Birgit Brüel (1927-yil 6-oktyabr — 1996-yil 23-fevral) — daniyalik xonanda va aktrisa. U asosan 1965-yilda oʻtkazilgan „Eurovision-1965“ tanlovidagi ishtiroki bilan tanilgan.
Brüelning professional faoliyati 1950-yilda Max Brüel Quartet guruhiga jazz xonandasi sifatida qoʻshilishi bilan boshlangan. Shu bilan birga, u Daniya Qirollik drama maktabida tahsil olgan. 1951-yilda Brüelga turmushga chiqqan va keyingi yili egizak qizlarni dunyoga keltirgan. Uning bundan avvalgi nikohidan ham bir qizi boʻlgan, birinchi turmushi esa 1949-yilda ajrim bilan yakunlangan.
1950-yillar davomida u teatr va kino aktrisasi sifatida mashhurlikka erishgan. 1961–1966-yillarda esa Daniya radiosining jazz guruhi tarkibida faoliyat yuritgan.
1965-yilda Brüel Daniyaning Eurovision" milliy saralashi — „Dansk Melodi Grand Prix“ tanlovida „For din skyld“ qoʻshigʻi bilan gʻolib chiqqan. Shundan soʻng u Italiyaning Neapol shahrida 20-mart kuni oʻninchi bor oʻtkazilgan „Eurovision-1965“ tanlovida Daniya sharafini himoya qilgan. „For din skyld“ 18 ishtirokchi orasida 7-oʻrinni egallagan. Qizigʻi shundaki, qoʻshiq faqat ikki davlat — Shvetsiya va Lyuksemburg tomonidan ovoz bilan taqdirlangan, biroq har ikkisi ham maksimal 5 balldan bergani sababli yuqori natijaga erishgan„For din skyld“ at diggiloo.net.
Brüel qoʻshiqchilik va aktyorlik faoliyatini birgalikda olib borgan hamda 1990-yillar boshigacha koʻplab televideniye va kino loyihalarida ishtirok etganFilmography at imdb.com. 1970-yillardan boshlab u „Amazonegruppen“ nomli feministik teatr va musiqiy guruh faoliyatida qatnashgan. Uning soʻnggi musiqiy yozuvi 1985-yilda eʼlon qilingan „Den hemmelige rude“ albomi boʻlib, unda Tove Ditlevsen sheʼrlari musiqaga moslashtirilgan.
Brüel 1996-yil 23-fevralda 68 yoshida vafot etgan. Uning oʻlim sababi oshkor qilinmaganBiography at Dansk Kvindebiografisk Leksikon (Danish).
Manbalar
Havolalar
Turkum:Eurovision ishtirokchilari Turkum:Kopengagenda tugʻilganlar Turkum:Gentofteda vafot etganlar