir necha yilga taqiqlagan.
upright=1.25|thumb|1000-yilda xalifa al-Qodirdan hashamatli bezatilgan faxriy libos olgan Mahmud Gʻaznaviy. Miniatyura Rashididdinning Jome at-tavorix asaridan.
Al-Qodirning buvayhiylar qarshi oʻz hokimiyatini tiklashga urinishlariga Bagʻdodning sunniy aholisining keng qoʻllab-quvvatlashi, buvayhiylar hokimiyatining pasayishi va Mahmud Gʻazniyning () hukmronlika kelishi yordam berdi. Mahmud Gʻaznaviy sharqda nafaqat buvayhiylarning siyosiy raqibi, balki sunniylik himoyachisi ham edi. Al-Qodirning Mahmud Gʻaznaviy hukmronligini tan olishi buvayhiylardan mustaqil tarzda sodir bo‘lgan bo‘lsa, Mahmudning xalifa hukmronligini tan olishi esa xalifaning mavqei yuksalishiga turtki bo‘ldi. Gʻaznaviylar hukmdori al-Qodirni oʻz yurishlari haqida muntazam xabardor qilib, xalifalikdan bosib olgan mamlakatlar ustidan uning hukmronligini tasdiqlashni talab qildi. Al-Qodir Mahmudning gʻalabalari haqidagi xabarlarni masjidlarda omma oldida oʻqigan. Tarixchi Toyib al-Hibriy bu ishorani buvayhiylarga qarshi pardalangan gʻubor deb taʼriflagan. Xalifa, oʻz navbatida Mahmudni oliy unvonlar, Valiy Amir al-moʻminiyn („Moʻminlar amirining doʻsti“), yamīn ud-davla va amīn al-milla („davlatning oʻng qoʻli va jamoatning ishonchli vakili“) bilan taqdirlagan. Tarixchi Maykl Brett taʼkidlaganidek, bu tartib ikkala hukmdorning ham manfaatlariga mos boʻlgan. Jumladan, al-Qodir uchun qudratli shahzodani o‘z vakili sifatida ko‘rsatish haqiqiy hokimiyat o‘rnini bosuvchi vosita boʻlsa, Mahmud uchun xalifalikning tan olinishi uning mavqei va turli „kofirlar“ga, birinchi navbatda, janubda Hindistonga, gʻarbda esa buvayhiylarga qarshi bosqinchilik rejalarini qonuniylashtirgan. Mahmudning dabdabali sovgʻalari xalifaning buvayhiylar talabi natijasida yuzaga kelgan qashshoqligini biroz yumshatishga yordam bersa-da, al-Qodir vafot etganda xazina boʻshab qolgan edi.
Sunniylikni himoya qilishi